Bugungi kunda Damashq shahrining tarixiy markazlarida o'zbek etnosi bilan bog'liq bo'lgan kichik mahallalar, ko'chalar, tarixiy masjidlar va madrasalar saqlanib qolgan. Ma'lumotlarga ko'ra, 2010 yillarda Suriyaning Damashq va Halab (Aleppo) shaharlarida taxminan bir necha ming o'zbeklar (buxoriylar) yashagan. Tarixiy manbalarda o'rta osiyoliklar, jumladan o'zbeklar Damashq shahriga turkiy mamluklar bilan birga kirib kelgani haqida ma'lumotlar bor. Misr tarixida bo'lgani singari Suriya tarixida ham Tuluniya va Ishxidiy amirliklari katta siyosiy va harbiy ta'sirga ega bo'lishgan. Mamluklar davrida o'rta osiyolik yirik mulkdorlar, qo'shin qo'mondonlari va siyosiy arboblar Damashqda masjidlar, madrasa va xonaqohlar qurgan.
Yuqoridagi suratda: Damashqdagi o'zbek mahallasi, HH asrning 20-yillari.
XVIII-XIX asrlarda o'rta osiyoliklar haj ziyorati uchun Suriya hududlariga Eron orqali o'tuvchi karvon yo'llari bilan kirib kelgan. Ma'lumotlarga ko'ra, bu davrda Damashq O'rta Osiyodan Eron orqali o'tuvchi haj yo'lining so'nggi bekati bo'lgan. Ko'plab ziyoratchilar, haj safaridan qaytishda shu erda yashab qolib ketishgan. Ularning maxsus xonaqohlari (takyalari) bo'lgan. Jumladan, Usmoniy poshsholar davri hali tugamagan bir davrda, Murodiya takyasi tashkil qilingan bo'lib, bu takyani asli o'rta osiyolik naqshbandiya tariqatining yorqin vakillaridan biri bo'lgan Murod Muhammad al Buxoriy nomi bilan bog'lashadi, bu erda naqshbandiy tariqatining sufiylari yig'ilishgan, hojilar uchun vaqtinchalik boshpana vazifasini bajargan. Bu takya Damashqning al-Vard mahallasida joylashgan. Mazkur takya tarkibida Murodiya jome'si ham bo'lib, u Damashqdagi katta jome'lardan biri hisoblanadi. Shuningdek, Damashqda hozirga qadar saqlanib qolgan Al-Afram jome'sini ham o'rta osiyoliklar bilan bog'lashadi, u eski Damashqning Al-Muhajirin mahallasida joylashgan. O'rta osiyoliklar Damashqning turli mahallalarida yashaganligi ma'lum, jumladan, al-Azbakiya, al-Muxajirin, Annabaa Assalixiya, Suksaruja, al-Maydan va al-Qadam va boshqalar.

Suratda: Murodiya takyasi, HH asr.

Suratda: Damashqdagi Naqshbandiya (Murodiya) jome'si.
HH asrda O'rta Osiyoda boshlangan kolxozlashtirish va undan so'ng bo'lib o'tgan Stalin qatag'onlari davrida o'rta osiyoliklar avval Afg'onistonga, so'ngra Yaqin Sharqdagi katta shaharlarga ko'chib ketgan. Ular Yaqin Sharqdagi katta shaharlarga jumladan, Damashq shahriga ham borib joylashgan. Damashqqa kelgan o'rta osiyoliklar orasida Buxoro amirlari, Qo'qon xonlari oilasiga mansub xon avlodlari, xonlikda yuqori lavozimlarda ishlagan amaldorlar, harbiylar, shayxul islomlar bo'lgan, shuning uchun ham ular bu erlarda katta qiyinchiliklarga uchramasdan tez orada davlat va jamiyatda o'z o'rinlarini topishgan. Ular umumiy nom bilan buxoriylar deb nomlangan. O'rta osiyoliklar orasidan harbiy amaldorlar, siyosatchilar, yirik tadbirkorlar, ko'plab olimlar va muftiylar etishib chiqqan. Hususan, o'z davrida Nasoxi Al-Buxoriy Suriyada yuqori harbiy lavozimlarda va bosh vazir vazifalarida faoliyat yuritgan. Tilshunos olim, professor Burhon Buxoriy nafaqat Suriya ilmiy jamoatchiligida balki o'zbek olimlari orasida taniqli olimlardan biridir.
Bir so'z bilan aytganda xuddi, Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Quddus va Qohirada bo'lgani singari Damashqdagi millatdoshlarimiz bunyodkorligi bilan, vatan, islom dini va o'zlari yashab turgan jamiyat taraqqiyoti yo'lida sadoqat bilan xizmat qilganlar, natijada yaxshi nom va hurmatga sazovor bo'lganlar.
Shavkat Ikromov,
Yaqin Sharq davlatlari bo'yicha tadqiqotchi, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining o'qituvchisi, O'zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi O'zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz doktoranti.
azon.uz
Tasavvuf ilmining ta’rifi haqida 200 dan ziyod bir biriga yaqin ma’noli fikrlar aytilgan. Shulardan, mo‘tabar va boshqa ta’riflarni o‘zida jamlovchi ba’zi bir ta’riflarni keltiraman.
Shayxul islom Zakariyo Al-Ansoriy tasavvufning ta’rifi haqida quyidagi so‘zlarni aytadilar:
التصوف: علم تعرف به أحوال تزكية النفوس، وتصفية الأخلاق وتعمير الظاهر والباطن لنيل السعادة الأبدية
Tasavvuf – abadiy saodatga erishish uchun nafsni poklash, xulqlarni musaffolashtirish, tashqi va ichki dunyoni tuzatishni o‘rgatadigan ilmdir.
Tasavvufning ta’rifida ba’zilar aytadiki:
التصوف كله أخلاق، فمن زاد عليك بالأخلاق زاد عليك بالتصوف
Tasavvufning barchasi go‘zal axloqdan iborat. Kimning go‘zal xulqi sening xulqingdan ziyoda bo‘lsa, bilginki u tasavvuf jihatidan sendan ustundir.
Imom Shoziliy rahmatulloh alayh tasavvufni quyidagicha ta’riflaydilar:
التصوف: تدريب النفس على العبودية، وردها لأحكام الربوبية
Tasavvuf: Bu nafsni ubudiyat (bandalik) sifatini shakllantirishga mashq qildirish va Robboniy hukmlarga uni topshirish.
Xulosa qilib aytganda, insonni ham ichki ham tashqi dunyosini go‘zal bo‘lishiga, shariatdan qasd qilingan komil inson darajasiga ko‘tarilishiga xizmat qiladigan asosiy ilmlardan biri bu tasavvuf desak xato bo‘lmasa kerak.
Shariatdagi buyruqlar insonga nisbattan ikki qismga bo‘linadi:
1. Zohiriy amallarga ta’luqli bo‘lgan hukmlar
2. Botiniy amallarga ta’luqli bo‘lgan hukmlar.
Boshqacha qilib aytganda insonni badani, jismiga ta’luqli bo‘lgan hukmlar va insonni qalbiga ta’luqli bo‘lgan hukmlar.
Badanga ta’luqli bo‘lgan hukmlar buyruq va qaytariqlardan iborat. Buyruqqa misol: Namoz o‘qish, zakot berish, haj qilish va hokazo… Qaytariqlarga misol: Odam o‘ldirmaslik, zino qilmaslik, o‘g‘irlik qilmaslik, aroq ichmaslik va hokazo…
Qalbiy amallar ham xuddi shunday buyruq va qaytariqlardan iborat. Buyruqlariga misol: Allohga, uning rasullariga, farishtalarga, kitoblariga iymon keltirish, ixlosli bo‘lish, xushu’, tavakkul va hokazo… Qaytariqqa misol: Kufr keltirmaslik, ujub, riyo, hasad qilmaslik va hokazo…
Garchi badaniy va qalbiy hukmlarning ikkalasi ham muhim bo‘lsada qalbga ta’luqli bo‘lgan hukmlar birinchisidan ko‘ra muhimroqdir. Chunki botiniy amallar zohiriy amallarning asosi va poydevori hisoblanadi. Agar botiniy amal buzilsa zohiriy amallarning barchasi fasod bo‘ladi.
Alloh taolo “Kahf” surasining 110-oyatida: “Kim Robbisiga ro‘baro‘ kelishni umid qilsa, yaxshi amal qilsin va Robbisiga ibodat qilishda birontani sherik qilmasin”, deb marhamat qilgan.
Shuning uchun Rasululloh sollalohu alayhi vasallam sahobalarning diqqatini qalblarini isloh qilishga qaratgan edilar. Ularga: “Insonning salohiyati, qalbining salohiyati, yashirin kasalliklardan salomatligiga bog‘liq”, der edilar.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom bunday dedilar:
الا و إنَ في الجسد مضغة إذا صلحت صلح الجسد كلَه و إذا فسدت فسد الجسد كلَه الا و هي القلب
“Ogoh bo‘ling! Jasadda bir parcha go‘sht bor. Agar o‘sha tuzalsa jasadning barchasi tuzaladi. Agar o‘sha buzilsa jasadning barchasi buziladi. Ogoh bo‘ling! o‘sha bir parcha go‘sht qalbdir”.
Xuddi shuningdek u zot sollallohu alayhi vasallam Alloh nazar tashlaydigan joy, bu qalb ekanini uqtirganlar.
Imom Buxoriy va Imom Muslim qilgan rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam quyidagilarni marhamat qilganlar:
إنَّ اللهَ لا يَنْظُرُ إِلَى أجْسَادِكُمْ وَلا إِلَى صُوَرِكُمْ وَلكِنْ يَنْظُرُ إِلَى قُلُوبِكُمْ
“Alloh sizning jismingiz yoki suratlaringizga qaramaydi. Lekin sizning qalbingizga qaraydi”.
Modomiki insonning salohiyati zohiriy amallarning manbasi bo‘lgan qalbga bog‘liq ekan, uni Alloh qaytargan yomon sifatlardan tozalab isloh qilish va uni go‘zal sifatlar bilan bezash lozim ekan. Mana shu ishlarni qilsa, o‘sha qalb sohibi qalbi salim najot topuvchi kishilardan bo‘lar ekan.
Alloh taolo Shuaro surasining 88-89-oyatlarida marhamat qilib aytadiki: “U kunda molu davlat ham bola-chaqa ham foyda bermaydi. Faqatgina kimki Allohga salim qalb bilan kelsa, (o‘sha salim qalb) manfa’at beradi”.
Qalbni poklash va nafsni tarbiyalash farzi aynlarning eng muhimidir. Alloh taoloning ilohiy buyruqlari shuni taqozo qiladi. Bu haqda oyat, hadis va ulamolar so‘z yuritganlar.
Alloh taolo A’rof surasining 33-oyatida marhamat qilib aytadi: “(Ey,Muhammad): “Robbim oshkora va yashirin yomonliklardan qaytardi”, deb aytgin”.
Va yana An’om surasining 151-oyatida marhamat qilib aytadi:
“Gunoh ishlarning oshkora va yashiriniga ham yaqinlashmanglar”.
Mufassir olimlar oyatdagi ichki, yashirin gunohdan maqsad: hasad, riyo, nifoq, deb tafsir qilganlar.
Albatta bu illatlardan qutilish va ularni oldini olish masalasini tasavvuf muolaja qiladi.
Hadisdan dalillar: Hasad, kibr, riyodan qaytaruvchi va go‘zal axloqlar bilan xulqlanishga chorlovchi barcha hadislar bizning mavzumizga hujjat bo‘la oladi.
Hadislarning birida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Iymon yetmish nechidir shoxchadan iborat. Uning eng oliysi “Laa ilaha illalloh” kalimasi bo‘lsa, uning eng pastki darajasi, yo‘ldagi aziyatlarni olib tashlash. Hayo ham o‘sha iymonning shoxchalaridan biridir”, deganlar.
Iymonning mukammalligi shu shoxchalarning bir shaxsda to‘liq jamlanishi bilan bo‘ladi. Iymonning noqisligi esa o‘sha shoxchalarning kamayishi bilan bo‘ladi.
Tasavvuf aynan manashu shoxchalarni insonda mujassam bo‘lishida katta rol o‘ynaydi.
Olimlarning so‘zlaridan dalil: Ulamolar, alohida tavbaga muhtoj bo‘ladigan qalbning kasallaridan bo‘lgan gunohi kabiralarni sanab chiqqanlar. Va bularning barini tasavvuf yo‘nalishida muolaja qilishini bayon qilib chiqqanlar.
“Javharatu tavhid” asarida Shayx Bajuriy quyidagilarni aytadilar: “Yaxshilikka chaqirib, chaqimchilik, g‘iybat, kibr, riyo, hasad, tortishuv va janjalga o‘xshagan yomon ishlardan o‘zingni tiy. Albatta bular nafsning aybi hisoblanadi. Va bu dardga uchraganlarning tabibi buyuk so‘fiylar hisoblanadi”.
“Hidoyatul Alaiyya” kitobining muallifi bu haqda quydagi so‘zlarni aytadi: “Shariat ko‘rsatmalari va olimlarning ijmosi hasad, musulmonlarni tahqirlash, kibr, o‘zidan o‘zi faxrlanib ujubga ketish, riyo, nifoq va shunga o‘xshagan jirkanch ishlarning harom ekanligiga dalolat qilgach, bu ishlarning hudud va chegaralarini bilib olib, barchasidan chetlanish va uzoqlashish lozim. Buning haqiqatini esa faqatgina tasavvuf ilmi bayon qilib beradi. Demak, yuqorida keltirilgan oyat va hadisi shariflardan shu bilinadiki tasavvuf musulmonlar uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan, muhum yo‘nalishlardan biri ekanligi kelib chiqadi”.
Abdulhodiy ABDURAHMONOV,
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolar tarjima va tafsiri -Toshkent. 2009. 546 b.
2. Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Sahihul buxoriy. Bayrut: “Muassatur risolatun noshirun”. 2019. 1904 b.
3. Muslim ibn Hajjoj an-Naysaburiy. Sahihi muslim. Riyoz: “Baytul afkorud davliyya”. 1998. 1473 b.
4. Alouddin Obidin. Alhidoyatul Aloiyya. Damashq: “Dorussalom”. 2003.
5. Shoh Valiyulloh Dehlaviy. Hujjatullohil balig‘a. Karachi: “Dorut tanvir”. 1998.
6. Muhammad Ibn Is’hoq Al-Buxoriy Al-Kalaboziy. At-tarruf limazhabi ahli tasavvuf. Qohira: “Turosul arab”. 2000.
7. Shayxul islom Zakariyo al-Ansoriy. Sharhu risolatil qushayriyya. Damashiq: “Dar an-nu’mon lil ulum”. 2000. 584 b.
8. Shayx Mustafo al-Madaniy. Annusratun nabaviyya. Madina: “Dor al-hikma”. 2009.
9. Alloma Hamid Saqar. Nuru tahqiq. Qohira: “Turosul arab”. 2000.