Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Ramazon hayitiga o'tar kechani bedor o'tkazish.
Hayit kuniga o'tar kechani Qur'on tilovati, zikr, tasbeh va nafl namozlar bilan o'tkazish ulkan savoblarga sabab bo'ladi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam: “Kim ikki iyd kechalarini Allohdan savob umidida qoim qilsa, qalblar o'ladigan kunda uning qalbi o'lmas”, deganlar (Ibn Moja, Tabaroniy rivoyati).
2. G'usl qilish.“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr, azho va arafa kunlari g'usl qilar edilar”(Ibn Moja rivoyati).
3. Eng yaxshi, yangi yoki toza kiyimlarni kiyib, xushbo'ylanish. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayit namoziga chiroyli to'nlarini kiyib chiqardilar.
4. Hayit namoziga chiqishdan oldin biror narsa tanovul qilish.“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr kuni bir nechta xurmo tanovul qilib chiqardilar. Toq er edilar” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati).
5. Masjidga imkon qadar piyoda va ertaroq borish.“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki hayit namoziga piyoda yurib chiqardilar” (Ibn Moja rivoyati).
6. Masjidga etib etguncha “Laa ilaha illalloh” va “Allohu akbar” kabi zikrlarni aytib borish.
7. Hayit namozidan oldin boshqa biror nafl namoz o'qimaslik.Masjidga borgandan so'ng tahiyyatul masjid yoki boshqa biror nafl namoz o'qilmaydi, balki zikr qilib o'tiriladi.
8. Namozga bir ko'chadan borib, boshqasidan qaytish. Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday qilar edilar.
9. Hayit bilan muborakbod etish.Sahobalar: “Taqobbal Alloh minna va minkum (Alloh bizdan ham, sizdan ham qabul etsin)”, deb bir-birlarini bayram bilan tabriklashardi.
10. Ahli ayol va yosh bolalarni xursand qilish. Oilada bayram kayfiyatini paydo qilish, sovg'a-hadyalar ulashish kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning eng yaxshingiz o'z ahli ayoliga yaxshi munosabatda bo'lganingizdir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
11. Qavm-qarindosh, yosh ulug'larni ziyorat qilish.
12. Tanish-bilish, yoru do'st, qo'ni-qo'shnilarni bayram bilan tabriklash.
Alloh taolo tutgan ro'za, qilayotgan solih amal va duolaringizni husni qabul etsin! Ramazon hayitingiz muborak bo'lsin!
Davron NURMUHAMMAD
Samarqand viloyati hokimligi va viloyat bosh imom-xatibligi hamkorligida Kattaqo‘rg‘on tumanida aholini qo‘llab-quvvatlash va ma’naviy muhitni mustahkamlashga qaratilgan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Mazkur tadbirlar Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan e’lon qilingan «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» doirasida (bunga qadar Qo‘shrabot tumanida o‘tkazilgan edi) tashkil etildi.
Tadbirning asosiy yo‘nalishlari:
– Xonadonlarga kirilib, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish hamda muammolarni joyida hal etish.
– Inson qadrini ulug‘lash, mahallalarda mehr-oqibat, hamjihatlik va saxovat g‘oyalarini keng targ‘ib qilish.
Jarayon avvalida viloyat bosh imom-xatibi v.v.b. N.Abdumannonov, o‘rinbosar X.Sattarov va DIQ vakili S.Boymurodov ishtirokida shahar va tuman imom-xatiblari hamda hoji otalar bilan yig‘ilish o‘tkazilib, ishchi guruhlarga ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Ayni paytda mutasaddilar tomonidan mahallalarda sayyor uchrashuvlar va ma’rifiy suhbatlar izchil davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati