Ertaga, 4 sentyabr sanasidan Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq yurtimiz masjidlarida juma namozlari ado etiladi, inshaalloh.
24 haftalik to'xtalishdan so'ng mo'min-musulmonlar muborak juma ibodatini yana ado etish baxtiga muyassar bo'layotganlari uchun Alloh taologa cheksiz hamdlar bo'lsin. Bugun barcha jomelarda belgilangan karantin qoidalari va sanitariya-epidimiologiya me'yorlari asosida ko'p sonli jamoatni qabul qilishga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Binolarni tozalash, dezinfektsiya ishlari, ijtimoiy masofa saqlash uchun maxsus belgilar va boshqa zaruriy choralar ko'rilmoqda.
Shu o'rinda juma namozlariga tashrif buyuruvchilarga masjid xodimlari ko'rsatmalariga amal qilgan holda belgilangan karantin qoidalariga rioya qilishlarini, imkon qadar o'zlari bilan joynamozlarini olib kelishlarini hamda masjidlarga kirish-chiqish joylarida to'planish hollariga yo'l qo'ymasliklarini so'rab qolamiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Masjidlar bo'limi
Otam menga o‘rgatgan uchta ishni hech qachon unutmayman. Sizlarga ham ular haqida aytib bergim keldi.
Birinchisi, otam mening qo‘limdan tutib, yozishni o‘rgatardi. Men o‘qish va yozishni otamdan o‘rgandim. Hayotim mobaynida nimaiki yaxshi narsa o‘qisam, yozsam, uning savobidan otamga ham nasiba borib turadi, inshoalloh.
Ikkinchisi, otam tirnoqlarimni olib qo‘yar, menga bu ishning ahamiyati, tirnoq ostidagi mikroblarning zarari, xususan, ovqat paytidagi ziyoni haqida gapirib berardi. Biroz kattaroq bo‘lganimda tirnog‘imni o‘zim olishimni o‘rgatdi. Har tirnoq olganimda shularni eslab, haqiga duo qilib qo‘yaman.
Uchinchisi, otam nonushta qilmay uydan chiqishimga yo‘l qo‘ymasdi. Sog‘lom bo‘lishda ertalabki nonushtaning ahamiyatini keyin bilib oldim. Har nonushta qilganimda ham otamning haqqiga duo qilaman.
Ma’ruzalarimdan birida yig‘ilganlardan: «Farzandlaringizga har kuni qo‘llaydigan uchta ajoyib odatingiz bormi?» deb so‘radim. Bir ota dedi: «Ishga ketishimdan oldin ularni o‘pib qo‘yaman, asr namozini o‘qib bo‘lgach, ularing har biri uchun duo qilaman, uyquga yotishlaridan oldin ularni bag‘rimga bosaman».
Siz ham o‘zingizdan so‘rab ko‘ring-chi, otangiz yoki onangiz siz uchun bajaradigan uchta eng yaxshi ishni eslay olasizmi? Yoki o‘zingiz bolangizga uchta yaxshi odatni o‘rgatyapsizmi?..
Abdulloh Muhammad Abdulmu’tiyning
"FARZAND TARBIYASIDA 700 SABOQ" kitobidan