Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Alloh taolo: «Alloh barchalarini qayta tiriltiradigan kunda, qilgan ishlarining xabarini berur. Alloh hisoblab turgan, ular esa unutganlar. Holbuki, Alloh har bir narsaga shohiddir», degan.
Ba'zi kofir va munofiqlar, Allohga ishonmagan, Uning shariatiga amal qilmaganlar yoshini yashab, oshini oshab, biror jazo tortmay o'tib ketmoqdalar-ku! Azob qani?! deyishlari mumukin. Ushbu oyatda ana shundoq muhtamal savolning javobi o'z aksini topgan.
«Alloh barchalarini qayta tiriltiradigan kunda, qilgan ishlarining xabarini berur».
To'g'ri, ba'zi kofir va osiylar bu dunyodan o'z qilmishlariga yarasha jazo tortmay o'tib ketishlari mumkin.Alloh taolo shuning uchun ham qiyomatni, o'lgandan keyin qayta tirilishni joriy qilgan. U zot hamma bandalarga ularni qayta tiriltiradigan kunda, qilgan ishlarining xabarini beradi.
«Alloh hisoblab turgan, ular esa unutganlar».
Ha, Alloh bandalarning bu dunyoda qilgan kattayu kichik barcha ishlarining hisoblab turgan. Bandalar esa, o'sha o'z amallarini esdan chiqarganlar.
«Holbuki, Alloh har bir narsaga shohiddir».
Ha, Alloh taolo har bir narsaga O'zi guvohdir. Bandaning zarracha qilgan yaxshiligi ham, yomonligi ham Uning nazaridan chetda qolmaydi va bandaning amal daftariga yozilib turadi. G'ofil banda esa gunohlarini tezda unutib yuboradi. Lekin Alloh qiyomat kunida er yuzidagi barcha xaloyiqni, biror kishini ham unutmasdan, tiriltiradi. So'ngra bu dunyoda qilgan ishlarini har bir bandaning amal daftariga asoslanib unga ko'rsatadi.
Alloh taolo: «U Bizga misol keltirdi va o'z yaratilishini unutdi. «Suyaklarni kim tiriltirur? Holbuki, ular titilib ketgan-ku?!» dedi.
Sen: «Ularni ilk marta yo'qdan bor qilgan zot tiriltiradi va u har bir yaratilgan narsani yaxshi bilguvchidir», deb ayt», degan.
Ushbu oyati karimalar va undan so'ng keladigan oyatlar o'lgandan keyin tiriltirishni inkor qiladigan har bir insonga xitobdir. Ammo bu oyatlarning tushishiga sabab bo'lgan kishi mushriklarning kattasi Ubay ibn Halaf edi.
Mujohid, Ikrima, Urva ibn Zubayr, as-Suddiy va Qatodalardan qilingan rivoyatda:
«Ubay ibn Halaf (Allohning la'nati bo'lsin unga) qo'lida chirigan suyakni tutib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi va xokini havoga puflab uchirib turib:
«Ey Muhammad, Alloh mana shuni tiriltiradi, deb gumon qilasanmi?!» dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ha, Alloh seni o'ldiradi, keyin qayta tiriltiradi, so'ngra esa, do'zaxga kiritadi», dedilar.
Shundan keyin: «Inson Biz uni nutfadan yaratganimizni bilmaydimi?!» deb boshlanuvchi oyatlar nozil bo'ldi», deyilgan.
Haddan oshgan, o'zidan ketgan bu xusumatchi inson qo'liga chirigan suyaklarni olib:
«Bizga misol keltirdi...»
Misol keltirishga keltirdiyu ammo:
«...o'z yaratilishini unutdi».
Agar u o'z yaratilishini unutmaganida, o'lgandan keyin qayta tirilishga shubha qilmas, uni inkor etmas edi. O'sha kofir inson senga qarab, ey Payg'ambar, bu:
«Suyaklarni kim tiriltirur? Holbuki, ular titilib ketgan-ku?!» dedi.
Kofirning, suyaklarni kim tiriltiradi, degan savoliga nima deb javob berishni Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga Allohning O'zi o'rgatmoqda. Ey Payg'ambar:
«Sen: «Ularni ilk marta yo'qdan bor qilgan zot tiriltiradi...» degin.
Yo'qdan bor qilgan zot uchun borni qayta tiriltirish juda ham osondir. Uni qanday amalga oshirishni Alloh taoloning O'zi biladi.
«...u har bir yaratilgan narsani yaxshi bilguvchidir», deb ayt».
Har bir maxluqning har bir xususiyatini ham yaxshi biladi. Shuning uchun ularning har birini xuddi o'zidek qilib, hatto barmoq uchlarini ham o'z holiga qaytarib tiriltiradi. U zot har narsaga qodirdir.
Alloh taolo: «Sizlarni yaratish ham, qayta tiriltirish ham faqat bir jonni (yaratish va qayta tiriltirish) kabidir. Albatta, Alloh o'ta eshitguvchi va o'ta ko'rguvchidir», degan.
Dunyoda odamlarning ko'pligidan, buncha odamni Alloh taolo qanday yarata oladi, degan xayolga borilmasin. Dunyodan o'tgan odamlarning ko'pligidan Alloh shuncha o'likni qanday qilib qayta tiriltirar ekan, degan shubha uyg'onmasin. Dunyodagi barcha odamlarni yaratish, barcha o'liklarni qayta tiriltirish Alloh taolo uchun hech narsa emas. Ularning hammasini yaratish va qayta tiriltirish uning uchun bir jonni yaratish yoki qayta tiriltirish kabidir. Bir jonni yaratish yoki qayta tiriltirish Alloh uchun ish emas, «bo'l» desa, kifoya, bo'ladi.
Alloh taolo: «Ular jon-jahdlari bilan: «Alloh o'lganlarni qayta tiriltirmas», deb Alloh nomi ila qasam ichdilar. Yo'q! Bu-U zotning zimmasidagi haq va'dadir. Lekin odamlarning ko'plari bilmaslar», degan.
Qayta tirilishga ishonish qadimdan ko'pchilik qavmlar uchun mushkul masala bo'lib kelgan. Hatto Allohning borligiga iymon keltirgan ba'zi kishilar ham o'lgandan keyin qayta tirilishga ishonmay zalolatga ketganlar. Shular jumlasiga Makka mushriklari ham kiradi. Ular Allohning borligini inkor qilmaydi. Alloh bor, deydi. Ammo Allohga butu sanamlarini sherik qiladi. Bular kichik xudolarimiz, bizni katta xudoga etishtiradigan vositachilarimiz shulardir, deyishadi. Ayni bir vaqtda, Alloh odamlarni o'lgandan keyin qayta tiriltirishiga mutlaqo iymon keltirmaydilar.
«Ular jon-jahdlari bilan: «Alloh o'lganlarni qayta tiriltirmas», deb Alloh nomi ila qasam ichdilar».
Mushriklarning bu masaladagi e'tiqodlari shu darajaga etgan ediki, ular o'lganlarning qayta tirilishi mumkin emasligiga jon-jahdlari bilan Alloh nomi ila qasam ichar edilar.
Lekin Alloh mushriklarning bu ishlarini qattiq inkor qilib:
«Yo'q! Bu-U zotning zimmasidagi haq va'dadir», demoqda.
Yo'q! Ey mushriklar, siz aytayotgan gaplar behuda gaplardir. O'lganlarni qayta tiriltirish-Allohning zimmasidagi haq va'dadir. Alloh va'dasiga xilof qilmaydi. O'lganlarni albatta qayta tiriltiradi.
«Lekin odamlarning ko'plari bilmaslar».
Shuning uchun kofir yoki mushrik bo'lib, turli gunohlarni qilib yuradilar. Agar ular Alloh o'lganlarni albatta qayta tiriltirishi haq ekanini bilsalar, bunday qilmas edilar.
Odamlarning ishonishi yoki ishonmasligi, bilishi yoki bilmasligidan qat'iy nazar, Alloh taolo baribir ularni o'lganlaridan keyin, albatta, qayta tiriltiradi.
Alloh taolo: «U kunda xuddi sanamlar(ibodati)ga shoshganlaridek, qabrlaridan shoshib chiqurlar. Ko'zlari qo'rqinchga to'lgan, o'zlarini xorlik qoplagan holda tururlar. Bu o'sha–ularga va'da qilingan kundur», degan.
Qiyomatni inkor etuvchilarga bundan ortiq tahdid bo'lmasa kerak!
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallamning «Har banda qay holda o'lgan bo'lsa o'shandoq tiriltiriladi» deganlarini eshitdim». Muslim rivoyat qilgan.
Sharh: Kim yaxshi holatda turganda jon taslim qilgan bo'lsa, oxiratda yaxshi holatda qayta tiriladi. Kim yomon holatda turganda jon taslim qilgan bo'lsa, oxiratda yomon holatda qayta tiriladi. O'lim bandaning qoshi bilan qovog'i orasida bo'lgani uchun, har lahzada kelishi mumkinligi uchun banda yaxshi holda o'lay desa doim yaxshi holda yurmog'i kerak.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam bizning ichimizda xatiblik ila mav'iza qilaroq: «Ey odamlar! Albatta, sizlar Allohga yalang oyoq, yalang'och va xatna qilinmagan holda hashr qilinasizlar», dedilar.
Keyin «Huddi dastlabki xalqini boshlaganimizdek, uni qaytarurmiz. Bu bizning zimmamizdagi va'dadir. Albatta, biz qilguvchi bo'lganmiz»ni o'qidilar.
So'ngra uzot: «Bilib qo'yinglar, qiyomat kuni xaloyiqning eng avval kiyintiriladigani Ibrohimdir. Bilib qo'yinglar, mening ummatimda bir kishilar keltirilurlar. Ularni chap tomonga olinur. Shunda men: «Ey Robbim, ashoblarim», deyman.
«Albatta, sendan keyin nimani paydo qilganlarini bilmaysan», deyilur.
Men xuddi solih banda aytganidek:
«Va modomiki oralarida ekanman, ularga guvoh bo'ldim. Meni O'zingga olganingdan so'ng, Sening O'zing ularga kuzatuvchi bo'lding. Zotan, Sen har bir narsaga guvohsan», deyman.
«Ular sen ulardan ajraganing beri ortlariga murtad bo'lishda bardavom bo'ldilar», deyiladi», dedilar».
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Odamlar qiyomat kuni yalang oyoq, yalang'och va xatna qilinmagan holda hashr qilinadilar», dedilar.
«Ey Allohning rasuli! Ayollar va erkaklar hammalari bir-birlariga nazar solurlarmi?» dedim.
«Ey Oisha! Ish ular bir-birlariga nazar solishlaridan ko'ra shiddatli!» dedilar». Ikkisini ikki shayx va Termiziy rivoyat qilgan.
Sharh: Qiyomatning kuchli shiddatidan har kim o'zi bilan ovora bo'lib birov bilan ishi bo'lmay qoladi. Yonidagi odam erkakmi, ayolmi, yalong'ochmi, kiyinganmi xayoliga ham kelmaydi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Odamlar uch toifada hashr qilinadilar. Rag'bat qilgan va qo'rrqan hollarida. Ikki kishi bir tuyaga, uch kishi bir tuyaga, to'rt kishi bir tuyaga va o'n kishi bir tuyaga mingan hollarida. Qolganlarini olov hashr qiladi. Kechasi qayerda yotsalar, u ham ular bilan yotadi. Kunduzi qayerda uxlasalar, u ham ular bilan uxlaydi. Ular qayerda tong otdirsalar, u ham o'sha erda tong otdiradi. Ular qayerda keskirtsalar, u ham o'sha erda kechkirtadi», dedilar». Ikki shayx rivoyat qilgan.
Sharh: Demak, odamlar piyoda, ulov mingan va olov bilan birga bo'lgan uch holda jamlanar ekanlar. Ulamolarimiz bu hadisi sharifda zikr qilinayotgan jamlanish bu dunyoning oxirida bo'lishini ta'kidlaganlar.
Bahz ibn Hakimdan, u o'z otsidan, u bobosidan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallamning «Albatta, sizlar piyoda, ulov mingan va yuztuban sudralgan holda mahsharga keltirilursizlar», deganlarini eshitdim». Termiziy rivoyat qilgan.
Sharh: Yuztuban sudralgan holda mahsharga keltirilganlar kofirlar bo'ladi.
Qiyomat kuni odamlarni jamlanadigan mahshargohning eri mutlaqo yangi, hech narsa bo'lmagan, xususan, biror gunoh sodir etilmagan erda bo'ladi.
Alloh taolo: «Bu, er boshqa erga va osmonlar ham (boshqa osmonlarga) almashtiriladigan va u(odam)lar yolg'izu qahhor Alloh huzurida paydo bo'lishadigan Kunda bo'ladi», degan.
Masruq roziyallohu anhu aytadi: «Oisha shu oyatni o'qidi va: «Ey Allohning rasuli! odamlar qayerda bo'ladilar?» dedi.
«Sirotning ustida», dedilar». Muslim va Termiziy rivoyat qilgan.
Sharh: Qiyomat kunining dahshatidan bizga hozir juda ham ulkan bo'lib ko'rinib turgan er boshqacha, umuman boshqa erga aylanib qoladi. Shuningdek, osmonlar ham o'zgarib ketadi. Odamlarning hammasi o'sha aylanish paytida sirotning ustida bo'ladilar.
Sahl roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Qiyomat kuni odamlar oqish bug'doy nonga o'xshash erda jamlanadilar», dedilar.
Sahl yoki boshqa biri: «Unda hech kimning alomati yo'q», dedi».
Sharh: Ya'ni, unda avval birov yashamagan ham, birov unga molik bo'lib alomatini qo'ymagan ham.
Abu Sa'id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Qiyomat kuni er bitta nondek bo'ladi. Jabbor uni qo'li ila xuddi sizdan biringiz nonini safarla aylantirganidek aylantiradi. Bu ahli jannatning mehmondorchiligidir», dedilar.
Shunda u zotning huzurlariga yahudiylardan bir kishi kelib:
«Rohman senga baraka bersin! Ey Abul Qosim! Men senga ahli jannatning qiyomat kunigi mehmondorchiligi haqida xabar beraymi?» dedi.
«Mayli», dedilar.
«Yer bitta nonga o'xshash bo'ladi», dedi.
Nabiy sollallohu alayhi va sallam bizga nazar soldilar va tishlari ko'rinib ketdi. so'ngra u zot:
«Men senga ularning xo'ragi haqida xabar beraymi? Ularning xo'ragi Balom va Nun», dedilar.
«Bu nima?» deyishdi.
«Ho'kiz va baliq. Ikkisining jigarining qulog'idan etmish ming eydi», dedilar». Ikkisini ikki shayx rivoyat qilgan.
Sharh: Qiyomat kuni bitta nonga aylantirilgan er bu dunyoning eri ekanini ulamolarimiz qayd qilganlar.
Ummat birligi yo‘lida:
O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi
Turkiyada «Ummat birligi va global muammolar qarshisida fatvo kengashlari» mavzusida xalqaro maslahat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ishtirok etdi.
Dunyoning 25 dan ortiq mamlakati, jumladan, BAA, Qatar, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Indoneziya, Malayziya, Mavritaniya, Bosniya va Gersegovina, Chernogoriya, Xorvatiya, Bolgariya, Irlandiya hamda MDH davlatlaridan tashrif buyurgan davlat va din arboblari, muftiylar, yetuk islomshunos olimlar qatnashgani anjumanning yuksak mavqeidan dalolat berdi.
Yig‘inda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ma’ruza qildi. Nutqda Vatanimiz musulmonlarining yaqin o‘tmishdagi og‘ir sinovli davrlari bilan bugungi farovon kunlari qiyosiy tahlil etildi. Xalqimiz har qanday murakkab sharoitda ham islom diniga muhabbatini saqlab qolgani, ulamolarimiz diniy ilmlarni yashirin tarzda bo‘lsa-da, avlodlarga bekamu ko‘st yetkazib kelgani ta’kidlandi.
Shuningdek, bugungi kunda Davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yurtimizda yangi diniy va ilmiy uyg‘onish davri boshlangani, uning amaliy mevasi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Fatvo markazi tomonidan olib borilayotgan ishlar, qisa vaqt ichida bir yarim milliondan ziyod savollarga javoblar berilgani haqida muxtasar aytib o‘tildi.
Ma’ruza ravon, lo‘nda bayon etilgani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Darhaqiqat, hikmatli va go‘zal kalom insonlar orasini yaqinlashtiradi. Ayniqsa, ummat birligi yo‘lida so‘zlansa. Zero, Muftiy hazratlari bugungi ummat oldida turgan eng dolzarb masalalar, ularning oqilona yechimlari yuzasidan muhim takliflarni o‘rtaga tashladi. O‘zbekiston muftiysining xalqaro yig‘ilishdagi faol ishtiroki va sermazmun nutqi uchun alohida minnatdorlik izhor etilgani ham shunga dalolat qiladi.
Ushbu chiqish yurtimizning dunyo hamjamiyatidagi yuksak nufuzini yana bir bor namoyon etib, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ulug‘ ajdodlarimizning munosib izdoshlari bugun ham borligini ko‘rsatdi. Ulamolar yurti bo‘lgan muqaddas zaminimizdan bunday zabardast olimlar yetishib chiqishi, inshaalloh, bardavom bo‘lajak.
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari