Shu yil 1 noyabr' kuni Qatarning Vaqf va islom ishlari vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Birinchilarning eng yaxshisi” xalqaro Qur'on musobaqasi boshlanadi.
“IQNA” saytining “ar-Raya”ga tayanib xabar berishicha, vazirlik xalqaro Qur'oni karim musobaqasining 2023 yilning 1-12 noyabr' kunlari o'tkazilishini ma'lum qildi.
Musobaqaning tashkiliy qo'mitasi e'lon qilgan bayonotda: “Dunyodagi 4 qit'aning 26 davlatida o'tkazilgan Qur'oni karim musobaqalarida birinchi o'rinni qo'lga kiritgan 80 nafar g'olib “Birinchilarning eng yaxshisi” unvonini qo'lga kiritish uchun ushbu musobaqada ishtirok etadi va xalqaro musobaqalar tarixida bir million Qatar riyoli (275 ming dollar) miqdoridagi eng yuqori mukofotni qo'lga kiritadi”.
Musobaqa ishtirokchilari Qur'on karim so'zlari ma'nolarini yod olish bilan birga Qur'oni karimni to'liq yod olish bo'yicha bellashadi.
Mazkur musobaqa bir guruh taniqli va mashhur Qur'oni karim hakamlaridan iborat xalqaro komissiya tomonidan baholanadi.
Bu ikkinchi Qur'on musobaqasi bo'lib, birinchi o'rinni qo'lga kiritgan musobaqa g'olibiga bir million Qatar riyoli mukofoti topshirildi.
Mazkur musobaqaning birinchi bosqichida quvaytlik ishtirokchi Holid Muhammad Muhsin Ibrohim Al-Inati birinchi o'rinni egallagan edi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Madinai munavvara shahridagi «Zamzam Pullman» mehmonxonasida bo‘lib turgan ziyoratchilar bilan suhbatlashdilar. Yurtdoshlarimizdan sog‘liklari, kayfiyatlari, ibodatlarini qanday ado etayotganlari, mehmonxonadagi sharoitlar haqida fikr-mulohazalarini so‘radilar.
Bo‘lajak hojilar ziyorat va ibodatlarni bekamu ko‘st ado etishlari uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlardan nihoyatda mamnunligini bildirishdi. Ayniqsa, mehmonxona Harami sharifga juda yaqinligi yoshi ulug‘ kishilar uchun ham qulay bo‘layotgani, besh mahal namozni Masjidi Nabaviyda ado etishning shukuhi haqida so‘zladilar. Malakali imom-xatiblardan tashkil topgan ellikboshilar, ishchi guruhi, shifokorlar tunu-kun shay turishganini alohida e’tirof etishdi.
Muqaddas zaminda toat-ibodatlarini xotirjam bajarayotgan ziyoratchilar yaqinlari, oila a’zolari qatorida tez-tez el-yurtimiz, davlatimiz rahbari va boshqa mutasaddilar haqlariga duolar qilib, ofiyat va farovonligimiz bardavomligini Allohdan so‘rashmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati