Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Noyabr, 2026   |   17 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:01
Quyosh
07:20
Peshin
12:16
Asr
15:15
Shom
16:59
Xufton
18:16
Bismillah
27 Noyabr, 2026, 17 Jumadul soni, 1448

24.10.2023   8465   1 min.
Boshqa maqolalar
Maqolalar

TO‘RT MAZHAB QANDAY VUJUDGA KЕLGAN?

27.11.2026   2290   4 min.
TO‘RT MAZHAB QANDAY VUJUDGA KЕLGAN?

Islom tarixida fiqh ilmi rivojlanib borishi jarayonida turli ilmiy maktablar shakllandi. Bu maktablar Qur’on va Sunnatni anglash, shar’iy dalillarni tahlil qilish hamda yangi yuzaga kelgan masalalarga hukm chiqarish borasidagi ulamolarning ilmiy yondashuvlari asosida vujudga kelgan edi.

Ulug‘ mujtahid imomlar asos solgan ilmiy an’analarni ularning shogirdlari davom ettirdilar. Shogirdlar ustozlarining qarashlarini shunchaki takrorlash bilan cheklanmay, ba’zi masalalarda mustaqil ijtihod qildilar, ayrim hukmlarda esa ustozlarining fikrlariga boshqacha yondashdilar. Shu tariqa, har bir ilmiy maktabning usullari, fiqhiy qarashlari va fatvolari tizimlashib, keyingi avlodlarga yetkazildi.

Islom tarixining turli davrlarida bir qancha fiqhiy maktablar mavjud bo‘lgan. Biroq vaqt o‘tishi bilan ularning barchasi ham bir xil darajada rivojlanib, keng tarqalish va ilmiy vorisiylikni saqlab qolish imkoniga ega bo‘lmadi. Ahli sunna val-jamoa doirasida esa Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofe’iy va Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahumulloh asos solgan to‘rt fiqhiy mazhab o‘z ilmiy tizimi, shogirdlari va boy adabiy merosi orqali asrlar davomida saqlanib, bugungi kungacha yetib keldi. Boshqa tarixiy fiqhiy maktablarning ayrim qarashlari va fatvolari ham klassik manbalarda saqlanib qolgan.

Demak, fiqhiy mazhablarning shakllanishi ummatni bir-biridan ajratish yoki alohida dinlar paydo qilish jarayoni emas edi. Aksincha, ular Qur’on va Sunnat asosidagi shar’iy hukmlarni anglash va hayotga tatbiq etish uchun shakllangan ilmiy maktablardir. Mazhablar musulmonlarga diniy masalalarda izchil ilmiy an’anaga tayanish, fiqhiy merosdan foydalanish va amaliy hayotda tartibli yo‘l tutish imkonini berdi.

Islom tarixida keng tarqalib, bugungacha yetib kelgan ahli sunna val-jamoaning to‘rt fiqhiy mazhabi quyidagilardir:

1. Hanafiy mazhabi, asoschisi Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit. Kufa shahri. (80-150 hijriy y./ 699-767 melodiy y.)

2. Molikiy mazhabi, asoschisi Molik ibn Anas. Madina shahri. (93-179 h.y/ 711-795 m.y.)

3. Shofe’iy mazhabi, asoschisi Muhammad ibn Idris Shofe’iy. G‘azo shahri. (150-204 h.y/ 767-820 m.y)

4. Hanbaliy mazhabi, asoschisi Ahmad ibn Hanbal. Bag‘dod shahri. (164-241 h.y/ 780-855 m.y)

Bu mazhablarning saqlanib qolishiga asosiy sabab mazhab imomining shogirdlari ko‘pligi, mazhab masalalari kitob shakliga keltirilganligi, boshqa talabalarga mazhabning fatvolari dars qilib berilganidir.

Imom ibn Ahmad ash-Sha’roniy (vaf. 973/1565) o‘zlarining “Al-Miyzan ash-sha’roniya” asarida mazhablar haqida quyidagi fikrlarni zikr qilgan: “Mazkur to‘rt mazhabning saqlanib qolishining asosiy omili bu mazhablarning ta’limotlari boshqa mazhablardan kuchliroq bo‘lgani uchun emas, balki to‘rt mazhab boshqa o‘n to‘rt mazhab ta’limotini ham qamrab olganidir”.

Hanafiy mazhabi fatvo berishda Qur’oni karim, sunnat va sahobalarning so‘zlaridan keyin asosan ijtihod (qiyos)ga suyanganlari uchun tarixda ularni ba’zilar “Ahli ra’y” deb ataganlar. Lekin aslida fiqhiy mazhablarning hammasini “Ahli ra’y”, deganlar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. Hanafiy mazhabining boshlanishi Kufa shahrida bo‘lgan keyin Iroq, Shom, Xuroson, Yaman va Misrga tarqalgan. Qirqqa yaqin olimlar bu mazhabning tarqalishiga kitob yozib xizmat qilganlar. Ulardan eng mashhurlari Imom Abu Yusuf, Imom Muhammad, Imom Zufar va boshqalar edilar.

Horun ar-Rashid xalifalikni qo‘lga olgach Imom Abu Yusufni bosh qozi mansabiga ko‘taradi va qozilarni tayinlashni unga topshiradi. Imom Abu Yusuf qozilarni hanafiy mazhabidan tayinlar edilar. Keyinchalik Usmoniylar xalifaligi davrida ham qozilar faqat Hanafiy mazhabidan tayinlangan. Bu holat Hanafiy mazhabining obro‘-e’tiborini nihoyatda oshirgan. Hozirgi kunda ham Hanafiy mazhabi sharqda: Xuroson, Pokiston, Hindiston, Bangladesh, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston, Turkiyada ustun mazhab hisoblanadi. Iroq, Shom va Misr diyorlarida ham Hanafiy mazhabi tarqalgan.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA