وَلَقَدۡ أَنزَلۡنَآ إِلَيۡكَ ءَايَٰتِۢ بَيِّنَٰتٖۖ وَمَا يَكۡفُرُ بِهَآ إِلَّا ٱلۡفَٰسِقُونَ٩٩
99. Haqiqatan Biz sizga ochiq oyatlarni tushirdik, ularni faqat fosiqlargina inkor etishadi.
Fosiq kimsalargina bor haqiqatni ochiq-oydin aytib turgan Qur'on oyatlarini inkor qilishga jur'at etishadi. Chunki ularning buni tan olishdan kufrlari, kibrlari, hasadlari to'sib turadi. Shundaylardan biri Madina yaqinidagi Fadaq degan mavzeda yashovchi yahudiy rohibi Abdulloh ibn Suriya ismli kimsa edi. U Payg'ambarimiz alayhissalomdan "Senga qaysi farishta tushadi?" deb so'raydi va Jabroil nomini eshitib bu ulug' farishtani yomonlashga tushadi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: "Bu oyat Ibn Suriya savoliga javobdir. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: "Ey Muhammad, biz biladigan biror narsani bizga keltirmading, senga biror aniq oyat tushganini bilsaydik, biz unga ergashsak" deganida Alloh azza va jalla mazkur oyatni nozil qildi".
أَوَ كُلَّمَا عَٰهَدُواْ عَهۡدٗا نَّبَذَهُۥ فَرِيقٞ مِّنۡهُمۚ بَلۡ أَكۡثَرُهُمۡ لَا يُؤۡمِنُونَ١٠٠
100. Har gal ular ahdlashsa, boshqa bir guruhi uni buzaveradimi? Aslida ularning aksari imon keltirmaydi.
Yahudiylarning fosiq va kofirlari boshlariga biror balo yoki musibat kelsa, darrov Allohga yolborib qolishadi, Unga ahdu paymon qilishadi. Ammo oradan ko'p o'tmay ulardan boshqa bir guruhi berilgan ahdlarni hech narsa bo'lmaganday buzib ketaveradi. Chunki ularning aksariyati imonsizlardir: Allohga, Uning payg'ambari, farishtalari va kitoblariga ishonmaydi.
Anas roziyallohu anhu shunday degan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon bizga murojaat qilsalar, “Omonati yo'q kishining imoni yo'q. Ahdi yo'q kishining dini yo'q”, der edilar». Ya'ni, omonatga xiyonat qiladigan kimsa imonsiz, ahdiga vafo qilmaydigan kimsa dinsizdir. Har qanday ishdagi xiyonat qabih bo'lib, ba'zilari ayniqsa yomonroqdir. Ahlingiz yo molingizga xiyonat qilgan kimsa bilan arzimas pulingizga xiyonat qilgan kimsa teng emas.
وَلَمَّا جَآءَهُمۡ رَسُولٞ مِّنۡ عِندِ ٱللَّهِ مُصَدِّقٞ لِّمَا مَعَهُمۡ نَبَذَ فَرِيقٞ مِّنَ ٱلَّذِينَ أُوتُواْ ٱلۡكِتَٰبَ كِتَٰبَ ٱللَّهِ وَرَآءَ ظُهُورِهِمۡ كَأَنَّهُمۡ لَا يَعۡلَمُونَ١٠١
101. Ularga Alloh huzuridan o'zlaridagilarni tasdiqlab Payg'ambar kelganida Ahli kitoblarning bir guruhi Alloh Kitobini bilmagandek ortlariga otishdi.
Va'dasida turmaslik, ahdni buzish yahudiylarning eski odatlaridir. Payg'ambar solllallohu alyhi vasallam sifatlarini Tavrotda ko'rib qolib, uni yo'qotishdan boshqa yo'l topisholmadi. Yuqoridagi oyatning nozil bo'lishi haqida imomlardan birining bunday rivoyati bor: "Yahudiylar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Tavrot to'g'risida nima so'rashsa, Nabiy ularga javob qilar edilar. Ular sehr to'g'risida so'rab, Rasululloh bilan tortishib qolishdi. Shunda ushbu oyat nozil qilindi" (Abu Oliya rivoyati).
— Haj vaqtida ziyoratchilarimiz shaytonga tosh otishadi. Tosh nima uchun otiladi?
— Darhaqiqat, haj vaqtida qilinadigan amallardan biri bu – Minoda shaytonga tosh otishdir. Shayton hamma yerda ham bo‘lishi mumkin. Aynan hajda va ma’lum joylarda shaytonga tosh otish, shayton o‘sha vaqt va joylarda Ibrohim alayhissalomga qutqu solganda u zot uni tosh otib quvganlari uchundir. Bunda shaytonga qarshi kurashning ramzi bordir.
Shaytonga tosh otish, avvalo ichdagi shaytonni toshbo‘ron qilish ila boshlanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Shaytonga tosh otish va Safo bilan Marva orasida say’ qilmoq, faqat Allohning zikrini qoim qilmoq uchun amr qilingandir”.
Yana tosh otishdan maqsad, shaytonni yomon ko‘rishdir. Tosh otilar ekan, shayton qalbga vasvasa solganida “A’uzubillahi minashshaytonir rojim” (toshbo‘ron qilingan shaytonning yomonligidan Allohdan panoh so‘rayman) ifodasi bilan bartaraf etish lozim.
Mo‘minlar shaytonning har turli fasodlariga qarshi o‘yg‘oq bo‘lishga harakat qilishi zarur. Haj safari asnosida esa vasvasalarga yengilmaslik, sabr qilish va imtihon ekanini tushunib, haj ibodatini mukammal ado etishdir.
Ustoz Muhammad Ayyub Homidov