Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo'yadi. Albatta, men taqsimlovchiman, xolos, Alloh beradi. Albatta, bu ummat Allohning ishi (qiyomat) kelguncha Allohning amrida qoim bo'ladi. Ularga xilof qilganlar zarar etkaza olmaydi", dedilar (To'rtovlari rivoyat rivoyat qilganlar).
"Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo'yadi". Demak, din ta'limotlarini yaxshi tushunadigan bo'lish banda uchun katta baxt-saodat, unga Alloh taolo yaxshilikni iroda qilganining alomatidir. Demak, diniy ilmni bandaga Alloh taoloning O'zi beradi.
"Albatta, men taqsimlovchiman, xolos, Alloh beradi". Bundan, men Alloh bergan ilmni etkazaman, xolos. Haqiqiy beruvchi Allohning O'zi, deganlari tushuniladi.
"Albatta, bu ummat Allohning ishi (qiyomat) kelguncha Allohning amrida qoim bo'ladi. Ularga xilof qilganlar zarar etkaza olmaydi".
Darhaqiqat, bu ulkan bashorat, musulmon ummati qiyomat qoim bo'lguncha Allohning amrini tutib turishi haqidagi ta'kidli xabardir. Ehtimol, barcha musulmonlar Allohning amrini birdek tutmaslar. Qaysidir davrda ba'zilari va qaysidir davrda ko'pchiliklari Allohning amrini tutmaslar. Ammo Islom ummati ichida Allohning amrini doimo tutuvchilar qiyomatgacha bo'lishi aniq. Shu bilan birga, Islom ummatiga xilof qiluvchilar bo'lishi ham aniq. Eng muhimi, xilof qiluvchilar Islom ummatiga zarar etkaza olmaydilar.
Bu bashorat Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning mo''jizalari ekanligi ham ochiq-oydin ko'rinib turibdi. U zotdan boshqa odam bu gapni Islom ummati zaif bo'lib turgan paytda ayta olmas edi. Bir ming to'rt yuz yildan ortiq muddatli tajriba Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu bashoratlarini tasdiqlab kelmoqda.
Arab mushriklari avval boshdayoq ahd va kuchlarini bir qilib, Islom va musulmonlarni er yuzidan supurib tashlashga qattiq harakat qildilar. Barcha dalolatlar, barcha o'lchovlar musulmonlarning mag'lubiyatidan darak berar edi. Lekin Allohning tadbiri ila oz sonli kuchsiz musulmonlar g'olib, ko'p sonli kuchli mushriklar mag'lub bo'ldilar. O'sha vaqtda dunyoni so'rab turgan Rum va Fors imperiyalari yosh Islom davlatini er yuzidan supurib tashlashning payiga tushdilar. Oqibati nima bilan tugagani hammaga ma'lum. Mazkur ikki kuchli saltanat qulab, ular egallab turgan erlardagi mazlum insonlar Islom adolatidan bahramand bo'ldilar. Undan keyin ham turli kuchlar, tuzumlar Islomga va musumonlarga zarar etkazishga urinib ko'rdilar. Bu urushlarning ko'pchiligida inson o'lchovi bo'yicha, Islom dushmanlari o'z maqsadlariga erishishlari aniq edi. Kuchlar teng emas, sharoitlar boshqacha edi. Har safar, endi Islomga qarshi hal qiluvchi zarba berildi, deb gumon qilinar edi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu bashoratlaridan bexabar musulmonlar ham noumid bo'lar edilar. Lekin har safar dushmanlarning Islom ummatiga qarshi qilgan harakatlari chippakka chiqaverdi, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bashoratlari tasdiq topaverdi.
Ushbu hadisi sharifdan oladigan foydalarimiz:
1. Islomni yaxshi anglab, faqih bo'lishga targ'ib.
2. Islomda faqih bo'lish – Allohning yaxshiligi ekanligi.
3. Islom ummati qiyomatgacha Allohning amrida qoim bo'lishi.
4. Islom ummatiga hech kim zarar etkaza olmasligi.
Hozirgi hayotimizda bu hadisi sharif hikmatiga juda muhtojmiz.
Nima uchun ichimizda dinimiz hukmlarini daqiq tushunuvchi kishilarimiz yo'q darajada?
Nima uchun oramizda Alloh taolo yaxshilikni iroda qilgan odamlar yo'q darajada?
Yoki biz uchun Alloh yaxshilikni iroda qilishining keragi yo'qmi?
Yoki Islom ahkomlarini daqiq va aniq tushunishning zarurati yo'qmi?
Bu chidab bo'lmaydigan darajadagi achinarli holdir. Agar biz o'zimizni musulmon hisoblasak, Allohdan, qiyomat kunidan umidvor bo'lsak, Islomni yaxshi tushunishga harakat qilmog'imiz lozim. Alloh taolo yaxshilikka iroda qilgan kishilardan bo'lishga urinmog'imiz lozim.
"Hadis va hayot" kitobi asosida tayyorlandi.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov bilan suhbat
– Assalomu alaykum. Bugungi suhbatimizni inson hayotida muhim o‘rin tutadigan, odamni boriga rozi bo‘lib, yo‘g‘iga sabr qilishga undaydigan go‘zal fazilat – qanoat haqida gaplashsak. Avvalo, qanoat deganda nimani tushunamiz?
– Vaalaykum assalom varahmatullohi vabarakotuh. Qanoat – insonga berilgan ne’matlarni qadrlash, Alloh taoloning taqdiriga rozi bo‘lish, bor narsaga shukr qilish va halol yo‘l bilan hayot kechirishdir.
Qanoat – bu qo‘l qovushtirib o‘tirish, mehnat qilmaslik, biror kasbning boshini tutmaslik yoki “boriga shukr” deb taraqqiyotdan ortda qolib ketish emas. Musulmon kishi, hadisi sharifda ta’kidlanganidek, dunyo ishlarida harakat qiladi, rizqini izlaydi, kasb-hunar o‘rganadi, oilasi uchun mehnat qiladi. Ammo qalbida: “Menga berilgan ne’matning egasi Alloh taolodir”, degan e’tiqodda bo‘ladi.
Inson qancha boy bo‘lmasin, agar qalbida qanoat bo‘lmasa, o‘zini kambag‘al his qilishi mumkin. Aksincha, mol-dunyosi ko‘p bo‘lmagan insonning qalbi xotirjam, shukr qiluvchi bo‘lsa, u chinakam boydir. Shu bois ulamolar qanoatni qalbg boyligi, deb ta’riflashgan.
– Islom dining asosiy manbalari bo‘lmish Qur’oni karim va hadisi shariflarda qanoat haqida nima deyilgani ham o‘quvchilarga qiziq, albatta.
– Ha, shunday. Islom ta’limotida qanoat ulug‘ fazilat hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas” (Qasas surasi, 77-oyat), deb marhamat qilgan.
Islom dini insonni bu dunyoda ham, oxiratda ham baxt-saodatga erishtiruvchi dasturilamal, hayot manhajidir. Ammo dinimizning asl mohiyatini, uning ta’limotlari barcha zamon va makonlarga muvofiq kelishini anglab yetmagan kishilar uni tarkidunyochilikka aylantirib qo‘yadilar, dinga amal qilish uchun dunyodan ajralib chiqish kerak, deb hisoblaydilar. Vaholanki, Parvardigori olam insonga ato qilgan barcha ne’matlari ham oxiratni, ham dunyodagi nasibani izlash vositasi ekanini aytmoqda.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Abu Hurayra, parhezkor bo‘l, odamlarning obidrog‘i bo‘lasan. Qanoatli bo‘l, insonlarning eng boyi bo‘lasan. O‘zingga yoqqanini odamlar uchun ham yaxshi ko‘r, mo‘min bo‘lasan. Qo‘shningga yaxshilik qil, muslim bo‘lasan. Kulgini ko‘paytirma. Chunki kulgining ko‘pi qalbni o‘ldiradi”, dedilar (Imom Ibn Moja, Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonni o‘ziga berilgan ne’matlarni qadrlashga targ‘ib etganlar.
Ba’zan inson o‘zidan boyroq kishiga qarab: “Uning mashinasi bor, uyi katta, kiyimi yaxshi, imkoniyati ko‘p”, deb o‘zini kambag‘al his qiladi. Lekin o‘zidagi ne’matlarga qaramaydi. Boshqa bir inson esa kasal bo‘lib yotibdi, sog‘likka muhtoj. Yana biri farzandli bo‘lishni orzu qiladi. Demak, biz ko‘pincha o‘zimizda bor narsalarning qadrini ularni boy bergachgina anglab yetamiz. Shu bois mo‘min inson har kuni: “Alloh taolo menga qancha ne’matlar bergan-a. O‘ziga shukr”, deb hamdu sano aytishi kerak.
– Demak, qanoat insonning baxtli yashashiga ham sabab bo‘lar ekan-a?
– Albatta. Qanoat bilan baxt o‘rtasida katta bog‘liqlik bor. Bugungi kunda insonning ko‘zi ko‘p narsaga tushadi. Telefon, internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqalarning hayotini ko‘ramiz. Kimdir yangi mashina xarid qilganini, kimdir yangi imorat qurganini, kimdir chet elga sayohat qilganini ko‘ramiz.
Agar inson o‘z hayotini doimo boshqalarning hayoti bilan solishtiraversa, qalbida norozilik paydo bo‘ladi: “Nega menda yo‘q? Nega unda bor? Nega uning hayoti yaxshi?” degan savollar ko‘payib boradi. Bu esa insonning xotirjamligini yo‘qotadi.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyoviy masalalarda inson o‘zidan pastroq holatdagi kishilarga qarashini o‘rgatganlar. Ya’ni inson o‘zidan boyroq kishiga qarab hasrat qilmasdan, o‘zidan kamroq imkoniyatga ega bo‘lgan kishilarni ko‘rib, Allohning ne’matlariga shukr qilsin.
– Ayrimlar qanoatli kishining hayotga intilishi past, deb tushunadilar. Bunga dinimiz qanday qaraydi?
– Bu qanoat tushunchasini noto‘g‘ri anglashdan kelib chiqadi. Musulmon kishi mehnatkash bo‘lishi kerak. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mehnat qilishga, halol rizq topishga targ‘ib etganlar.
Dehqon yerga urug‘ sepib, keyin “Alloh rizq beradi”, deb uyida o‘tirmaydi. U yer haydaydi, urug‘ sochadi, sug‘oradi, mehnat qiladi va natijasini Allohdan kutadi. Tadbirkor ham harakat qiladi, talaba o‘qiydi, hunarmand ham mehnat qiladi. Qanoat shu harakatdan keyin insonning qalbidagi holatdir. Ya’ni, qo‘limiz mehnatda, qalbimiz Allohga bog‘langan bo‘lishi kerak.
– Bugungi yoshlar orasida “ko‘proq pul topish”, “boy bo‘lish”, “qimmat mashina olish” kabi maqsadlar kuchayib bormoqda. Bu holatga qanday munosabat bildirasiz?
– Mol-dunyoga ega bo‘lish yomon emas. Islom boylikni harom qilmagan. Harom qilingani – boylikning inson qalbini egallab olishi, uni haromga boshlashi va Alloh taoloning zikridan, toat-ibodatidan unuttirishidir.
Halol mehnat bilan boyigan inson juda ko‘p xayrli ishlar qilishi mumkin. Kambag‘allarga yordam beradi, masjidlar va madrasalar quradi, ilmga xizmat qiladi, yetimlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Mol-dunyo qo‘lda bo‘lsa – ne’mat, qalbda bo‘lsa sinovdir.
Yoshlarimizga shuni o‘rgatishimiz kerak: katta maqsad qo‘yish mumkin. Ammo maqsad halol bo‘lishi kerak. Rizq halol bo‘lishi kerak. Mehnat halol bo‘lishi kerak. Eng muhimi, inson dunyoviy maqsadga erishaman deb oxiratni boy bermasligi lozim.
– Farzandlarimizga qanoatni qanday o‘rgatishimiz mumkin?
– Eng yaxshi tarbiya namuna bo‘lishdir. Ota-ona “qanoatli bo‘l” deb, o‘zi doimo boshqalarning mol-dunyosini muhokama qilib yursa, bola gapga emas, amalga qaraydi. Farzandlarimizga kichikligidan: “Non – ne’mat. Uni isrof qilma”, “Ota-onangning mehnati qadriga yet”, “Boshqalarga hasad qilma”, degan tushunchalarni singdirish kerak.
Bolaning istagan hamma narsasini muhayyo qilaverish to‘g‘ri emas. Chunki inson xohlagan narsasiga osongina erishaversa, berilgan ne’matning qadrini bilmay qo‘yishi mumkin. Ba’zida farzandga: “Hozir imkonimiz yo‘q, sabr qilamiz”, deyish ham tarbiya, ham uning qanoatli bo‘lishiga zamin yaratadi.
– Qanoat bilan taqdirga rozi bo‘lishni qanday tushuntirgan bo‘lardingiz?
– Mo‘min kishi Alloh taoloning taqdiriga iymon keltiradi. Lekin taqdirni bahona qilib, o‘zining zimmasidagi vazifalarini tashlab qo‘ymaydi. Kasal inson: “Taqdir ekan”, deb davolanishdan voz kechmaydi. Rizq izlayotgan kishi mehnat qilishni ortga surmaydi. Talaba o‘qishni to‘xtatmaydi. Biz sabablarni qilamiz, natijasini Allohdan kutib yashaymiz. Agar natija biz kutgandek bo‘lmasa, “Nega bunday bo‘ldi?” deb Allohning taqdiriga norozi bo‘lmaymiz. Mana shu holat inson qalbiga katta xotirjamlik beradi.
– So‘nggi savol: inson qanoatli bo‘lishi va shu fazilatga ega bo‘lishi uchun nima qilishi kerak?
– Buning uchun, avvalo, shukrni kanda qilmasligi kerak. O‘zini hadeb boshqalar bilan solishtirmasligi zarur. Chunki har kimning taqdiri, rizqi va hayot yo‘li har xil bo‘ladi.
Halol mehnat qilib, isrofdan tiyilishi shart. Inson ko‘p narsaga ega bo‘lish bilan baxtli bo‘lib qolmaymiz. Kerakli narsa bilan kifoyalanishni o‘rganishimiz lozim.
Ehtiyojmand insonlar holiga qarash kerak. Inson o‘zidan kamroq imkoniyatga ega kishilarni ko‘rsa, o‘zining ne’matlarini yanada chuqurroq his qiladi.
Alloh taolo bilan munosabatimizni mustahkamlashimiz shart. Namoz, duo, Qur’on tilovati, zikr va istig‘for insonning qalbini poklaydi. Qalbi Allohga bog‘langan inson dunyoviy narsalarga haddan ziyod bog‘lanib qolmaydi. Va o‘shanda qinoat bitmas xazina ekanini anglab yetadi.
T.NIZOM suhbatlashdi.