قُلۡ مَن كَانَ عَدُوّٗا لِّـجِبۡرِيلَ فَإِنَّهُۥ نَزَّلَهُۥ عَلَىٰ قَلۡبِكَ بِإِذۡنِ ٱللَّهِ مُصَدِّقٗا لِّمَا بَيۡنَ يَدَيۡهِ وَهُدٗى وَبُشۡرَىٰ لِلۡمُؤۡمِنِينَ٩٧
97. Jabroilga dushman bo‘lganlarga: "Albatta u Allohning izni bilan qalbingizga o‘zidan avvalgi Kitoblarni tasdiqlaydigan, mo‘minlarga hidoyat va xushxabar bo‘lgan Qur’onni tushirdi-ku!", deb ayting.
Alloh va Uning payg‘ambarlari, kitoblari va farishtalariga kufr keltirayotganlarga: "Jabroil alayhissalomning Alloh izni bilan Uning huzuridan oldingi Tavrot va Injilni tasdiqlaydigan, mo‘minlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi va jannat bashoratini beruvchi Qur’oni karimni sizga tushirgani haq", deb ayting. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: "Yahudiylar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga borib shunday deyishdi: "Ey Abul Qosim, sendan bir necha narsa haqida so‘raymiz, agar javob bersang, senga ergashamiz. Barcha payg‘ambarlarga bir farishta Parvardigor azza va jalla huzuridan risolat va vahiy olib keladi, ayt-chi, senga qaysi farishta keldi?" Faxri koinot: "Jabroil", dedilar. Shunda yahudiylar: "U urush va jangni olib tushuvchi farishta, u bizning dushmanimizdir. Agar Mikoil deganingda senga ergashardik, u yomg‘ir va rahmat olib tushuvchi farishta", deyishdi. Shunda Alloh taolo yuqoridagi oyati karimani nozil qildi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Abdulloh ibn Salom (musulmon bo‘lgan yahudiy olimlaridan – muallif izohi) kuzgi shudgor qilayotib, janob Rasululloh kelayotganlari daragini eshitdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelib, unga: "Men sendan payg‘ambarlargina biladigan uch narsa haqida so‘rayman: qiyomatning dastlabki alomatlari qanday; jannat ahli yeydigan dastlabki taom qaysi; nima sababdan farzand otasi yoki onasiga tortadi?" dedilar. Abdulloh ibn Salom: "Ha, bilaman, farishtalardan bo‘lmish va yahudiylarga dushman o‘sha zot (ya’ni, hazrati Jabroil) deyaturib: "Jabroilga dushman bo‘lganlarga: "Albatta u Allohning izni bilan o‘zidan avvalgi kitoblarni tasdiqlaydigan, mo‘minlarga hidoyat va xushxabar bo‘lgan Qur’onni tushirgan", deb ayting" oyati karimasini tilovat qildi. So‘ngra u: "Qiyomatning dastlabki alomati shuki, alanga ko‘tarilib, mashriqdan mag‘ribgacha bo‘lgan odamlarni to‘playdi, jannat ahlining dastlabki taomi esa, nahangning jigar o‘simtasidir, farzandning otasi yoki onasiga o‘xshashi boisi – agar erkak suvi ayol suvidan ildamlik qilsa, onasiga tortadi", dedi. Keyin u: "Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga, siz Alloh taoloning Rasuli ekaningizga guvohlik beraman! Ey Rasululloh, yahudiylar betayin qavm bo‘lib, agar ular mening Islomga kirganimni ulardan men haqimda so‘ramasingizdan oldin bilishsa, meni badnom etishadi", dedi. Shu payt yahudiylar kelib qolishdi. Payg‘ambar alayhissalom ulardan: "Abdulloh oralaringizda qanday mavqega ega?" deb so‘radilar. Ular: "Eng yaxshi odamimizning farzandidir hamda u bizning ulug‘imiz va ulug‘imizning farzandidir", deyishdi. Shunda Rasululloh: "Abdulloh ibn Salomning Islomni qabul qilganini bilasizlarmi?" dedilar. Ular: "Alloh taolo uni bu ishdan O‘z panohida asrasin", deyishdi. Shunda Abdulloh ibn Salom chiqib keldi va: "Ashhadu anla ilaha illallohu va anna Muhammadar-Rasululloh", dedi. Ular: "U bizning eng yomon odamimiz va eng yomon odamimizning farzandidir", deyishdi. Abdulloh ibn Salom: "Ey Allohning Rasuli, mana shundan cho‘chigan edim", dedi" (Buxoriy rivoyati).
مَن كَانَ عَدُوّٗا لِّلَّهِ وَمَلَٰٓئِكَتِهِۦ وَرُسُلِهِۦ وَجِبۡرِيلَ وَمِيكَىٰلَ فَإِنَّ ٱللَّهَ عَدُوّٞ لِّلۡكَٰفِرِينَ٩٨
98. Kim Allohga, Uning farishtalariga, payg‘ambarlariga, Jabroil va Mikoilga dushman bo‘lsa, Alloh ham bunday kofirlarning dushmanidir.
Bani Isroil: "Qur’onni Jabroil olib tushdi, agar boshqa bir farishta olib kelganida albatta imon keltirar edik, chunki Jabroil dushmanlarimizga yordam berib, ularni ustimizdan g‘olib qilgan", der edi. Alloh taolo ularga javoban: "Farishta Allohning iznisiz biror ish qila olmaydi, agar kim farishtalarga dushman bo‘lsa, Alloh taolo ham o‘shanga dushmandir", deydi.
Sha’biydan rivoyat qilinishicha, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bunday deganlar: "Yahudiylar Tavrotdan tarannum (tilovat) qilishayotganida oldilariga borib turardim. Tavrotning Qur’onga, Qur’onning Tavrotga muvofiq kelishidan hayratga tushardim. Shunda yahudiylar: "Ey Umar, sen yaxshi odamsan", deyishdi. "Nega?" deb so‘radim. Ular: "Chunki oldimizga kelib, bizlar bilan aralashib yurasan", deyishdi. Men: "Allohning kitoblaridan ba’zisi ba’zisini tasdiqlaganidan, Qur’onning Tavrotga, Tavrotning esa Qur’onga muvofiq kelishidan hayratlanganimdan kelaman", dedim. Bir kuni ular bilan o‘tirgan edim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam orqa tomondan o‘tib qoldilar. Yahudiylar: "Ana xojang ketyapti", deyishdi. Qarasam, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir yo‘lakka kirib ketdilar. Shunda yahudiylarga qarab: "Alloh va sizlarga tushirilgan Kitob nomi bilan so‘rayman, mana shu kishi Allohning elchisi ekanini bilasizlarmi?" deb so‘radim. Shunda ularning boshlig‘i: "Sizlardan Alloh nomi ila so‘rayapti, javob beringlar", dedi. Boshqalar: "Sen boshlig‘imizsan, o‘zing aytaqol", deyishdi. Boshliq: "Albatta u Allohning elchisi ekanini bilamiz", dedi. Shunda men: "U kishining Alloh elchisi ekanini bilaturib unga ergashmadingiz, sizlar halok bo‘lasizlar, eng oldin esa, ey boshliq, sen halok bo‘lasan", dedim. Ular: "Bizlarning farishtalardan do‘stimiz va dushmanimiz bor", deyishdi. "Dushmaningiz kimu do‘stingiz kim?" deb so‘radim. Ular: "Dushmanimiz Jabroil, u qo‘pollik, qattiqqo‘llik, majburiyat va shiddatlar farishtasi, do‘stimiz esa Mikoil, u mehribonlik, yumshoqlik va yengillik farishtasi", deyishdi. Shunda bunday dedim: "Sizlarni guvoh qilib aytamanki, Jabroil uchun Mikoilning do‘stiga dushmanlik qilish halol emas, Mikoilga ham Jabroilning dushmanini do‘st tutish halol emas. Ikkalasi va ular bilan birga bo‘lgan farishtalarning hammalari dushmanlariga birday dushmandirlar. Do‘st tutgan kishilariga ham birday do‘stdirlar". So‘ngra o‘rnimdan turib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirib ketgan yo‘lakka bordim. U kishi meni qarshilab: "Ey Xattobning o‘g‘li, hozirgina menga nozil bo‘lgan oyatni o‘qib beraymi?" dedilar. "Ha", dedim. U kishi: "Kim Allohga, Uning farishtalariga, payg‘ambarlariga, Jabroilga va Mikoilga dushman bo‘lsa, Alloh ham bunday kofirlar dushmanidir" oyatini o‘qidilar. Shunda men: "Sizni Haq bilan yuborgan Zotga qasam, sizga yahudiylar so‘zini yetkazish uchun kelayotgan edim, lekin latif va xabardor Zot mendan oldin bu xabarni yetkazibdi", dedim. Umar aytadilar: "Shundan keyin o‘zimni Allohning dinida toshdan ham metin va qat’iy his eta boshladim".
Muqotil aytadi: "Yahudiylar: "Jabroil bizning dushmanimiz, chunki nubuvvatni (payg‘ambarlikni) bizning oramizga keltirish buyurilgan edi, u esa bizdan boshqalarga keltirdi", deyishganida ushbu oyat nozil bo‘lgan" (Aliy ibn Ahmad Naysoburiy. "Asbaban-nuzul", 20-22-betlar).
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi