E'tibor bersangiz, jamiyatimizda yolg'on gapirishni unchalik ham ayb sanamaydiganlar toifasi ko'payib qolgan. Boshqalarni boplab aldagani bilan maqtanadigan kimsalar har qadamda uchraydi. Hatto bola otasini, ota bolasini, er xotinini, xotin erini, yaqin do'stlar bir-birini aldashi yangilik bo'lmay qoldi. Nahotki hayotda rol' o'ynash, boshqa qiyofaga kirib odamlarni ishontirish ko'pchilik uchun faxrga aylangan bo'lsa?!
Bir kuni taksida ketarkanmiz, yonimda o'tirgan yosh yigitning telefondagi suhbati diqqatimni tortdi. Aftidan, u o'rtog'i bilan gaplashar, unga hozir o'zini viloyatda ekani, agar poytaxtda bo'lganida shu zahoti yoniga etib borgan bo'lishini soxta afsus bilan aytardi. Yolg'onimni atrofdagilar eshityapti deb iymanmasdi ham. Ho'sh, aldov, yolg'on shunchalik engil gunohmi, bunday qilmishga indamay ko'z yumib yuboraversa bo'ladimi?
Islom dinida yolg'onning hukmi og'irligini ko'pchilik bilmaydi.
Alloh taolo Nahl surasida: «Yolg'onni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to'qirlar. Ana o'shalar – o'zlari yolg'onchilardir», degan (105-oyat).
Ushbu oyati karimadan ma'lum bo'ladiki, Allohga imon keltirmaganlarda savob, gunoh degan tushuncha yo'qligi, yolg'on gapirsa, gunoh bo'lishi, u dunyoda azoblanishiga ishonmagani uchun ham ular o'ylamasdan yolg'on to'qiyveradilar. Mo'minlar esa yolg'onni katta gunoh deb biladilar. Yolg'on gapirish tufayli oxiratda azobga duchor bo'lishlaridan qo'rqadilar.
Yuqoridagi holatlarni eslaydigan bo'lsak, yolg'onchilik odati bilan musulmonlar kufrga yaqinlashib qolayotgani ma'lum bo'ladi. Bunga quyidagi hadis ham dalolat bo'la oladi. Imom Molik rivoyat qilgan hadisi sharifda Safvon ibn Sulaym roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan: “Mo'min qo'rqoq bo'ladimi?” deb so'raldi. “Ha”, dedilar. “Mo'min baxil bo'ladimi?” deb so'raldi. “Ha”, dedilar. “Mo'min yolg'onchi bo'ladimi?” deb so'raldi. “Yo'q”, dedilar».
O'tgan yili tanishlar davrasida bir do'stimiz telegram kanali ochib, uni ommalashtirish xususida maslahat so'rab qoldi. Maslahat beruvchilar orasida hozirgi kunda odamlarning e'tiborini tortish oson emasligi, shuning uchun ta'sirchan “piar”lardan foydalanish, kerak bo'lsa, yolg'on xabarlar tarqatish orqali obunachilarini ko'paytirish lozimligini aytganlar bo'ldi. Uqtirishlaricha, ayni vaziyatda ko'pchilik o'zini turli qiyofalarga solib, omma ichida tanilayotganmish. Ushbu fikrning isboti o'laroq falon-falon mashhur telegram kanallarining “piar” usullarini misol keltirishdi.
Ha, hozir telegram kanallari ochib, daromad topish urfga aylandi. Kuzatishimizcha, bu sohada aldov, soxtalik bilan odamlarni ishontirishga urinish avj olgan. Ular maqtayotgan mahsulotlar har qanday dardga davo, har qanday mushkulotga chora emish. Shu yo'l bilan go'l odamlarning pulini shilib yuraverishadi. Albatta, nafsni ustun qo'yish, dunyo ziynatlariga ortiqcha berilish kishini yolg'on va boshqa gunoh ishlardan qaytmaydigan qilib qo'yadi.
Islomda yolg'onning qattiq qoralanishining sababi shuki, bu illat nafaqat yolg'onchining o'ziga, balki boshqalarga ham zarar keltiradi, jamiyatda ildiz otib, barcha sohani izdan chiqaradi.
Davomi bor...
"Islom nuri" gazetasidan
Islom tarixida fiqh ilmi rivojlanib borishi jarayonida turli ilmiy maktablar shakllandi. Bu maktablar Qur’on va Sunnatni anglash, shar’iy dalillarni tahlil qilish hamda yangi yuzaga kelgan masalalarga hukm chiqarish borasidagi ulamolarning ilmiy yondashuvlari asosida vujudga kelgan edi.
Ulug‘ mujtahid imomlar asos solgan ilmiy an’analarni ularning shogirdlari davom ettirdilar. Shogirdlar ustozlarining qarashlarini shunchaki takrorlash bilan cheklanmay, ba’zi masalalarda mustaqil ijtihod qildilar, ayrim hukmlarda esa ustozlarining fikrlariga boshqacha yondashdilar. Shu tariqa, har bir ilmiy maktabning usullari, fiqhiy qarashlari va fatvolari tizimlashib, keyingi avlodlarga yetkazildi.
Islom tarixining turli davrlarida bir qancha fiqhiy maktablar mavjud bo‘lgan. Biroq vaqt o‘tishi bilan ularning barchasi ham bir xil darajada rivojlanib, keng tarqalish va ilmiy vorisiylikni saqlab qolish imkoniga ega bo‘lmadi. Ahli sunna val-jamoa doirasida esa Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofe’iy va Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahumulloh asos solgan to‘rt fiqhiy mazhab o‘z ilmiy tizimi, shogirdlari va boy adabiy merosi orqali asrlar davomida saqlanib, bugungi kungacha yetib keldi. Boshqa tarixiy fiqhiy maktablarning ayrim qarashlari va fatvolari ham klassik manbalarda saqlanib qolgan.
Demak, fiqhiy mazhablarning shakllanishi ummatni bir-biridan ajratish yoki alohida dinlar paydo qilish jarayoni emas edi. Aksincha, ular Qur’on va Sunnat asosidagi shar’iy hukmlarni anglash va hayotga tatbiq etish uchun shakllangan ilmiy maktablardir. Mazhablar musulmonlarga diniy masalalarda izchil ilmiy an’anaga tayanish, fiqhiy merosdan foydalanish va amaliy hayotda tartibli yo‘l tutish imkonini berdi.
Islom tarixida keng tarqalib, bugungacha yetib kelgan ahli sunna val-jamoaning to‘rt fiqhiy mazhabi quyidagilardir:
1. Hanafiy mazhabi, asoschisi Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit. Kufa shahri. (80-150 hijriy y./ 699-767 melodiy y.)
2. Molikiy mazhabi, asoschisi Molik ibn Anas. Madina shahri. (93-179 h.y/ 711-795 m.y.)
3. Shofe’iy mazhabi, asoschisi Muhammad ibn Idris Shofe’iy. G‘azo shahri. (150-204 h.y/ 767-820 m.y)
4. Hanbaliy mazhabi, asoschisi Ahmad ibn Hanbal. Bag‘dod shahri. (164-241 h.y/ 780-855 m.y)
Bu mazhablarning saqlanib qolishiga asosiy sabab mazhab imomining shogirdlari ko‘pligi, mazhab masalalari kitob shakliga keltirilganligi, boshqa talabalarga mazhabning fatvolari dars qilib berilganidir.
Imom ibn Ahmad ash-Sha’roniy (vaf. 973/1565) o‘zlarining “Al-Miyzan ash-sha’roniya” asarida mazhablar haqida quyidagi fikrlarni zikr qilgan: “Mazkur to‘rt mazhabning saqlanib qolishining asosiy omili bu mazhablarning ta’limotlari boshqa mazhablardan kuchliroq bo‘lgani uchun emas, balki to‘rt mazhab boshqa o‘n to‘rt mazhab ta’limotini ham qamrab olganidir”.
Hanafiy mazhabi fatvo berishda Qur’oni karim, sunnat va sahobalarning so‘zlaridan keyin asosan ijtihod (qiyos)ga suyanganlari uchun tarixda ularni ba’zilar “Ahli ra’y” deb ataganlar. Lekin aslida fiqhiy mazhablarning hammasini “Ahli ra’y”, deganlar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. Hanafiy mazhabining boshlanishi Kufa shahrida bo‘lgan keyin Iroq, Shom, Xuroson, Yaman va Misrga tarqalgan. Qirqqa yaqin olimlar bu mazhabning tarqalishiga kitob yozib xizmat qilganlar. Ulardan eng mashhurlari Imom Abu Yusuf, Imom Muhammad, Imom Zufar va boshqalar edilar.
Horun ar-Rashid xalifalikni qo‘lga olgach Imom Abu Yusufni bosh qozi mansabiga ko‘taradi va qozilarni tayinlashni unga topshiradi. Imom Abu Yusuf qozilarni hanafiy mazhabidan tayinlar edilar. Keyinchalik Usmoniylar xalifaligi davrida ham qozilar faqat Hanafiy mazhabidan tayinlangan. Bu holat Hanafiy mazhabining obro‘-e’tiborini nihoyatda oshirgan. Hozirgi kunda ham Hanafiy mazhabi sharqda: Xuroson, Pokiston, Hindiston, Bangladesh, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston, Turkiyada ustun mazhab hisoblanadi. Iroq, Shom va Misr diyorlarida ham Hanafiy mazhabi tarqalgan.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi