Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Avgust, 2026   |   30 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:01
Quyosh
05:30
Peshin
12:28
Asr
17:22
Shom
19:29
Xufton
20:56
Bismillah
13 Avgust, 2026, 30 Safar, 1448

28.08.2020 y. Tadbirkor – elga madadkor

28.08.2020   6744   15 min.
28.08.2020 y. Tadbirkor – elga madadkor

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ للهِ رب العالمين وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمَ عَلَى سَيِّدِنَا ونبينا مُحَمَّدٍ الأمين ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ:

TADBIRKOR – ELGA MADADKOR 

Muhtaram jamoat! Dinimizda halol kasb qilishga targ'ib qilingan bo'lib, tanballik va ishyoqmaslik kabi kishining o'ziga va jamiyatiga zarar keltiruvchi illatlardan qaytarilgan.  Kishi birovga muhtoj bo'lmaslik uchun mehnat qilar ekan, ham o'zining insonlik sharafini himoya qiladi, ham Yaratganning amriga itoat etadi. Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda kasbu kor qilishga amr qilib shunday degan:

فَإِذَا قُضِيَتِ الصَّلَاةُ فَانْتَشِرُوا فِي الْأَرْضِ وَابْتَغُوا مِنْ فَضْلِ اللَّهِ وَاذْكُرُوا اللَّهَ كَثِيرًا لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ 

ya'ni: “Bas, qachonki, namoz ado qilingach, erda tarqalib, Allohning fazli (rizqi)dan istayveringiz! Allohni ko'p yod etingiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz” (Jum'a surasi, 10-oyat).

Halol rizq yo'lida qilinadigan sa'y-harakatlar uchun ulkan savoblar va'da qilingan bo'lib, hatto bu narsa farz darajasiga ko'tarilgandir. Bu haqda

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"طَلَبُ كَسْبِ الْحَلاَلِ فَرِيْضَةٌ بَعْدَ الْفَرِيْضَةِ"

(رواه الإمام البيهقي عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ مَسْعُودٍ رضي الله عنه)

ya'ni: “Halol kasb qilish farzdan keyingi farzdir” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

Imom Muhammad ash-Shayboniy ilm talab qilish qanday farz bo'lsa, halol kasb talab qilish ham xuddi shunday farzdir, deganlar.

Mo'min kishi halol rizq topish harakatida bo'lgan paytida, Allohning amriga muvofiq amal qilishi bilan birgalikda Rasululloh alayhissalomning ko'rsatmalariga ham binoan ish tutayotgan shaxs hisoblanadi. Zero, Rasuli akram sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

"مَا أَكَلَ أَحَدٌ طَعَامًا قَطُّ خَيْرًا مِنْ أَنْ يَأْكُلَ مِنْ عَمَلِ يَدِهِ"

 (رواه الإمام ابن ماجه عَنِ الْمِقْدَامِ رَضِي اللَّه عَنْه)

ya'ni: “Kishi o'z qo'l mehnati bilan topganidan ko'ra yaxshiroq va pokizaroq taom emaydi” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Muhtaram azizlar! Ulamolarimiz tirikchilik va kasb-kor qilish orqali mol topishni bir necha daraja va martabalarga bo'lganlar.

Birinchisi – farz daraja bo'lib, bu kishining o'zi va oilasining zaruriy ehtiyojlarini qondirish hamda qarzlarini uzishga etadigan miqdorda ishlab pul topishidir.

Ikkinchisi – mustahab daraja bo'lib, bu faqir-kambag'allarga ham yordam qo'lini cho'zish, do'st-yor va yaqinlariga muruvvat ko'rsatish maqsadida mol-dunyo orttirishga harakat qilishdir. O'zgalarga yordami tegadigan kishini Payg'ambarimiz  sallallohu alayhi vasallam maqtab bunday deganlar:

"أَحَبُّ النَّاسِ إِلَى اللَّهِ أَنْفَعُهُمْ  لِلنَّاس"

(رواه الإمام الطبراني عَن ابْنِ عُمَر رضي الله عنهما)

ya'ni: “Odamlarning ichida Allohga eng mahbubi odamlarga ko'proq manfaati etadiganidir(Imom Tobaroniy rivoyatlari).

Uchinchisi – muboh darajadagi kasbu kor. Bu farovon hayot kechirish uchun ziyoda mol orttirmoq. Bu ham agar haloldan bo'lsa joizdir. Payg'ambarimiz  sallallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:

"مَنْ طَلَبَ الدُّنْيَا حَلالا اسْتِعْفَافًا عَنِ الْمَسْأَلَةِ  وَسَعْيًا عَلَى الْعِيَالِ وَتَعَطُّفًا عَلَى الْجَارِ  لَقِيَ اللَّهَ تَعَالَى وَوَجْهُهُ كَالْقَمَرِ لَيْلَةَ الْبَدْرِ"

(رواه الإمام البيهقي عَنْ أبِي هُرَيْرَةَ  رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ).

ya'ni: “Kim odamlarning qo'liga qaram bo'lmaslik, oilasini boqish va qo'ni-qo'shnilariga muruvvat qilish  uchun halol mol-dunyo talab qilsa, yuzi to'lin oy kabi porlagan holda Allohga yo'liqadi” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

To'rtinchisi – makruh daraja bo'lib, bu manmanlik, kekkayish, kibru havo va maqtanish uchun garchi haloldan bo'lsa ham mol-mulk topish. Nabiy sallallohu alayhi vasallam dedilar:

"وَمَنْ طَلَبَ الدُّنْيَا حَلالا مُفَاخِرًا مُرَائِيًا مُكَاثِرًا لَقِيَ اللَّهَ تَعَالَى وَهُوَ عَلَيْهِ غَضْبَانُ"

(رواه الإمام البيهقي عَنْ أبِي هُرَيْرَةَ  رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ)

ya'ni: “Kim mol-dunyoni maqtanish, ko'z-ko'z qilish va boshqalardan ko'pligi bilan faxrlanish uchun talab qilsa, Alloh taologa unga g'azab qilgan holida yo'liqadi” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

Erta bilan halol rizq topaman, shu orqali bolalarimni boqaman, degan ezgu va pokiza niyatlarda ishiga yo'l olgan insonga Alloh huzurida ulug' ajrlar yoziladi. Shuning uchun Nabiy sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

"مَنْ بَاتَ كَالًّا مِنْ طَلَبِ الْحَلالِ بَاتَ مَغْفُورًا لَهُ"

(رواه الإمام ابن عساكر عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُا)

ya'ni: “Kim halol mehnat qilib, horib charchagan holda o'rniga yotsa, tuni gunohlari kechirilgan holda o'tadi” (Imom Ibn Asokir rivoyatlari).

Banda halol mehnat qilib, ahli-ayolimning nafaqasi zimmamdagi vojib amal, deb ixlos bilan bozorga qadam qo'yib kirib borar ekan, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ta'lim bergan quyidagi duoni o'qishi maqsadga muvofiq bo'ladi. Binobarin, bunda duo qiluvchi uchun ko'plab foydalar bor. Umar ibn Hattob r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. bunday dedilar:

"مَنْ دَخَلَ السُّوقَ فَقَالَ لاَ إلَهَ إلاَ اللهُ وَحْدَهُ لَا شَرِيْكَ لَهُ، لَهُ الْمُلْكُ وَلَهُ الْحَمْدُ يُحْيِيْ وَيُمِيْتُ وَهُوَ حَيٌّ لَا يَمُوتُ بِيَدِهِ الْخَيْرُ وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيْرٌ، كَتَبَ اللهُ لَهُ أَلْفَ أَلْفِ حَسَنَةٍ وَمَحَا عَنْهُ أَلْفَ أَلْفِ سَيِّئَةٍ وَرَفَعَ لَهُ أَلْفَ أَلْفِ دَرَجَةٍ"

(رواه الإمام الترمذي عَنْ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ)

ya'ni: “Kimki bozorga kirib, “La ilaha illallohu, vahdahu la sharika lahu,  lahul mulku va lahul hamdu, yuhyi va yumitu va huva hayyul la yamutu biyadihil xoyru va huva 'ala kulli shay'in qodir”, - desa Alloh unga ming-ming yaxshiliklar yozadi, ming-ming xatosini o'chiradi, uni ming-ming darajaga ko'taradi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

  Darhaqiqat, rizqni beruvchi Alloh ekanligiga hech qanday shubha yo'q. Rizqni qancha miqdorda berish Alloh taologa havola, bandaning vazifasi esa harakat qilish bo'ladi. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

قُلْ إِنَّ رَبِّي يَبْسُطُ الرِّزْقَ لِمَنْ يَشَاءُ مِنْ عِبَادِهِ وَيَقْدِرُ لَهُ وَمَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ شَيْءٍ فَهُوَ يُخْلِفُهُ

وَهُوَ خَيْرُ الرَّازِقِينَ

 (سورة سباء/39)

 ya'ni: “Ayting: “Albatta, Rabbim bandalaridan O'zi xohlaganiga rizqni keng qilur va (O'zi xohlaganiga rizqni) tang qilur. Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o'rnini to'ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir” (Saba' surasi, 39- oyat).

Biz niyatimizni to'g'ri qilib, Alloh taolodan so'rab halol kasbu-hunar qilsak, bergan rizqiga shukrona qilsak, inshoalloh, turmushimiz yanada farovon bo'ladi.

Allohga shukrlar bo'lsinki, hozirgi paytda hukumatimiz tomonidan  tadbirkorlarimizga juda ko'p imkoniyatlar yaratilmoqda. Mana shunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, halol rizq talabida bo'lsak, yuqoridagi barcha oyat va hadislarning ko'rsatmalariga muvofiq ish tutgan hamda  o'zimiz va o'zgalarni farovon hayot kechirishlariga sababchi bo'lamiz, inshaalloh.

Muhtaram azizlar! Ma'lumki, joriy yilning 20 avgustidan hijriy 1442 yil boshlandi. Uning birinchi oyi Muharram oyi bo'lib, Ramazon oyidan keyin eng hurmatli oy hisoblanadi. Ashuro kuni esa Muharram oyining o'ninchi kunidir. Muharram oyi va unda ro'za tutishning fazilati haqida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan bir qancha hadis rivoyat qilingan. Jumladan: Abu Hurayra raziyallohu anhudan  rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar:

"أَفْضَلُ الصِّيَامِ بَعْدَ رَمَضَانَ شَهْرُ اللهِ الْمُحَرَّمُ"

(رَوَاهُ الْاِمَامُ مُسْلِمٌ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ)  

ya'ni: “Ramazondan keyin ro'zalarning afzali Allohning oyi Muharram (ro'zasi)dir” (Imom Muslim rivoyatlari). Yana bir hadisda shunday marhamat qilingan:

"صِيَامُ يَوْمِ عَاشُورَاءَ إِنِّي أَحْتَسِبُ عَلَى اللَّهِ أَنْ يُكَفِّرَ السَّنَةَ الَّتِي قَبْلَهُ"

(رَوَاهُ الْاَمَامُ التِّرْمِذِيُّ عَنْ أَبِي قَتَادَةَ)

ya'ni: Abu Qatoda raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ashuro kuni ro'zasi o'tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo'lishini Allohdan umid qilaman” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Bunday ulkan imkoniyat Alloh taoloning biz – bandalariga qilgan fazl va marhamatidir.  Fiqhiy kitoblarimizda Ashuro kunining ro'zasi haqida quyidagi masalalar bayon qilingan.

Ashuro kuni (Muharramning 10-kuni)ning ro'zasini 9-kuni bilan qo'shib tutish sunnat amaldir. Faqat Ashuro kunining o'zida ro'za tutish makruhdir (“Fatovoi Hindiya” kitobi).

  Ashuro kunidan avval ham, keyin ham bir kun ro'za tutish mustahab bo'ladi (“Fathul Qadir” kitobi).

Demak, bu yilgi Ashuro kuni 29 Avgust shanba kuniga to'g'ri kelishini inobatga olib, Ashuro kuniga bir kunni qo'shib, juma va shanba yoki shanba va yakshanba kunlari ro'za tutsak yoki imkoniyati borlar Ashuro kuniga qo'shib bir kun oldin va bir kun keyin ro'za tutsalar yuqorida va'da qilingan barcha savoblarni qo'lga kiritadilar, inshaalloh.

Shuningdek, Ashuro kuni oila ahliga kengchilik qilish borasida hadisi sharifda shunday deganlar:

"مَنْ وَسَّعَ عَلَى عِيَالِهِ يَوْمَ عَاشُورَاءَ وَسَّعَ اللهُ عَلَيْهِ فِي سَائِرِ سَنَتِهِ"

(َروَاهُ الْاِمَامُ الْبَيْهَقِيُّ عَنْ عَبْدِ اللهِ ابْنِ مَسْعُودٍ)

ya'ni: Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhudan  rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim oila ahliga Ashuro kunida (oziq-ovqat, kiyim-kechakda va boshqa narsalarda) kengchilik qilsa, yilning qolganida Alloh unga kengchilik qiladi” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

Imom Sufyon as-Savriy hazratlari: “Biz ushbu hadisni amalda qo'llab ko'rdik va uning aytilganidek ekanligiga guvoh bo'ldik,” – deganlar. Sufyon ibn Uyayna: “Biz buni 50-60 yil tajriba qilib ko'rdik va faqatgina yaxshilik ko'rdik”, – deganlar.

Demak, Ashuro kuni bozorlik qilib, ro'zg'orini but qilib olsa, yilning qolgan oylari ham barakali bo'lishi umid qilinadi.

Yangi hijriy yil yurtimiz, xalqimiz, oilamiz uchun tinchlik, xotirjamlik, xayrli-barakali yil bo'lishini Alloh taolo nasib aylab, tadbirkorlarimizning kasbu korlariga baraka berib, xalqimiz turmushida farovonlikni yanada ziyoda aylasin! Omin!

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Uthaym” gazetasi: Madaniy merosni asrash Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim yo‘nalishiga aylangan

10.08.2026   37094   2 min.
“Uthaym” gazetasi: Madaniy merosni asrash Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim yo‘nalishiga aylangan

Shri-Lankaning “Uthaym” nashrida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, uni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Materialda Yangi O‘zbekistonda milliy qadriyatlarni tiklash, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ilm-fan va ma’rifatni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar yuksak baholangan.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohani tubdan takomillashtirish, xalqning ko‘p asrlik boy ilmiy-madaniy merosini o‘rganish hamda uni jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Mamlakatda tarixiy obidalarni restavratsiya qilish, muzeylar va arxivlar faoliyatini modernizatsiya qilish, qo‘lyozmalarni asrab-avaylash va raqamlashtirish, milliy madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.

Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi mamlakat taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishi sifatida alohida e’tirof etilgan. Muallif fikricha, mazkur g‘oya nafaqat tarixiy merosni asrab-avaylash, balki ilm-fan, ta’lim, madaniyat va innovatsiyalarni uyg‘un rivojlantirish orqali mamlakatning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Uchinchi Renessans konsepsiyasi O‘zbekistonning buyuk ilmiy an’analarini qayta tiklash, yosh avlodni bilimli va vatanparvar etib tarbiyalash hamda mamlakatning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga qaratilgan umummilliy dastur sifatida baholanmoqda.

Gazetaning yozishicha, O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlar faqat madaniy sohadagi islohotlar bilan cheklanmaydi. Ular mamlakatning ilmiy, ma’naviy va intellektual taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning ajralmas qismi hisoblanadi. Ilmiy muassasalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tarixiy manbalarni tadqiq etish, madaniy merosni muhofaza qilish va zamonaviy ta’lim tizimini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar yagona maqsad — Yangi O‘zbekistonning mustahkam ma’naviy poydevorini yaratishga xizmat qilayotgani alohida qayd etilgan.

Maqolada Toshkent shahrida barpo etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga keng o‘rin ajratilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi asosida barpo etilgan mazkur betakror majmua O‘zbekistonning madaniy va ilmiy siyosatidagi eng muhim istiqbolli loyihalardan biri bo‘ldi. Markazda VII asrga oid noyob Usmon Mus'hafi saqlanayotgani uning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.

Shu bilan birga, bu yerda qo‘lyozmalarni ilmiy o‘rganish, restavratsiya qilish, arxiv materiallarini tizimlashtirish va zamonaviy texnologiyalar asosida raqamlashtirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Gazetada O‘zbekistonning YUNЕSKO va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi, tarixiy obidalarni asrab-avaylash, ularni xalqaro turizm va ilmiy tadqiqotlar bilan uyg‘un rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari haqida so‘z yuritilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari