Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Aprel, 2026   |   5 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:06
Quyosh
05:32
Peshin
12:26
Asr
17:11
Shom
19:15
Xufton
20:35
Bismillah
23 Aprel, 2026, 5 Zulqa`da, 1447

Damashqdagi o'zbeklar

20.10.2020   2579   4 min.
Damashqdagi o'zbeklar

Bugungi kunda Damashq shahrining tarixiy markazlarida o'zbek etnosi bilan bog'liq bo'lgan kichik mahallalar, ko'chalar, tarixiy masjidlar va madrasalar saqlanib qolgan. Ma'lumotlarga ko'ra, 2010 yillarda Suriyaning Damashq va Halab (Aleppo) shaharlarida taxminan bir necha ming o'zbeklar (buxoriylar) yashagan. Tarixiy manbalarda o'rta osiyoliklar, jumladan o'zbeklar Damashq shahriga turkiy mamluklar bilan birga kirib kelgani haqida ma'lumotlar bor. Misr tarixida bo'lgani singari Suriya tarixida ham Tuluniya va Ishxidiy amirliklari katta siyosiy va harbiy ta'sirga ega bo'lishgan. Mamluklar davrida o'rta osiyolik yirik mulkdorlar, qo'shin qo'mondonlari va siyosiy arboblar Damashqda masjidlar, madrasa va xonaqohlar qurgan.

Yuqoridagi suratda: Damashqdagi o'zbek mahallasi, HH asrning 20-yillari.

XVIII-XIX asrlarda o'rta osiyoliklar haj ziyorati uchun Suriya hududlariga Eron orqali o'tuvchi karvon yo'llari bilan kirib kelgan. Ma'lumotlarga ko'ra, bu davrda Damashq O'rta Osiyodan Eron orqali o'tuvchi haj yo'lining so'nggi bekati bo'lgan. Ko'plab ziyoratchilar, haj safaridan qaytishda shu erda yashab qolib ketishgan. Ularning maxsus xonaqohlari (takyalari) bo'lgan. Jumladan, Usmoniy poshsholar davri hali tugamagan bir davrda, Murodiya takyasi tashkil qilingan bo'lib, bu takyani asli o'rta osiyolik naqshbandiya tariqatining yorqin vakillaridan biri bo'lgan Murod Muhammad al Buxoriy nomi bilan bog'lashadi, bu erda naqshbandiy tariqatining sufiylari yig'ilishgan, hojilar uchun vaqtinchalik boshpana vazifasini bajargan. Bu takya Damashqning al-Vard mahallasida joylashgan. Mazkur takya tarkibida Murodiya jome'si ham bo'lib, u Damashqdagi katta jome'lardan biri hisoblanadi. Shuningdek, Damashqda hozirga qadar saqlanib qolgan Al-Afram jome'sini ham o'rta osiyoliklar bilan bog'lashadi, u eski Damashqning Al-Muhajirin mahallasida joylashgan. O'rta osiyoliklar Damashqning turli mahallalarida yashaganligi ma'lum, jumladan, al-Azbakiya, al-Muxajirin, Annabaa Assalixiya, Suksaruja, al-Maydan va al-Qadam va boshqalar.



Suratda: Murodiya takyasi, HH asr.



Suratda: Damashqdagi Naqshbandiya (Murodiya) jome'si.

HH asrda O'rta Osiyoda boshlangan kolxozlashtirish va undan so'ng bo'lib o'tgan Stalin qatag'onlari davrida o'rta osiyoliklar avval Afg'onistonga, so'ngra Yaqin Sharqdagi katta shaharlarga ko'chib ketgan. Ular Yaqin Sharqdagi katta shaharlarga jumladan, Damashq shahriga ham borib joylashgan. Damashqqa kelgan o'rta osiyoliklar orasida Buxoro amirlari, Qo'qon xonlari oilasiga mansub xon avlodlari, xonlikda yuqori lavozimlarda ishlagan amaldorlar, harbiylar, shayxul islomlar bo'lgan, shuning uchun ham ular bu erlarda katta qiyinchiliklarga uchramasdan tez orada davlat va jamiyatda o'z o'rinlarini topishgan. Ular umumiy nom bilan buxoriylar deb nomlangan. O'rta osiyoliklar orasidan harbiy amaldorlar, siyosatchilar, yirik tadbirkorlar, ko'plab olimlar va muftiylar etishib chiqqan. Hususan, o'z davrida Nasoxi Al-Buxoriy Suriyada yuqori harbiy lavozimlarda va bosh vazir vazifalarida faoliyat yuritgan. Tilshunos olim, professor Burhon Buxoriy nafaqat Suriya ilmiy jamoatchiligida balki o'zbek olimlari orasida taniqli olimlardan biridir.

Bir so'z bilan aytganda xuddi, Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Quddus va Qohirada bo'lgani singari Damashqdagi millatdoshlarimiz bunyodkorligi bilan, vatan, islom dini va o'zlari yashab turgan jamiyat taraqqiyoti yo'lida sadoqat bilan xizmat qilganlar, natijada yaxshi nom va hurmatga sazovor bo'lganlar.

Shavkat Ikromov,

Yaqin Sharq davlatlari bo'yicha tadqiqotchi, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining o'qituvchisi, O'zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi O'zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz doktoranti.

 

azon.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Haj sayohat emas...

20.04.2026   6061   2 min.
Haj sayohat emas...

Haj jismoniy va moliyaviy jihatdan bandani sinaydigan, ruhiyatini poklaydigan Islom arkonlarining beshinchi ruknidir. Hajning ulug‘ fazilatlaridan biri insonning xato va gunohlardan poklanishiga sabab bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar:

“Kim Alloh uchun haj qilsa, (haj davomida) yomon gaplar gapirmasa va gunoh ishlar qilmasa, uyiga onasidan tug‘ilgandek gunohlardan pok bo‘lib qaytadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Shunday ekan, mabrur haj inson hayotida yangi sahifa ochadi. Islom ta’limotida har bir solih amalning o‘z ajri bor, biroq Haj uchun va’da qilingan mukofot ulug‘roqdir.

Hadisda aytilishicha: “Mabrur hajning mukofoti faqat jannatdir”. Riyodan xoli, halol mablag‘ evaziga qilingan va barcha odoblariga rioya etilgan ibodat mabrur haj hisoblanadi.

Hojilar Alloh taoloning mehmonlaridir. Muqaddas manzillarda inson o‘zi va yaqinlari uchun eng xayrli duolarni so‘raydi. Ziyorat davomida, ayniqsa Arafot tog‘ida, Ka’bai muazzama qarshisida va Safo-Marva tepaliklarida qilingan duolar rad etilmaydi.

Hajning ijtimoiy fazilati beqiyos. Bir xil libosda, bir xil maqsad yo‘lida dunyoning turli burchaklaridan kelgan insonlarning jamlanishi tenglik va ibrat namunasini namoyon etadi. Bu yerda boy va kambag‘al, mansabdor va oddiy ishchi, oq va qora tanlilar o‘rtasida hech qanday farq qolmaydi.

Haj arkonlarini bajarayotgan inson qiyomat manzaralarini his qiladi, hisob-kitobni eslaydi va Alloh huzurida hamma teng, faqatgina taqvolilargina boshqalardan ustun ekanini tushunadi.

Haj safari mashaqqatlardan xoli emas. Issiq iqlim, millionlagan olomon ichida harakatlanish va uzoq masofalarni piyoda bosib o‘tish insondan ulkan sabr talab qiladi. Bu mashaqqatlar evaziga inson o‘z nafsini jilovlashni, boshqalarga nisbatan bag‘rikeng bo‘lishni va qiyinchiliklarga shukr bilan munosabat bildirishni o‘rganadi.

Haj sayohat emas, balki qalbning Alloh tomon hijratidir. Muborak safardan qaytgan kishi hoji maqomini olish bilan birga jamiyatga foydasi tegadigan, odob-axloqi go‘zal va iymoni mustahkam bo‘lgan boshqa shaxsga aylanishi kerak.

Alloh taolo barchamizni haj arkonlarini bajarish va unga munosib bo‘lish baxtidan benasib qilmasin!

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

Zafar qori Mahmudov

Maqolalar