يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ كُلُواْ مِمَّا فِي ٱلۡأَرۡضِ حَلَٰلٗا طَيِّبٗا وَلَا تَتَّبِعُواْ خُطُوَٰتِ ٱلشَّيۡطَٰنِۚ إِنَّهُۥ لَكُمۡ عَدُوّٞ مُّبِينٌ١٦٨
168. Ey insonlar, Yerdagi halol-pok narsalardan englar va shaytonga ergashmanglar, chunki u sizlarning aniq dushmaningizdir.
Insonlar Yer yuzidagi halol-pok narsalarnigina eyishga chorlanmoqda. Chunki harom narsalar Alloh taoloning chegaralaridir. Alloh chegaralarini buzib, nopok narsalarni eydigan, harom ishlarga qo'l uradigan, halol va haromni ajratmaydigan kimsalarni ogohlantirgan yana bunday oyat ham bor: "Kim Allohga hamda Uning Payg'ambariga isyon va chegaralariga tajovuz qilsa, U abadiy qolinadigan do'zaxiga kiritadi va unda xorlovchi azoblar bordir" (Niso, 14). Kim shaytonga ergashsa, Allohning ana shu chegaralarini buzib, harom narsalardan tap tortmaydigan, gunohlarni oson sanaydigan bo'lib qoladi. Chunki shayton insonlarga ochiq-oydin, aniq dushmandir.
Alloh taolo ruxsat etgan narsalar shariatda "halol" deyiladi. Mo'min-musulmonlarga halol rizq topish, halol kasb bilan ro'zg'or tebratish, halol taom-ichimliklarni iste'mol qilish buyurilgan. Shariatimizda ijozat etilgan hamma narsa, eyiladigan taomlar yoki qilinadigan ishlar halol sanaladi. Alloh taolo halol qilgan narsalar inson uchun moddiy va ma'naviy foydalardan xoli emas. Alloh taolo man qilgan narsalar va ishlar shariatda harom hisoblanadi. Harom ishga o'tish yoki harom taom eyish og'ir gunoh sanaladi. (Ba'zan zarurat tufayli harom halolga aylanishi ham mumkin, masalan, ochdan o'layotgan odam zarur miqdorda harom iste'mol qilishi, dushmanga nisbatan yolg'on ishlatish mumkinligi kabilar.) Harom ish va narsalar sanoqlidir. Quyida ulardan ayrimlarini keltiramiz: to'ng'iz, vahshiy hayvonlar, o'zi o'lib qolgan halol hayvonlarning go'shtlari, so'yganda chiqqan qon, "Bismillah..."siz so'yilgan halol hayvonlarning go'shti, dinsiz (majusiy)lar so'ygan hayvon go'shti, mast qiluvchi ichimlik va giyohlarning barcha turlari, erkaklarga ipak va tilla ishlatish, ayollarga erkakcha kiyinish, tilla-kumush idishda ovqat eyish, zinokorlik, sudxo'rlik, o'g'rilik, qaroqchilik, g'iybat, tuhmat, bo'hton, yolg'onchilik kabi narsalar musulmonlarga harom qilingan.
إِنَّمَا يَأۡمُرُكُم بِٱلسُّوٓءِ وَٱلۡفَحۡشَآءِ وَأَن تَقُولُواْ عَلَى ٱللَّهِ مَا لَا تَعۡلَمُونَ١٦٩
169. U sizlarni faqat yomonlik va buzuqlikka, Alloh xususida bilmagan narsalaringizni gapirishga buyuradi.
Shayton va nafs inson zurriyotining eng katta dushmanlaridir. Ayniqsa shayton (shu jumladan odamlarning shaytonlari ham) insonlarni gunoh ishlar qilishga, haq yo'ldan chekinishga, Alloh va Uning Payg'ambariga itoatsizlik ko'rsatishga, turli buzuqlik va shahvoniy ishlarga hamisha chorlab, qiziqtirib turadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Shayton inson bilan uning nafsi orasiga kirib olib vasavasa qiladi", deganlar (Ibn Moja rivoyati). Masalan, shayton namozni kutib o'tirgan odamni hali namoz vaqti kirmasidan o'qib olishga vasvasa qilsa, namoz vaqti o'tib ketayotganida yanada kechiktirishga undaydi. Namoz boshlagan mo'minning esa xayolini chalg'itishga, xushu'ni ketkazishga, hatto necha rakat o'qiganini unuttirishga urinadi. Saxiyni sadaqa berayotganida, obidni Allohni zikr qilayotganida, ilm tolibini ilm olayotganida turli yo'llar bilan chalg'itadi. Shaytonning odamlarni haq yo'ldan ozdirishga harakati ayniqsa qattiq bo'ladi. Alloh xususida bilmagan narsalarini gapirishga buyuradi. Natijada gumroh kishilar "Hamma narsani Alloh yaratgan bo'lsa, Uning O'zini kim yaratgan?", "Farishtalar Allohning qizlarimikin", "Allohning farzandi bormikin", "Alloh qayerda: osmondami yo erdami", "Allohning ko'rinishi qanday" kabi bema'ni savollar to'g'risida bosh qotirishga undaydi. Bunday holatlarda shaytonning ta'zirini berish, vasvasasidan qutulish uchun avvalo, uning yomonligidan Allohdan panoh tilash lozim, chunki Alloh nomi zikr qilinganida shayton tiraqaylab qochadi. Ikkinchidan, miyaga shaytoniy fikrlar kelganida darhol uni to'xtatib, zikr, tasbeh yoki boshqa rabboniy lafzlarni aytish kerak. Chunki inson aqli chegaralangan, nafsi esa juda ojiz. Ojizligini bilgan inson ilohiy madad orqali shaytonga bas kela oladi. Rasululloh solallohu alayhi vasallam: "Haqiqiy mo'min shaytonni xuddi sizlar safarda tuyalaringizni qiynab yuborganingiz kabi qiynaydi", deganlar (Ahmad rivoyati).
"16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni" munosabati bilan joriy yilning 14 noyabr kuni bir guruh diniy soha xodimlari "Diniy bag‘rikenglik" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.
Tadbirda turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari va diniy konfessiya vakillari, milliy madaniy markazlar faollari, yurtimizda millatlararo do‘stlik va diniy bag‘rikenglik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan hamyurtlarimiz hamda OAV vakillari qatnashdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev yuksak mukofotga sazovor bo‘lganlarni samimiy muborakbod etib, bugun yurtimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan hamyurtlarimizga katta muvaffaqiyatlar tiladi va yuksak mukofotlarni o‘z egalariga topshirdi.
Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va tizimda samarali faoliyat yuritayotgan xodimlardan Islomiddin Zuhriddinov, Salohiddin Sherxonov, Muzaffar Kamolov, Ibrohimjon Inomov, Dilfuza Egamova, Ergashali Rustamov, Jahongir Ne’matov, Ergashvoy Hamidov, Sanobar Muhammadxodjayeva, Shoira Umarova, mehnat faxriylari Jaloliddin Nuriddinov, Mahmudjon Ibodullayev, xattot Habibulloh Solih ana shunday e’tibor va ehtiromga sazovor bo‘lishdi.
Tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan yurtimizda davlatimiz rahbari tomonidan diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar natijasida fuqarolarning vijdon erkinligi, din va millatlararo totuvlik ta’minlanayotgani, mazkur ko‘krak nishonining ta’sis etilgani diniy sohaga bo‘lgan yuksak e’tiborning yaqqol namunasi ekani ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 25-sentabrdagi "Diniy bag‘rikenglik" ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, ushbu ko‘krak-nishoni bilan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni targ‘ib etish, fuqarolar e’tiqod erkinligini ta’minlash, dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash va ma’naviy muhit barqarorligini saqlashdagi ibratli ishlari uchun yetuk ulamolar, atoqli arboblar, diniy soha rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda xorijiy olimlar taqdirlanishi belgilangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati