— Musulmon va muslimalar, mo'min va mo'minalar, deb aytamiz. Ularning qanday farqlari bor? Kimni mo'min deymiz, kimni muslim deymiz? Savolim noo'rin bo'lsa, uzr so'rayman.
— Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan din Islom dini nomi bilan mashhurdir. Bu nomni Payg'ambarning o'zlari tanlagan emas, balki uni Alloh taolo ixtiyor qilgan. Qur'oni karimda Alloh taolo:
﴿وَرَضِيتُ لَكُمُ الإِسْلاَمَ دِيناً﴾
“Va sizga Islomni din deb rozi bo'ldim”, deydi (“Moida” surasi, 3-oyat). Islom so'zining lug'aviy ma'nosi “ixlos”, “ofatlardan salomat bo'lish”, “sulh va omonlik”, “itoat va bo'ysunish” kabi ma'nolarni anglatadi.
Shundan musulmon va muslima Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan din Islom diniga mansub, ixlosli, turli ofatlardan salomat bo'lgan, sulhli, omonatli, itoatli va Allohga bo'ysungan shaxs degani bo'ladi.
Iymon so'zi lug'atda omon bo'lish va tasdiqlash ma'nolarini bildiradi. Ulamolar istilohida Iymon Alloh taolodan kelgan narsani tasdiqlab, unga iqror bo'lishdir. Shundan mo'min va mo'mina Alloh taolodan kelgan aqidaga oid narsalarni tasdiqlab va ularga iqror bo'lib, turli yomonliklardan omonda bo'lgan shaxsdir.
Islom va Iymon tushunchalari umumiy tarzda bir-biriga qovushib ketgan, biri ikkinchisini ifoda etaveradigan tushunchalardir. Ammo ikkisini alohida olib qaraydigan bo'lsak, Iymon ishonish-e'tiqod nazariy masalalarga, Islom esa bo'ysunish-amaliy masalalarga xosdir.
Islom asoslari shahodat, namoz, zakot, ro'za va hajdan iborat. Iymonning asoslari Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg'ambarlariga, oxirat kuniga, yaxshi-yu yomon qadar Allohdan ekanligiga ishonish, tasdiqlashdan iboratdir.
Ulug' aqoid ilmi olimi Umar Nasafiy o'zining kitobida: “Iymon va Islom birdir. Qachonki, bandada tasdiq va iqror mavjud bo'lsa, men haqiqatda mo'minman, demog'i to'g'ri bo'ladi”, degan.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar berishicha, may oyining 13-sanasida bir kunda 3 mlrd so‘mlik energoresurslarini talon-toroj qilish holatlari aniqlangan. Afsuski, bugun bunday gaz va elektr energiyaga yashirincha ulanib, davlatga milliardlab zarar yetkazgan kimsalar haqidagi xabarlarni tez-tez o‘qib qolamiz.
Birovning, ayniqsa, xalq haqidan qo‘rqmay o‘g‘rilik orqali manfaat topmoqchi bo‘layotgan insonlar oramizda ko‘plab topiladi. Bundaylarning nazdida gaz, suv, elektr energiya tuganmas boylik. Undan har kim o‘z manfaati yo‘lida foydalanishi mumkin. Biroq bu ne’matlar xonadonlarga kirib borishi uchun minglab insonlar mehnat qilishini, davlat esa milliardlab mablag‘ sarflashini, ular ham bir kun tugab qolishini xayoliga ham keltirmaydi.
Aslida ushbu ne’matlardan oqilona foydalanish, isrof qilmaslik nafaqat fuqarolik majburiyatimiz, balki insoniy vazifamiz, mo‘minlik burchimizdir.
Aytish joizki, uyda, ishda, ko‘chada kommunal to‘lovlar atrofida aylanayotgan qator muammolar haqida ko‘p eshitamiz, ba’zan o‘zimiz uning guvohi yoki bevosita ishtirokchisiga aylanamiz. Lekin bu muammolar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik yoki ayrim nobop kimsalarning qilmishi oqibatida yuzaga chiqayotgani yodimizga ham kelmaydi. To‘lovlarni imkon bo‘la turib asossiz bahonalar yoki o‘z vaqtida to‘lamaslik yoki hisoblagich jihozlarini teskariga aylantirish yoxud har xil hiylalar ishlatib, ularni to‘lashdan qochish davlatning va xalqning haqini yeyish hisoblanadi. Chunki tabiiy boyliklar davlat va xalq mulkidir.
Qolaversa, kommunal xizmatlardan foydalanish uchun har bir xonadon ta’minotchilar bilan shartnoma tuzib, qo‘l qo‘ygan va o‘zaro kelishuvda to‘lovni o‘z vaqtida ado etishga kelishgan. Shu bois to‘lovlarni vaqtida ado etishimiz shar’an ham joiz.
Ta’kidlash lozimki, xalqning mulkida barcha fuqarolar, xususan, kam ta’minlanganlar, nogironlar, yetim-yesirlar, keksalarning haqi bor. Ulardan foydalanishga kelganda faol bo‘lib, to‘lovga kelganda qochayotgan, paysalga solayotganlar yuqorida zikr etilgan qatlamlarning ham haqini o‘zlashtirib, nohaq yeyayotganini bilib olsinlar. Zero, Qur’oni karimda: “Ey iymon keltirganlar, bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemanglar” (Niso surasi 29-oyat), deya ogohlantirilgan. Shunday bo‘lgach, har bir fuqaro o‘zgalarning moliga, ayniqsa, jamoat mulkiga xiyonat etmasligi darkor! Bunga e’tiborsizlik oxiratda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Havla binti Amr roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Ba’zi bir odamlar Allohning mulki (jamoat pullari)ga xiyonat qiladi. Qiyomat kuni ular jahannamga ravona bo‘lishadi” (Imom Buxoriy rivoyati). Shunday ekan, bu masalaga jiddiy yondashishimizga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, gaz, elektr energiya va suv kabi ne’matlardan oqilona foydalanish ham dinimiz talabidir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Iqtisod qilgan kimsa kambag‘al bo‘lmas, maslahat qilgan pushaymon bo‘lmas” (“Mushkotul nasobih”), deb tavsiya berganlar.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Solih hidoyat, go‘zal ko‘rinish va iqtisodli bo‘lish nabiylikning yetmishdan bir juzidir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, doim ahli solihlardan bo‘lib, tejamkor bo‘lish, isrofga yo‘l qo‘ymaslik, har bir narsani o‘z o‘rnida, me’yorida tasarruf qilish, keragidan ortiq, behudaga sarflamaslik nabiylikning yetmish juzidan bir juz, yetmish bo‘lagidan bir bo‘lak ekan. Buni har bir mo‘min-musulmon yaxshi anglab, hayotiga tatbiq qilishi lozim.
Xulosa qilib aytganda, halollik inson hayotini xotirjam, osoyishta va farovon qiladi. Shunday ekan, kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab, xalq haqiga xiyonat qilmaylik, azizlar!
G‘ayrat BOZOROV,
Dehqonobod tumani “Oqrabot ota”
jome masjidi imom-xatibi