Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Noyabr, 2026   |   17 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:01
Quyosh
07:20
Peshin
12:16
Asr
15:15
Shom
16:59
Xufton
18:16
Bismillah
27 Noyabr, 2026, 17 Jumadul soni, 1448

Zakiy bola

23.10.2023   1337   3 min.
Zakiy bola

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Buxoro amirlaridan biri shaharning obod ko'chasida sayr qilib yursa, qarshisidan kitob jildini elkasiga osgan bir maktab tolibi chiqib qolibdi. Bola xushyor va zakiy ekan, darrov tavoze' bilan notanish kishiga salom beribdi. Amir alik olib, bolaning qayerdan kelayotganini so'rabdi.

– Maktabdan kelayapman, hazratim, – deb javob beribdi bola.
– Haltangda nima bor?
– Qur'on kitobi bor.
– Shundaymi? Yaxshi. Qaysi suraga kelding?
– Fath surasiga kelganman, – hozirjavoblik bilan debdi bola.
– Qani, kitobni ko'ray-chi, – debdi amir qo'l cho'zib. Bola kitobni olib beribdi. Amir varaqlab ko'rsa, kitobning xatcho'pi boshqa sahifada turganmish. «Bola meni aldabdi-da, – deb o'ylabdi amir. – Hatcho'p Fath surasida emas, boshqa joyda turibdi. Bola hozirdan yolg'onga o'rgansa, ulg'ayganda hammani aldaydigan bo'ladi. Menga rost so'zlamadimi, boshqalarga ham faqat yolg'on gapiradi. Bunga ustozi aybdor, ularni bir jazolab qo'yish kerak ekanda».

– Nega menga aldading, xatcho'p boshqa joyda turibdi-ku?! – debdi amir jahli chiqib.
– Hazratim, bir qoshiq qonimdan keching, – debdi bola muloyimlik bilan. – Ustozim «Kim bilan gaplashayotgan bo'lsang, u odamga yoqadigan gap aytish kerak», degan edilar. Ko'rinishingizdan saroy amaldoriga o'xshaysiz. Amirlar, podshohu qo'mondonlar ulug' ishlarni, harbiy yurishlarni boshlashdan avval Fath surasini o'qitishlarini ustozimdan eshitgandim. Shuning uchun sizni mamnun qilish maqsadida Fath surasini o'qiyapman, degandim.

Bu gapdan amir ochilib, bolaning elkasiga asta shapatilabdi-da:
– Barakalloh, mullabachcha, bu gaping juda o'rinli bo'ldi. Manavi esa zukkoligingning mukofoti, – deya yonidan bitta oltin tanga olib unga uzatibdi.
Bola esa tillani olishga ko'nmabdi.
– Nega pulni olmayapsan? – deb hayron bo'libdi amir.
– Ota-onam urishishadi.
– Nega urishishadi?
– «Qayerdan olding?!.», deb. 
– «Podshoh berdi», – deysan...
– Bu gapga ishonishmaydi.
– Nega ishonishmaydi?
– «Podsho bersa, bir dona emas, bir lagan tilla berardi», deyishadi.
Amir bolaning zakiyligidan zavqlanib kulibdi va uning uyiga bir lagan tilla yuboribdi.

«Qo'hna dunyo rivoyatlari»dan
«Hilol» jurnalining 6(51) sonidan

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati Malayziyada keng targ‘ib qilinmoqda

27.11.2026   33394   1 min.
O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati Malayziyada keng targ‘ib qilinmoqda

O‘zbekistonning Kuala-Lumpur shahridagi elchixonasida mamlakatimizning ziyorat turizmi salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot hamda O‘zbekiston va Malayziya turoperatorlarining B2B formatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Tadbirda Butunjahon sufiylar markazi bosh kotibi shayx Abdul Karim Hadayd, “BUMITRA” sayyohlik kompaniyalari assotsiatsiyasi rahbariyati va mahalliy turoperatorlar ishtirok etdi.

O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev ziyorat turizmi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘zlab berdi. U musulmon davlatlari, jumladan, Malayziyadan keladigan ziyoratchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasi va Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratdi.

Ishtirokchilar ikki mamlakat o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik rivojlanib borayotgani va sayyohlar oqimi oshib borayotganini ta’kidladilar. Chet ellik sayyohlarni jalb qilish uchun Malayziya fuqarolariga vizasiz rejim amal qilmoqda, “Uzbekistan Airways” va “Batik Air Malaysia” aviakompaniyalari Toshkent va Kuala-Lumpur o‘rtasida haftasiga yetti marotaba to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni amalga oshirmoqda.

Ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida o‘tkazilgan B2B uchrashuvlar doirasida O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish maqsadida Malayziyada “ziyorat turizmi”, “madaniy turizm” va “qishki turizm” turpaketlarini keng sotish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari