Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Noyabr, 2026   |   17 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:01
Quyosh
07:20
Peshin
12:16
Asr
15:15
Shom
16:59
Xufton
18:16
Bismillah
27 Noyabr, 2026, 17 Jumadul soni, 1448

18.10.2023   698   1 min.
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

FIQHIY MAZHABLAR QANDAY PAYDO BO‘LDI?

27.11.2026   499   5 min.
FIQHIY MAZHABLAR QANDAY PAYDO BO‘LDI?

Fiqhiy mazhablar tarixi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning davrlariga bog‘liqdir. U zot alayhi vasallam hayotlik paytlarida shariatga bog‘liq barcha masalalarning yechimini U Zot alayhissalomning o‘zlaridan so‘ralar va U zotning so‘zlari masalaga oxirgi nuqtani qo‘yar edi. Lekin o‘sha paytda ham ijtihod bo‘lgan. Sahobalar U zotga murojaat qilishning iloji bo‘lmaganda  yoki Madinadan chiqishganida ijtihod qilishgan va Madinaga qaytishganda Payg‘ambarimiz alayhissalomdan masalani javobini so‘rashgan. U zot alayhissalom yo sahobalarning xatosini to‘g‘irlaganlar yoki ularning ijtihodlarini to‘g‘riligini tasdiqlaganlar. Ba’zan, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bir ishga buyursalar sahobai kiromlar uni turlicha tushunib, o‘zaro fikr mulohaza qilar edilar. Bunga misol, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sahobai kiromlarga shunday dedilar:

"لَا يُصَلِّيَنَّ أَحَدٌ الْعَصْرَ إِلاَ فِي بَنِي قُرَيْظَةَ" (رواه الإمامُ البخاري عن ابن عمرَ رضي الله عنهما)

ya’ni: “Biror kishi asr namozini Banu Qurayzadan boshqa joyda o‘qimasin!” (Imom Buxoriy rivoyatlari). Shunda ba’zi sahobalar: “Asr namozini faqat, Banu Qurayzada o‘qiymiz”, – deb asr namozi vaqti kirgan bo‘lsa ham uni o‘qimasdan yo‘lda davom etdilar. Ba’zi sahobalar esa: “Rasululloh bu gaplari bilan bizni tez yurishga undadilar, asrni o‘qib olib, tez yurib ketaversak zarari yo‘q” , – deb yo‘lda asrni o‘qib oldilar. Keyin Rasulullloh sallallohu alayhi vasallamga ikki tomonning ham ishlari bayon qilinganda, ikkisi ham to‘g‘riligini aytdilar.

Ikkinchi misol, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal  raziyallohu anhuni yamanliklarga islomni o‘rgatish uchun yuborganlar. Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu jo‘nab ketayotgan paytlarida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam u kishini to‘xtatib shunday deganlar:

"‏ كَيْفَ تَقْضِي إِذَا عَرَضَ لَكَ قَضَاءٌ‏"‏‏ قَالَ: "أَقْضِي بِكِتَابِ اللَّهِ" ‏ قَالَ: ‏"‏فَإِنْ لَمْ تَجِدْ فِي كِتَابِ اللَّهِ‏"‏ قَالَ: "فَبِسُنَّةِ رَسُولِ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم"‏ قَالَ: ‏"‏فَإِنْ لَمْ تَجِدْ فِي سُنَّةِ رَسُولِ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم وَلاَ فِي كِتَابِ اللَّهِ‏"‏‏ قَالَ: "أَجْتَهِدُ رَأْيِي وَلاَ آلُو" فَضَرَبَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم صَدْرَهُ وَقَالَ: ‏"‏الْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي وَفَّقَ رَسُولَ رَسُولِ اللَّهِ لِمَا يُرْضِي رَسُولَ اللَّهِ"‏ (رَوَاهُ الإِمَامُ أبو داود والإِمَامُ الترمذي)

 ya’ni: “)U yerda sizga) biror masala duch kelsa, qanday qilib hukm chiqarasiz?” deb so‘radilar. Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu “Allohning kitobi ila”, – deb javob berdilar. Rasuli Akram sallallohu alayhi vasallam: “Allohning kitobidan topa olmasangizchi?” – deb so‘radilar. Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu: “Rasulullohning hadislari bilan”, – deb javob berdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Rasulullohning hadislaridan ham topa olmasangizchi?” – deb so‘radilar. Shunda Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu: “Qarab turmasdan, fikrim ila ijtihod qilaman”, –dedilar. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam bu javoblardan g‘oyat mamnun bo‘ldilar va: “Rasulullohning elchisini Rasulullohni rozi qiladigan narsaga muvaffaq qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin”, – dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).

SAHOBALAR DAVRI

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin ixtiloflar juda kam edi. Odamlar bilmagan narsalarini asosan xalifalar va katta sahobalardan so‘rar edilar. Xalifalar qiyin masalalarni yechish uchun eng bilimdon sahobalarni yig‘ib mashvarat qilishar va fatvo berishardi (Alloh ulardan rozi bo‘lsin). Keyinchalik sahobalar turli shaharlarga tarqab ketdilar. Odamlar o‘zlari suhbatiga yetishgan olim sahobalarning fatvolariga amal qilishardi. Xususan, sahobalar davrining oxirida ahvol shunday edi. Shunday qilib odamlar ishonchli manbadan sof va to‘g‘ri ma’lumotlarni olishardi va ularning so‘ziga, ba’zi masalalarni hisobga olmasa, to‘liq amal qilishardi. O‘sha davrning markaziy shaharlari Madinada avval Nofe’, u kishidan keyin Abdulloh ibn Umar, Kufa shahrida Abdulloh ibn Mas’ud, Makkada Abdulloh ibn Abbos, Misrda Abdulloh ibn Amr ibn Osning (Alloh ulardan rozi bo‘lsin) fatvolariga amal qilinardi.

TOBЕ’IN VA TABA TOBЕ’INLAR DAVRI

Tobe’inlar davrida ham ish xuddi mana shunday davom etdi. Odamlar asosan sahobalardan ilm olgan katta tobe’inlarning fatvolariga amal qilishgan.

Ulardan keyin taba tobe’inlar davrida savollar va yangi hodisalar ko‘payib ketdi. Fatvoga ehtiyoj ortdi. Shunda bir qancha katta ilm sohiblari yuzaga chiqdilar. Ular: Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Avzo’iy, Imom Ja’fari Sodiq, Imom Muhammad ibn Boqir, Imom Al-Lays ibn Sa’d va boshqalar edi (Alloh ularni rahmat qilsin). Ulardan keyin ulug‘ fuqaholar bo‘y ko‘rsatdilar. Ular: Imom Shofe’iy, Imom Ahmad, Imom Sufyon ibn Uyayna, Imom Is'hoq ibn Rohavayh, Imom Ali ibn Madiniy, Imom Dovud ibn Ali va boshqalar edi (Alloh ularni rahmat qilsin).

Yuqorida zikr qilingan zotlarning har birining o‘ziga xos ijtihodlari bo‘lgan. Ulardan birining biror masalada o‘z ra’y (yondoshuv, fikr)i bo‘lsa, buni mazhab deyilardi. Ularning hamma ijtihodlarini jamlanmasini ham mazhab deb atalgan. Demak, u zotlarning har birini o‘ziga xos va mustaqil mazhabi (masalani yechish, savollarga javob berishda o‘ziga xos yondoshuvi) bo‘lgan.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA