بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي حَقَّقَ الْحَقَّ بِالْحَقِّ، وَأَذْهَبَ الْبَاطِلَ بِالْحَقِّ، وَالصَّلَوةُ وَالسَّلاَمُ عَلَي سَيِّدِنَا وَنَبِيِّنَا مُحَمَّدٍ
صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِيْن، أَمَّا بَعْدُ.
AHLI SUNNA VAL JAMOA VA MOTURIDIY E_''TIQODI
Muhtaram azizlar! Aqida – e'tiqod masalasi dinimizning tayanch ustunlari hisoblanadi. Ibodatlarimiz, xayrli amallarimizning Alloh huzurida qabul bo'lishi aynan e'tiqodimizning to'g'riligiga bog'liqdir. Shu sababli ulamolar aqida ilmiga jiddiy e'tibor qaratib, uning har bir masalasini sharhlab berishga harakat qilganlar.
Ma'lumki, dunyodagi musulmonlarning aksariyati, jumladan O'rta Osiyo musulmonlari va bizning yurtdoshlar ham Qur'on va hadisdagi aqidaviy masalalarni tushunishda Ahli sunna val jamoaning Moturidiy aqidasi va hanafiy mazhabidamiz.
“Ahli sunna val jamoa” arabcha ibora bo'lib, “Sunnat (hadis)ga amal qiluvchi va jamoatga ergashuvchi kishilar”, degan ma'noni anglatadi. Ahli sunna val jamoa kim deyilsa, ular Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam, ilmda peshvo sahobai kiromlar, chor yorlar ya'ni, Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali raziyallohu anhum va tobe'inlarning tutgan yo'llarini mahkam ushlaganlardir, deb javob beriladi.
Manbalarga qaraganda, Ahli sunna val jamoa atamasi islomning dastlabki davrlarida mashhur bo'lmagan. Balki o'zlarini turli nomlar bilan atagan adashgan firqalar ko'paya boshlagach, Ahli sunna val jamoa atamasi yuzaga chiqdi.
Bu borada Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga ummatlarining etmish uch firqaga bo'linib ketishlari bildirilgan. Bu haqda U zot alayhissalom shunday xabar berganlar:
"افْتَرَقَتْ الْيَهُودُ عَلَى إِحْدَى وَسَبْعِينَ فِرْقَةً فَوَاحِدَةٌ فِي الْجَنَّةِ وَسَبْعُونَ فِي النَّارِ وَافْتَرَقَتْ النَّصَارَى عَلَى ثِنْتَيْنِ وَسَبْعِينَ فِرْقَةً فَإِحْدَى وَسَبْعُونَ فِي النَّارِ وَوَاحِدَةٌ فِي الْجَنَّةِ وَالَّذِي نَفْسُ مُحَمَّدٍ بِيَدِهِ لَتَفْتَرِقَنَّ أُمَّتِي عَلَى ثَلاثٍ وَسَبْعِينَ فِرْقَةً وَاحِدَةٌ فِي الْجَنَّةِ وَثِنْتَانِ وَسَبْعُونَ فِي النَّارِ" قِيلَ: يَا رَسُولَ اللَّهِ مَنْ هُمْ قَالَ: "الْجَمَاعَةُ"
(رواه الإمام ابن ماجة عَنْ عَوْفِ بْنِ مَالِكٍ رضي الله عنه)
ya'ni: “Yahudiylar etmish bir firqaga bo'lindilar. Ularning bittasi jannatda etmishtasi do'zaxda. Nasorolar etmish ikki firqaga bo'lindilar. Ularning etmish bittasi do'zaxda, bittasi jannatda. Allohga qasamki, mening ummatim esa etmish uch firqaga bo'linadilar. Ularning bittasi jannatda, etmish ikkitasi do'zaxdadir”. Shunda: “Ey, Allohning rasuli! U bittasi kimlar?”, deyildi. Rasululloh alayhissalom: “Ular jamoadir”, dedilar (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Ulamolarimiz hadisdagi “jamoat”dan murod Ahli sunna val jamoa yo'nalishi nazarda tutiladi, deganlar.
Ushbu hadisi sharifda faqat bitta jamoa to'g'ri yo'ldan og'ishmasdan najot topishlari xabari berilgan. Bu jamoaning qanday sifatda bo'lishi haqida boshqa bir hadisda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
إِنَّ أُمَّتِي لاَ تَجْتَمِعُ عَلَى ضَلاَلَةٍ ، فَإِذَا رَأَيْتُمُ اخْتِلاَفًا ، فَعَلَيْكُمْ بِالسَّوَادِ الأَعْظَمِ
(رواه الإمام ابن ماجة عَنْ أنس بن مالك رضي الله عنه)
ya'ni: “Ummatim aslo zalolat ustida jamlanmaydi. Shuning uchun qachon ixtilof ko'rsalaringiz “savodul a'zam” bilan birga bo'linglar” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Ushbu hadisdagi “Savodul a'zam” kalimasi “ulkan jamoa” ma'nosiga to'g'ri keladi. Ulamolarimiz “ulkan jamoa” dan murod Ahli sunna val jamoa yo'nalishidir, – deganlar.
Darhaqiqat, Ahli sunna val jamoa islom tarixining barcha davrlarida musulmonlarning katta qismini tashkil qilgan.
Vatandoshimiz Abu Qosim Hakim Samarqandiy rahmatullohi alayh (Imom Moturidiyning shogirdlaridan biri) o'zlarini “Savodul a'zam” kitoblarida Ahli sunna val jamoaga mansub bo'lgan kishilarning oltmish ikkita xislatlarini bayon qilgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:
Afsuski, hozirgi kundagi o'zini Ahli sunna val jamoadanman deb da'vo qiladigan kimsalarning ba'zilarida ushbu xislatlar umuman topilmaydi.
Demak, hozirgi kunda ham katta jamoat – e'tiqodda Imom Moturidiy va Imom Ash'ariy mazhablari hamda fiqhda to'rt mo''tabar (Hanafiy, Molikiy, Shofe'iy va Hanbaliy) mazhablarga ergashganlardir. Mana shular Ahli sunna val jamoani tashkil etadi. Ahli sunnat ichida bulardan boshqa e'tiqodiy va fiqhiy mazhablar mavjud emas.
Hurmatli jamoa! Fiqhiy mazhablar shakllanib bo'lgandan keyin buzg'unchi aqidaviy firqalar chiqib, musulmonlar ommasining aqidasiga futur etish xavfi tug'ildi. Musulmon ummati uchun ana shunday o'ta tahlikali bir paytda to'g'ri yo'ldagi aqidaviy mazhab bo'lishiga ehtiyoj tug'ildi.
Natijada 3-4-hijriy asrlarda Moturidiya va Ash'ariya aqidaviy mazhablari shakllandi. Islom olami bir ovozdan Imom Moturidiy va Imom Abulhasan Ash'ariyni Ahli sunna val jamoaning aqida bo'yicha imomlari deb tan oldi.
Abu Mansur Moturidiy va Abul Hasan Ash'ariy Ahli sunnaning aqoid bobida imomi ekanlari haqida ko'p ulamolar ta'kidlashgan. Jumladan, Imom Ibn Hajar Haytamiy shunday deydilar:
"المراد بالسنة ما عليه إماما أهل السنة والجماعة الشيخ أبو الحسن الأشعري وأبو منصور الماتريدي
ya'ni: “Sunnatdan maqsad – ahli sunnat va jamoat imomlari Abul Hasan Ash'ariy va Abu Mansur Moturidiy tutgan yo'ldir” (“Az zavojir an iqtirofil kaboir” kitobi).
Hofiz Murtazo Zubaydiy rahmatullohi alayh aytadilar:
"إذا أطلق أهل السنة والجماعة فالمراد بهم الأشاعرة والماتريدية"
ya'ni: “Qachon Ahli sunna val jamoa deyilsa Imom Ash'ariy va Imom Moturidiylar tushuniladi” (“Ithafu sadatil muttaqin sharhu ihyoi ulumid din” kitobi).
Azizlar! Ming yillardan beri musulmonlar mahkam tutgan mana shunday yo'nalishlarda barchamiz sobit turib, farzandlarimiz va yosh avlodga ushbu tushunchalarni sindirishimiz ayni muddaodir. Yoshlarimiz o'z e'tiqodi va mazhabini yaxshi bilsa, har xil oqim a'zolari ularni chalg'ita olmaydi va to'g'ri yo'lda bardavom bo'ladilar, inshalloh.
Quyida Imom Moturidiy haqida qisqacha bayon qilib o'tamiz. Imom Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy hijriy 240 yil atrofida Samarqandda tug'ilganlar. 333 hijriyda vafot etganlar.
Imom Moturidiyga Islom ulamolari turli xil ilmiy unvonlarni berganlar. Masalan, “Imomul hudaa” (hidoyatga boshlovchi imom), “Alamul hudaa” (hidoyat mayog'i), “Musahhihu aqoidil muslimiyn” (musulmonlarning aqidalarini har xil bid'at va xurofotlardan tozalovchi kishi), “Raisu Ahlis sunnah” (Ahli sunna val jamoa raisi) va boshqalar.
Bu sifatlar va unvonlar u kishining o'z izdoshlari qalbidan chuqur joy olganini, sunnatga yordam berish va himoya qilish yo'lida salmoqli natijalarga erishganini ko'rsatadi.
Imom Moturidiy Ahli sunna val jamoa aqidasini sharhlash va yoritib berishda muhim rol o'ynagan atoqli islomiy shaxsiyatlardan biri hisoblanadi.
Imom Moturidiy rahmatullohi alayh tafsir, aqida va fiqh fanlariga oid bir qancha kitoblar yozib, ulkan ilmiy meros qoldirganlar. Masalan, Qur'oni karim tafsiriga doir “Ta'vilotu ahlis-sunna” kitobini yozganlar. Hijriy etti yuz etmish beshinchi yilda vafot etgan imom Abdul Qodir Qurashiy bu kitobga: “U tafsir bobida hech qanday asar unga teng kelolmaydigan bir kitobdir. Hatto bu fan sohasida undan oldingilar yozib ketgan asarlar ham unga yaqin kelolmaydi”, deb ta'rif bergan.
Imom Kafaviy Imom Moturidiyning tarjimai holida shunday deydi: “Mutakallimlarning imomi, musulmonlarning aqidalarini har xil bid'at va xurofotlardan tozalovchisi bo'lgan bu kishiga Alloh taolo to'g'ri yo'lga hidoyat qilib qo'yish bilan madad bergan edi. Shuning uchun ham u to'g'ri dinni himoya qilishga bel bog'lab ulkan asarlar bitdi. Botil aqidalar sohiblarining so'zlariga raddiyalar berdi”.
Imom Mahmud Zohid Kavsariy aytadilar:
"فالأشعري والماتريدي هما إماما أهل السنة والجماعة في مشارق الأرض ومغاربها، لهم كتب لا تحصى
ya'ni: “Imom Ash'ariy va Imom Moturidiylar mashriqu va mag'ribda Ahli sunnat va jamoat imomlaridir. Ularning ko'p sonli kitoblari bor”.
Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayh turli botil aqidaviy firqalar ko'payganda u kishi sahobalar, tobe'inlar va zamondoshlari: taba tobe'inlarning sog'lom aqidalarini jamlab, sharhladilar va Ahli sunna aqidasini himoya qildilar.
Keyinchalik u zotga ergashganlar moturidiya aqidaviy yo'nalishi deb atala boshladi. Ba'zi johil toifalar da'vo qilgani kabi U zot yangi din yoki yangi aqida olib kelmaganlar. Balki, turli firqalar tomonidan Ahli sunna val jamoa aqidasini buzib talqin qilish boshlanganda, Imom Moturidiy rahmatullohi alayh tomonidan Payg'ambarimiz va sahobai kiromlar tutgan yo'l qaysi ekani sharhlab bildirilgan. Bu ishda Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning qoldirgan ilmlari va ijtihodlaridan ko'p foydalanganlar. Sababi, Imom Moturidiy rahmatullohi alayh ustozlarining ustozi orqali Imom Abu Hanifaning shogirdlari Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadga etib boradilar. Ya'ni, ikki ustoz vositasida Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad silsilasiga bog'lanadi.
Demak, Islom ummati e'tirof qilgan va bir ovozdan qabul qilgan mujtahid olimlarga Imom Moturidiy rahmatullohi alayh qanchalik yaqin bo'lganliklari va o'sha davrdagi sof islom bilim buloqlaridan suv ichganliklari ma'lum bo'lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ayrim adashgan toifalar Imom Moturidiy va Imom Ash'ariyga nisbatan nohaq ta'nalar va ayblovlar bilan chiqmoqdalar. Musulmonlarning 14 asrdan beri amal qilib kelayotgan aqidalariga shubha uyg'otib, o'rniga o'zlarining yanglish aqidalarini tiqishtirishga harakat qilmoqdalar. Vaholanki, ularning paydo bo'lganiga ko'p muddat bo'lgani yo'q.
Ularning da'vosi bo'yicha, Imom Moturidiy va Imom Ash'ariy adashgan bo'lsa, o'zlari kabi johillar paydo bo'lguncha Ahli sunna val jamoa, Payg'ambarimiz alayhissalom zikr qilgan haq yo'ldagi katta jamoa kim bo'lgan? Ulardan avval to'g'ri yo'lda yurganlar bo'lmaganmi? 13-14 hijriyda yoki undan keyin chiqqanlar, hali sahobayu tobe'inlarning “iz”lari o'chmagan 3-4 hijriyda yashagan olimlarni mutlaqo adashgan deyishi sog'lom aqlga to'g'ri keladimi? Ilmda, zuhdu, taqvoda o'tgan ulug'larimizga kechagina paydo bo'lgan firqa vakillari teng bo'la olarmidi!?
Hulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, moturidiylik yo'nalishi asosida e'tiqod qilib kelgan va kelayotgan mo'min-musulmonlar butun Islom ummati tarafidan yakdillik bilan olqishlangan va e'tirof etilgan buyuk imom – Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhning izdoshlaridir. Hususan, biz O'zbekistonlik mo'min-musulmonlar o'zlarining ulug' Imomi, Qur'on, sunnat va avval o'tgan solihlar yo'liga ko'ra musulmonlar aqidasini jamlagan, firqalanishga qarshi turgan bobokaloni Imom Moturidiy rahimahullohning ilmiy merosini o'rganishimiz hamda uni keng musulmonlar ommasiga targ'ib etishimiz lozim.
Azizlar! Shu maqsadda, Alloh nasib etsa kelgusi juma ma'ruzalarimizda ixtiloflarga sabab bo'yolayotgan dolzarb aqidaviy masalalarning moturidiylik ta'limotidagi sharhini bayon etib boramiz.
Muhtaram jamoat! Mamlakatimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom ko'rsatish, ularni e'zozlash borasida ko'plab ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimiz bugungi dunyo hamjamiyatida o'zining munosib o'rnini egallashi, ta'lim, madaniyat, sport va boshqa sohalarda tenglar ichra teng bo'lishi va o'z mavqe'iga ega bo'lishida ustoz va murabbiylarning o'rni beqiyosdir. Barchamizga ma'lumki, yurtimizda har yili 1 oktyabr' kuni “Ustozlar va murabbiylar kuni” sifatida keng nishonlanadi. Fursatdan foydalanib, yaqinlashib kelayotgan ushbu ayyom bilan qadrli ustoz va murabbiylarni chin qalbdan muborakbod etamiz.
Alloh taolo barchamizga O'zining hidoyat yo'lida mustahkam va sobit turishni nasib aylasin!
Islom tarixidagi eng ulug‘, ma’naviy jihatdan eng ibratli kunlardan biri Ashuro kunnidir. Har yili muharram oyining o‘ninchi kuni nishonlanadigan bu sana nafaqat ro‘za tutish fazilati bilan, balki Alloh taoloning bandalariga ko‘rsatgan marhamati, Muso alayhissalom va uning qavmini najot etganligi bilan ham ahamiyatlidir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ushbu kunga alohida e’tibor berganlar va ummatlarini ham uning fazilatlaridan bahramand bo‘lishga chorlaganlar. Ashuro kuni musulmonlar uchun ma’naviy poklanish, gunohlarga kafforat va sunnatni hayotga tatbiq etish imkonidir.
Bu kun musulmonlar uchun ro‘za tutish tavsiya etilgan kunlardan biri bo‘lib, ulamolarning ko‘pchiligi bu kunni ro‘za bilan o‘tkazishni mustahab deb hisoblaydi. Ashuro kuni ro‘za tutish sunnat amallardan biri bo‘lib, uning fazilati juda katta. Tasu’o (to‘qqizinchi) va Ashuro (o‘ninchi) kunlarida ro‘za tutish payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan qolgan sunnatlardandir. Bu Allohning kunlaridan biri bo‘lib, U Zot o‘z bandalariga marhamat ko‘rsatgan, ya’ni U zot Kalimulloh Muso alayhissalom va Uning qavmi Bani Isroilni Fir’avn va uning qo‘shinining zulmidan najot etgan kundir.
Ashuro kunini ro‘za bilan o‘tkazishning asosiy sababi bu kunda Alloh taolo Muso alayhissalom va Bani Isroilni Fir’avn va uning qo‘shinidan najot etganidir. Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini juda ahamiyatli deb bilar edilar. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni biror kunni boshqalardan afzal deb ro‘za tutishga uringanlarini ko‘rmaganman, faqat ushbu kun — Ashuro kuni va ushbu oy — Ramazon oyidan tashqari” (Imom Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni Ashuro kuni ro‘za tutishga rag‘batlantirar va: “Ashuro kuni ro‘zasi o‘tgan bir yilning gunohlariga kafforat bo‘lishini Allohdan umid qilaman”, der edilar (Imom Muslim rivoyati).
Musulmonlar bu sunnatni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng amaliyotga tadbiq eta boshladilar. U kishi yahudiylarni Ashuro kuni ro‘za tutayotganini ko‘rdilar va buning sababini so‘raganlarida, ular: “Bu yaxshi kun bo‘lib, Alloh ushbu kunda Bani Isroilni dushmanlaridan najot etgan, shuning uchun Muso alayhissalom ushbu kunni ro‘za bilan o‘tkazgan”, deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Men Musoga sizlardan ko‘ra yaqinroqman”, deb, o‘sha kuni ro‘za tutdilar va boshqalarga ham ro‘za tutishni buyurdilar.
Shu kundan boshlab bu amal sunnat sifatida amalga oshirila boshlandi va musulmonlar uchun o‘tgan yilning gunohlaridan poklanish, katta savob va fazilatga erishish imkoni sifatida qaraladi.
Ashuro kuni bu barcha musulmonlar uchun muhim sana hisoblanadi. Ko‘plab insonlar bu kunda ro‘za tutishga va ibodat qilishga intiladi.
Ko‘pchilik Ashuro kunini yagona holda ro‘za tutish mumkin emas, deb hisoblaydi. Ammo Azhar muassasasi o‘z fatvolaridan birida bu fikrni rad etgan. Unda ta’kidlanganidek, juma yoki shanba kuni Ashuro kuniga to‘g‘ri kelsa ham, uni alohida holda ro‘za tutish man qilingan emas.
Azhar ulamolarining ta’kidlashlaricha, imom Tahoviy rahmatullohi alayhdan rivoyat qilingan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasiga izn berganlar va unga targ‘ib qilganlar. Lekin bu kun shanbaga to‘g‘ri kelsa, tutmanglar, demaganlar. Buning o‘ziyoq, Ashuro har qanday kunga to‘g‘ri kelsa ham ro‘za tutish mumkinligini ko‘rsatadi”.
Shuningdek, agar Ashuro yoki Arafa kuni juma yoki shanba kuniga to‘g‘ri kelsa yoki insonning odatdagi ro‘zali kuni bo‘lsa, bu holda ro‘za tutishda hech qanday mone’lik yo‘q.
Dorul-Ifto (Misr Fatvo hay’atining 2023 yil 26 iyuldagi 7756 raqamli Professor Doktor Shavqiy Ibrohim Allom fatvosida) ham Ashuro kunini ya’ni muharramning 10-kunini yagona holda ro‘za tutish joizligini tasdiqlagan. Shu bilan birga, ixtilofdan qochish maqsadida, u bilan birga bir kun avval 9-kun yoki bir kun keyin 11-kun ro‘za tutish tavsiya etildi.
Misr Dorul-Ifto muassasasi ta’kidlashicha, muharramning 9-kunini ro‘za tutish qat’iy sunnatdir. Bu borada Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda keladi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘za tutganlarida, Payg‘ambarimizga yahudiy va nasroniylar bu kunni ulug‘lashlarini aytishgan. Shunda u zot: “Kelgusi yili, agar Alloh xohlasa, to‘qqizinchi kuni ham ro‘za tutaman”, deganlar. Ibn Abbos aytadilar: kelgusi yil kelmasdan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar. Bu hadisni Imom Muslim o‘z “Sahihlarida” keltirganlar.
Sunnatda Ashuro kuni ro‘zasi tutishning fazilati haqida bir qator rivoyatlar keltirilgan. Unga ko‘ra, muharram oyida ro‘za tutish tavsiya etilgan amallardan sanaladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
“Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi muharram oyida tutiladigan ro‘zadir. Farz namozlardan keyingi eng afzal namoz kechasi o‘qiladigan (tahajjud) namozdir”.
Ashuro kunining fazilati shundaki, bu kun tutiladigan ro‘za o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi. Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi:
— Arafa kuni ro‘zasi haqida nima deysiz?
U zot: “Allohdan umid qilamanki, o‘tgan va kelgusi yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi”, dedilar.
— Ashuro kuni ro‘zasi haqida nima deysiz? deb so‘radilar.
U zot: “Allohdan umid qilamanki, o‘tgan yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi”, deb javob berdilar.
Shuningdek, Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
“Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni biron kunni boshqalardan ko‘ra afzal deb ro‘za tutishga shunchalik intiqlik bilan intiqlik qilganlarini ko‘rmaganman, faqat ushbu kun Ashuro kuni va ushbu oy Ramazon oyi bundan mustasno”.
Ulamolarimiz Ashuro kunida ahli oilaga ko‘proq sarf qilish, ya’ni ularni quvonchli qilish, rizqda kenglik qilishning tavsiya etilgan amallardan ekanini ta’kidlaydilar. Bu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislariga asoslanadi:
“Kimki Ashuro kunida o‘z ahliga (oila a’zolariga) kenglik qilsa, Alloh taolo unga butun yili kenglik beradi”.
Xulosa o‘rnida shuni eslash joizki, Ashuro kuni bu bir kunlik ro‘za orqali butun bir yillik gunohlardan poklanish umidi berilgan, Allohning maxsus marhamati to‘kilgan muqaddas kundir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan biri bo‘lgan ushbu ro‘zani tutmoq, uni 9-kuni yoki 11-kun bilan birga ado etmoq musulmon kishi uchun katta ajru savob manbaidir.
Shuningdek, bu kunda ahli oilaga shodlik ulashish, rizqda kenglik qilish ham sunnatga uyg‘un amallardan hisoblanadi. Demak, Ashuro kuni ibodat, muhabbat va ma’naviy yangilanish kunidir. Undan oqilona foydalangan kishi na dunyoda, na oxiratda ziyon ko‘rmaydi.
Dilshod Aliyev,
"Boloi Hovuz" masjidi imomi.