Shayx Ali Tantoviy rahmatullohi alayh 20 asrning zabardast ulamolaridan bo'lib, u kishining qalamlariga mansub ibratli hikoyani e'tiboringizga havola etamiz.
Bir yigit otasi bilan birga yashar, universitetda tahsil olar edi.
Kunlarning birida ushbu xonadonda noqulay voqea yuz berdi. Voqea tafsilotini yigitning o'zidan eshitsak:
«Kutilmaganda men bilan otam o'rtasida kelishmovchilik yuz berib, hatto ovozlar balandlab ketdi. Qo'limda o'quv hujjatlari bor edi. Jahlim chiqqanidan qo'limdagi qog'ozlarni stol ustidagi otdim-da, yotog'imga kirib ketdim. Odatimga ko'ra boshimni yostiqqa qo'ydim. Har gal g'am-anduhlar girdobida qolganimda uyquga yotaman, chunki uyquni g'amlardan qochishning ajoyib yo'li deb bilaman. Ertasi kuni universitetdan tashqariga chiqqanimda, darvoza yonida telefonimni olib, otamning kayfiyatlarini ko'tarish uchun hazil-mutoyiba aralash quyidagi xabarni jo'natdim:
«Eshitishimcha, inson oyog'ining tag qismi ustki qismiga qaraganda muloyimroq va yumshoqroq bo'lar ekan. Shu gapning qanchalik to'g'riligini aniqlash uchun oyog'ingizni lablarim bilan tekshirib ko'rishga menga ijozat berasizmi?»
Uyga borib eshikni ochdim, qarasam, otam ichkarida meni kutib turgan ekanlar. Ko'zlaridan tomgan shashqator yoshlar yanoqlarini jiqqa ho'l qilgan edi.
Meni ko'rib: «Oyoqlarimni o'pishinga ruxsat bermayman, anavi gapga, ya'ni oyoqning osti ustidan ko'ra yumshoqroq bo'lishiga kelsak, men bu gapning to'g'riligini allaqachon, sen go'dakligingda, oyoqchalaringning ustiyu ostini o'paverib, aniqlab bo'lganman», dedilar. Bu gaplarni eshitib, ho'ngrab yig'lab yubordim.
Azizlar, bugun haqqimizga duo qilib turgan ota-onalarimiz kuni kelib, Robbimiz huzuriga yo'l olishadi. Shunday ekan, ularga yaqin bo'laylik, yo'qotmasdan oldin qadrlariga etaylik, ota-onasi vafot etganlar esa ularning haqlariga Alloh taolodan rahmatu mag'firat so'rab duo qilsinlar.
Tarjimon: Nozimjon Hoshimjon
Ummat birligi yo‘lida:
O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi
Turkiyada «Ummat birligi va global muammolar qarshisida fatvo kengashlari» mavzusida xalqaro maslahat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ishtirok etdi.
Dunyoning 25 dan ortiq mamlakati, jumladan, BAA, Qatar, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Indoneziya, Malayziya, Mavritaniya, Bosniya va Gersegovina, Chernogoriya, Xorvatiya, Bolgariya, Irlandiya hamda MDH davlatlaridan tashrif buyurgan davlat va din arboblari, muftiylar, yetuk islomshunos olimlar qatnashgani anjumanning yuksak mavqeidan dalolat berdi.
Yig‘inda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ma’ruza qildi. Nutqda Vatanimiz musulmonlarining yaqin o‘tmishdagi og‘ir sinovli davrlari bilan bugungi farovon kunlari qiyosiy tahlil etildi. Xalqimiz har qanday murakkab sharoitda ham islom diniga muhabbatini saqlab qolgani, ulamolarimiz diniy ilmlarni yashirin tarzda bo‘lsa-da, avlodlarga bekamu ko‘st yetkazib kelgani ta’kidlandi.
Shuningdek, bugungi kunda Davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yurtimizda yangi diniy va ilmiy uyg‘onish davri boshlangani, uning amaliy mevasi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Fatvo markazi tomonidan olib borilayotgan ishlar, qisa vaqt ichida bir yarim milliondan ziyod savollarga javoblar berilgani haqida muxtasar aytib o‘tildi.
Ma’ruza ravon, lo‘nda bayon etilgani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Darhaqiqat, hikmatli va go‘zal kalom insonlar orasini yaqinlashtiradi. Ayniqsa, ummat birligi yo‘lida so‘zlansa. Zero, Muftiy hazratlari bugungi ummat oldida turgan eng dolzarb masalalar, ularning oqilona yechimlari yuzasidan muhim takliflarni o‘rtaga tashladi. O‘zbekiston muftiysining xalqaro yig‘ilishdagi faol ishtiroki va sermazmun nutqi uchun alohida minnatdorlik izhor etilgani ham shunga dalolat qiladi.
Ushbu chiqish yurtimizning dunyo hamjamiyatidagi yuksak nufuzini yana bir bor namoyon etib, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ulug‘ ajdodlarimizning munosib izdoshlari bugun ham borligini ko‘rsatdi. Ulamolar yurti bo‘lgan muqaddas zaminimizdan bunday zabardast olimlar yetishib chiqishi, inshaalloh, bardavom bo‘lajak.
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari