O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «Jazo muddatini o`tayotgan, qilmishiga chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan va tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan bir guruh shaxslarni afv etish to`g`risida»gi farmoniga sharh
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga bir kishining ko‘p xamr (may) ichayotgani haqida xabar yetdi. Shunda u zot u kishini sharmanda qilmadilar, nomini oshkor qilmadilar va la’natlamadilar ham...
Balki unga qisqa, ammo ma’nosi ulkan bir maktub yozdilar:
«Men seni Undan o‘zga iloh bo‘lmagan Allohga hamd aytishga chaqiraman. U gunohni mag‘firat qiluvchi, tavbani qabul etuvchi, azobi qattiq va ehsoni keng Zotdir. Undan o‘zga iloh yo‘q va qaytish Uning huzurigadir».
Haligi kishi maktubni qayta-qayta o‘qir ekan, tinmay yig‘ladi, qalbi larzaga keldi, gunohining naqadar og‘irligini angladi va Allohga chin dildan tavba qildi.
Bu xabar Hazrati Umarga yetganda, atrofidagilarga dedilar:
«Agar bir birodaringizni toyilganini ko‘rsangiz, mana shunday yo‘l tutinglar. Uni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llanglar, Alloh taologa tavba qilishini so‘rab duo qilinglar va unga qarshi shaytonga yordamchi bo‘lmanglar».
Xulosa shuki... Din insonlarni sharmanda qilish yoki yiqilganlarning sonini ko‘paytirish uchun kelmagan. Balki din — qalbi siniqlarni tiklash, qaytish eshigini ochish va gunohkorni yanada pastga urish uchun emas, balki uni qutqarish uchun qo‘lidan tutish uchun kelgandir.
Qanchadan-qancha qattiq so‘zlar borki, tavba eshigini yopib qo‘ygan va qanchadan-qancha rahm-shafqat bilan aytilgan so‘zlar borki, bir qalbning hidoyatiga sabab bo‘lgan...Alloh taolo: «Odamlarga yaxshi gaplar ayting» degan (Baqara surasi, 83-oyat).
Zero, birgina shirin so‘z bir insonni qutqarib qolishi va birgina yomon so‘z esa yangi bir shaytonni paydo qilishi mumkin.
Yo Allohim! Bizni yaxshilik eshigining kalitlari, yomonlik eshigining qulflari qilgin... Bandalaringga qarshi bizni shaytonga yordamchi qilib qo‘ymagin.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV