Nafs kasalligining alomati – mol-dunyo to'plashni yaxshi ko'rish, ammo xayr-saxovat, infoq, ehson, sadaqa qilishni istamaslik.
Muolaja uslubi
Inson o'lim kutilmaganida eshik qoqishini va undan ruxsat so'rab o'tirmasdan bostirib kirishini unutmasligi kerak. Mo'min mol-dunyoni avvalo o'zi va oilasi, ahli-ayolining ehtiyojlari uchun sarflaydi hamda ulardan ortganini esa kambag'al, miskin, nochorlarga ajratadi.
Olayotgan har bir nafasi g'animat va oxirgisi bo'lishi mumkinligini anglab etgan banda mol-dunyoni to'plamaydi, ziqnalik qilmaydi.
Ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qaysingizga merosxo'rning moli o'z molidan ko'ra suyukliroq?” dedilar. Sahobalar: “Yo Allohning Rasuli, oramizda biror kishi yo'qki, o'z moli suyukliroq bo'lmasa”, deyishdi. U zot alayhissalom: “Sarflagani o'zining moli, qoldirgani esa merosxo'rining molidir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Buyuk sahoba Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu kasal bo'lib qolganlarida, musulmonlarga qarata: “Toki tirik ekansiz va sizga muhlat berilgan ekan yaxshi amallar qilib qoling! Yaxshiliklarni keyinga qoldirmang, ularni darhol bajaring va bir kun kelib pushaymon bo'lib:“Uni, buni qilsam bo'larkan” deb qolasiz. Unda endiimkon bo'lmaydi. Shuning uchun vaqti soati kelib mol-dunyoingiz merosxo'rlaringizning haqqiga aylanmasidan oldin yaxshilik qilib qoling. Bilingki, siz nimaki xayr-ehson qilgan bo'lsangiz barchasi sizniki, undan boshqa qolgani esa, merosxo'rlaringizga tegishlidir”.
Abu Abdurahmon as-Sulamiyning
“Nafs illatlari va ularning muolajasi” kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi.
Ummat birligi yo‘lida:
O‘zbekiston tajribasi xalqaro anjumanda e’tirof etildi
Turkiyada «Ummat birligi va global muammolar qarshisida fatvo kengashlari» mavzusida xalqaro maslahat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ishtirok etdi.
Dunyoning 25 dan ortiq mamlakati, jumladan, BAA, Qatar, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Indoneziya, Malayziya, Mavritaniya, Bosniya va Gersegovina, Chernogoriya, Xorvatiya, Bolgariya, Irlandiya hamda MDH davlatlaridan tashrif buyurgan davlat va din arboblari, muftiylar, yetuk islomshunos olimlar qatnashgani anjumanning yuksak mavqeidan dalolat berdi.
Yig‘inda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham ma’ruza qildi. Nutqda Vatanimiz musulmonlarining yaqin o‘tmishdagi og‘ir sinovli davrlari bilan bugungi farovon kunlari qiyosiy tahlil etildi. Xalqimiz har qanday murakkab sharoitda ham islom diniga muhabbatini saqlab qolgani, ulamolarimiz diniy ilmlarni yashirin tarzda bo‘lsa-da, avlodlarga bekamu ko‘st yetkazib kelgani ta’kidlandi.
Shuningdek, bugungi kunda Davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yurtimizda yangi diniy va ilmiy uyg‘onish davri boshlangani, uning amaliy mevasi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Fatvo markazi tomonidan olib borilayotgan ishlar, qisa vaqt ichida bir yarim milliondan ziyod savollarga javoblar berilgani haqida muxtasar aytib o‘tildi.
Ma’ruza ravon, lo‘nda bayon etilgani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Darhaqiqat, hikmatli va go‘zal kalom insonlar orasini yaqinlashtiradi. Ayniqsa, ummat birligi yo‘lida so‘zlansa. Zero, Muftiy hazratlari bugungi ummat oldida turgan eng dolzarb masalalar, ularning oqilona yechimlari yuzasidan muhim takliflarni o‘rtaga tashladi. O‘zbekiston muftiysining xalqaro yig‘ilishdagi faol ishtiroki va sermazmun nutqi uchun alohida minnatdorlik izhor etilgani ham shunga dalolat qiladi.
Ushbu chiqish yurtimizning dunyo hamjamiyatidagi yuksak nufuzini yana bir bor namoyon etib, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ulug‘ ajdodlarimizning munosib izdoshlari bugun ham borligini ko‘rsatdi. Ulamolar yurti bo‘lgan muqaddas zaminimizdan bunday zabardast olimlar yetishib chiqishi, inshaalloh, bardavom bo‘lajak.
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari