Namozni o'z vaqtida o'qish farz va lozimdir. Vaqti kirmasdan o'qilgan namozlar hisobga o'tmaydi. Vaqtida o'qishga ulgurilmagan namozlarning qazosi o'qiladi.
Aliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam u kishiga: «Ey Aliy, uch narsani ortga surmagin. Namozni vaqti kirganda, janozani hozir bo'lganda va ersiz ayol tengini topganda», dedilar»
Imom Termiziy rivoyat qilgan.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Namozning avvalgi vaqti Allohning roziligidir. Oxirgi vaqti Allohning afvidir», dedilar» (Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Alloh taolo farz qilgan namozlarning o'qish vaqti quyidagi paytlarda bo'ladi:
1. Bomdod namozining vaqti – subhi sodiqdan (chin tong otgandan) kun chiqqunchadir.
2. Peshin namozining vaqti – quyosh zavolga (og'ishga) ketganidan so'ng to narsalarning soyasi quyosh tikkaga kelgan paytdagi soyasidan tashqari o'z uzunligiga nisbatan ikki baravar ortguniga qadar.
3. Asr namozining vaqti – har bir narsaning soyasi quyosh tikkaga kelgan paytdagi soyasidan tashqari o'ziga nisbatan ikki baravar ortganidan boshlab quyosh botgunchadir.
4. Shom namozining vaqti – kun botgan paytdan boshlab kunbotar tomonda shafaq (qizg'ish nurlar) g'oyib bo'lgunchadir.
5. Hufton namozining vaqti – shafaq batamom yo'qolgandan keyin kiradi.
Vitr namozi vaqti esa xufton o'qilgandan keyingina kiradi. Hufton va vitr namozlarini subhi sodiqqacha o'qisa bo'ladi.
Bomdod namozini tong yorishganda o'qish mustahab, a'loroqdir. Soat bo'yicha hisoblansa, bomdodni kun chiqishidan 40 daqiqacha ilgari o'qish mustahab vaqtiga muvofiq bo'ladi.
Peshin namozini yoz faslida biroz kechiktirib, qish faslida esa vaqti kirishi bilan o'qish mustahabdir.
Asr namozini quyosh tig'ini o'zgartirmay, nursiz holatga kirishidan oldinroq o'qish mustahabdir.
Shom namozini doimo quyosh botishi bilan o'qish mustahabdir.
Hufton namozini kechaning uchdan birining oxirida o'qish afzal va nihoyatda a'lo bo'ladi. Vitr namozini esa tun oxirida uyg'onishga qodir bo'lgan kishilar subh oldidan o'qisalar, mustahab amal qilgan bo'lishadi.
Havo bulutli kunlarda asr va xufton namozlarini avvalgi vaqtlarida o'qish hamda bomdod, peshin, shom namozlarini esa (vaqti kirgani ma'lum bo'lmasa) biroz kechiktirib o'qish maqsadga muvofiqdir.
Quyidagi vaqtlarda namoz o'qish, tilovat sajdasi qilish, janoza namozi o'qish joiz emas (mumkin emas):
– kun chiqayotgan paytda;
– kun qiyom (tikka)ga kelganida;
– kun botish chog'ida;
Bu paytlarda namoz o'qish, Qur'oni Karimdan sajda oyati o'qilganda sajda qilish, janoza namozini shu vaqtga to'g'rilab o'qish mumkin emas. Ammo shu kungi asr namozi kun botayotgan bo'lsa ham ado etilaveradi.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Menga eng rozi bo'lingan kishilar guvohlik berdilar. Ularning ichida eng rozi bo'lingani Umardir. «Albatta, Nabiy sollallohu alayhi vasallam bomdod namozidan keyin to quyosh chiqquncha va asrdan keyin (quyosh) botguncha namoz o'qishdan qaytarganlar», dedi»
Imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rivoyat qilishgan.
Nafl (ixtiyoriy) namozlarni imom xutba o'qish uchun minbarga chiqqanida, subhi sodiqdan kun chiqqunicha, asrni o'qigan kishi shom namozini o'qiguncha ado etishi makruhdir, ya'ni joiz emas.
azon.uz
Shu yil 5-7 avgust kuni Namangan viloyatidagi "Hidoya" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2025-2026 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari o‘tkazilmoqda.
Mazkur jarayonda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbar hamda mas’ul xodimlari, "Hidoya" va "Sayyid Muhyiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari rahbarlari hamda qabul bo‘yicha mas’ul xodimlari, abituriyentlar ishtirok etmoqda.
Dastlab abituriyentlar imtihon ruxsatnomasida ko‘rsatilgan vaqt bo‘yicha tartib bilan kiritilib, mutasaddilar tomonidan test imtihoni tartibi tushuntirildi. Shundan so‘ng test sinovlariga start berildi.
Ushbu jarayon adolatli o‘tishi uchun soha mutaxassislari bilan bir qatorda turli tashkilot vakillari jalb etilgan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yil 2-hudud Namangan viloyatidan ishtirok etadigan abituriyentlar soni 2190 nafarni tashkil etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi