O'zbekistonda 14 sentyabrdan boshlab yana 2300 dan ortiq maktab ochilib, ularda an'anaviy ta'lim boshlandi. Aksariyat maktablarda an'anaviy ta'lim oktyabr' oyiga qadar tiklanishi kutilmoqda. Bunda maktablarni ochish haqidagi qaror individual tarzda joylardagi haqiqiy holat hamda sog'liqni saqlash tizimi xulosalariga muvofiq, mahalliy kengashlar deputatlari ruxsatidan so'ng qabul qilinadi.
Bolalarning quvonchi cheksiz axir, pandemiya ularni olti oydirki, maktab sinfxonalari, do'stlaridan yiroqlashtirib turibdi. Nasib bo'lsa, har tong yana bilimlar maskani sari oshiqishadi.
Urgut tumanida joylashgan “Shayx Muxiddinxon” jome masjidi imom-xatibi Nodir Tursunov xayrli ishga bosh bo'ldi. “Chorchinor” mahallasidagi tadbirkorlar ko'magida karantin sharoitida maktab bozoriga etarlicha tayyorgarlik ko'ra olmagan oilalar farzandlariga maktab formalari va o'quv qurollarini hadya etishdi. Endilikda bu bolajonlar ham boshqa do'stlari qatorida yangi ust-bosh, o'quv qurollari bilan darslarni boshlashadi.
Hadisi qudsiyda: “Qaysi bir inson birovning og'irini engil qilsa, hojatini ravo qilsa, Men o'sha insonning og'irini oxiratda engil qilaman, hojatini ravo qilaman”, - deb Alloh taolo va'da qilgani bayon etilgan. Yaxshilik va xayru sahovat ishlari doimo dillarga quvonch ulashib, Yaratganning roziligi, barakaning ko'payishi, balolarning ko'tarilishiga sababchi bo'lsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo'limi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida olimlar ishtirokida muzey ekspozitsiyasi uchun tayyorlangan ilmiy loyiha-tadqiqot ishlarining matnlari, ma’lumotlari, mediamahsulotlarini maxsus raqamli platformaga joylashtirish masalalariga bag‘ishlangan yakuniy maslahat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Markazdagi yig‘ilishda ta’kidlanishicha, o‘tgan yili mahalliy va xalqaro anjumanlar doirasida ishlab chiqilgan 800 dan ziyod ilmiy loyihadan 330 tasi birinchi bosqich uchun ustuvor yo‘nalish sifatida ajratilgan va ularning asosiy qismi yakunlangan. Qolgan ishlar esa 60–70 foiz darajada amalga oshirilgan.
Olimlar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda Markaz rahbari, Ilmiy kengash raisi Firdavs Abduxoliqov Prezidentimizning Markazga navbatdagi tashriflari chog‘ida olib borilayotgan ishlar yuzasidan bergan ko‘rsatmalari haqida to‘xtaldi. Qayd etilishicha, davlatimiz rahbarining bergan navbatdagi ko‘rsatmalari bu yo‘nalishdagi ishlarga yana katta ruhiy quvvat beradi.
– Bu oldimizda katta mas’uliyat borligini yana bir bor isbotlaydi. Muzeydagi barcha bo‘limlarda amalga oshirilayotgan ishlar va umuman mahobatli binoning ko‘rinishi Prezidentimizning buyuk g‘oyalari asosida shakllantirilayotgan bo‘lib, har birimizni bir maqsad yo‘lida birlashtirdi. Markaz ekspozitsiyasida “Sivilizatsiyalar, shaxslar va kashfiyotlar” mavzusiga katta ahamiyat qaratgan holda shakllantirishga bor g‘ayratimizni yo‘naltirdik. Shu o‘rinda, har biringizning mehnatingizni qadrlaymiz. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yoshlarimizni ma’naviy va aqliy jihatdan tarbiyalaydigan maskan bo‘ladi. Hurmatli Prezidentimiz ta’kidlaganidek, Islom sivilizatsiyasi markaziga kirgan odam chiqqach, bu millatga ta’zim qilishi kerak.
Yig‘ilishda tadqiqot matnlarini raqamlashtirish va elektron platformaga joylashtirish tashabbusi ilmiy natijalarni keng jamoatchilikka taqdim etish, muzey ekspozitsiyasi mazmunini boyitish hamda Markazning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilishiga ham to‘xtalib o‘tildi.
Olimlarga ilmiy matnlarni maxsus platformaga joylashtirishda texnik va uslubiy imkoniyatlar haqida batafsil tushuntirish berildi, shuningdek, tadqiqot natijalarini eksponatlar, videoloyihalar va elektron mahsulotlar orqali taqdim etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida qayd etilganidek, ilmiy loyiha-tadqiqot matnlarini raqamli platformaga joylashtirish jarayoni nafaqat muzey ekspozitsiyasini mazmunan boyitishga, balki Markazning xalqaro nufuzini oshirishga ham xizmat qiladi. Bu tashabbus kelgusida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish va ommalashtirish yo‘lida muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazi
Axborot xizmati