Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

Hatmi Qur'onda qilingan duo qabul

05.04.2024   31172   3 min.
Hatmi Qur'onda qilingan duo qabul

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Qur'on xatm qilinganda ijobat bo'ladigan duo bor.

Allohim! Bizni eng go'zal Kalom – Qur'oni Karim tilovatiga musharraf qilganing, uni xatm qilishga muvaffaq etganing uchun O'zingga hamdu sanolarimiz bo'lsin!

Allohim! Sarvari olam, Sayyidul mursaliyn, O'zingning Habibing, Rasuling Muhammad Mustafoga, u zotning ahli baytlari, sahobalari, tobe'inlar va ularga ergashgan musulmonlarga salavotu salom yubor, rahmating va barakotingni ziyoda qil!

Allohim! Bizni eng mahbub Rasuling ummatidan qilganingga shukr.

Allohim! Bizni Ramazonga etkazib, ibodatingga loyiq ko'rganing uchun O'zingga hamdu sanolar aytamiz! O'zingning Kalomingni tilovat va xatm qilishni bizga muvaffaq qilganingga shukrlar keltiramiz!

Allohim! Bizga Sen bergan va berayotgan barcha ne'matlarning sanog'i, fazlu marhamating adog'i yo'q! Barchasi uchun O'zingga hamdu sanolarimiz bo'lsin!

Allohim! Sendan o'zga iloh yo'q! Sen barcha aybu nuqsondan pokdirsan!

Allohim! Bizning gunohlarimizni mag'firat etgin! O'zing mag'firat qilmasang, rahm qilmasang, ziyon ko'rganlarlardan bo'lajakmiz!

Allohim! Buyruqlaringni to'liq ado eta olmadik, qaytariqlaringdan qayta olmadik, ammo bo'yin tovlab emas, ojizligimizdan. O'zing ojizlarga mehribonsan, bizdan mehringni darig' tutma!

Allohim! Rahmati bilan aybu gunohlarimizni yashiruvchi Zot, ularni mag'firating va fazling ila kechirib yubor! Gunohlarimizning kattayu kichigi, maxfiyu oshkorasi, bilganlarimiz, bilmaydiganlarimizni kechir!

Allohim! Sen afvni qilishni yaxshi ko'rasan, bizni afv et!

Allohim! So'raganni yaxshi ko'ruvchi Zotsan, Sendan so'ramagandan g'azablanasan, ibodat va duolarimizni ijobat ayla!

Allohim! O'zing “Duo qilinglar, ijobat qilaman”, deb marhamat qilgansan. Amringga binoan duo qilmoqdamiz, va'dangga binoan ijobat ayla! Sen bandalaringning qo'llarini quruq qaytarmagaysan!

Allohim! Bizga roziligingni, jannatingni hamda ularga olib boradigan so'z va amallarni nasib qil! G'azabingdan, do'zaxingdan hamda ularga olib boradigan so'z va amallardan panoh ber!

Allohim! Sendan foydali ilm, maqbul solih amal, go'zal axloq, halol rizq, barakali umr, solih zurriyot so'raymiz!

Yo Alloh! Bizga keng fe'l, ketmas davlat, zikrli til, shukrli dil ato et!

Allohim! Har bir ishda Senga muhtojmiz,! O'zingdan o'zgaga muhtoj qilma!

Allohim! Qur'oni karimni bizga dunyoda hamnafas, qabrda hamdam, qiyomatda shafoatchi, jannatda hamroh, do'zaxdan parda va barcha ezguliklarga etaklovchi sarbon qil!

Allohim! Qur'on tufayli bizga rahm qilgin va uni bizga yo'lboshchi, nur, hidoyat, rahmat va shifo etgin!

Allohim! Qur'on bilan qalblarimizni munavvar qil, Qur'on bilan xulqlarimizni ziynatla.

Allohim! Ushbu yurtni va butun Yer yuzini tinch-omon, osuda et!

Allohim! Ramazondan bizga taqvo malakasi, O'zingga qurbat hosil qilishni nasib et! Ramazondan keyin ham Ramazondagidek, balki yanada ziyoda darajada ibodat va toatda, hidoyatda bardavom bo'lishni nasib ayla!

Yo Alloh! Bizni Qadr kechasini topgan, uning fazilatlaridan bahramand bo'lganlardan qil!

Robbimiz! Bizga dunyoda ham yaxshilik ber, oxiratda ham yaxshilik ber va bizlarni do'zax azobidan saqla!

Allohim! Rasulimiz Muhammad Mustafoga, ahli oilalari va sahobalariga salavot salomlarimizni yubor! Butun olamlarning Robbi Allohga hamdlar bo'lsin!

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkentda O‘zbekiston va Pokiston turizm sohasi vakillarining B2B formatidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

14.09.2026   1950   1 min.
Toshkentda O‘zbekiston va Pokiston turizm sohasi vakillarining B2B formatidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Toshkentda O‘zbekiston va Pokistonning Karachi shahri turistik biznesi vakillari ishtirokida B2B formatidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasidagi bevosita aloqalarni kengaytirish, yangi turizm mahsulotlarini yaratishga bag‘ishlangan tadbir “Centrum Air” aviakompaniyasi tomonidan tashkil etildi. Uchrashuv Toshkent–Karachi yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan “FAM Trip” tanishtiruv turi doirasida o‘tkazildi.

Joriy yilning 10–12 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan tashrif davomida Karachi turizm biznesining 10 nafar vakili O‘zbekistonga keldi. Delegatsiya Toshkent va Samarqandning tarixiy, madaniy va diqqatga sazovor sayyohlik maskanlari hamda mamlakatning zamonaviy turizm infratuzilmasi bilan tanishdi.

B2B formatidagi uchrashuvda O‘zbekistonning turizm salohiyati va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari taqdimoti o‘tkazildi. Unda Pokiston bozorida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivani qamrab oluvchi tarixiy-madaniy yo‘nalishlar, Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishlari, gastronomik, ekologik va ziyorat turizmini targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Ikki mamlakat turizm sohasi vakillari qo‘shma turpaketlarni ishlab chiqish, yangi yo‘nalishlarni shakllantirish hamda O‘zbekiston va Pokiston bozorlarida turistik mahsulotlarni ilgari surish masalalarini muhokama qildi.

Ta’kidlanganidek, Karachi va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi turizm yo‘nalishlari, jumladan, “Karachi–Toshkent–Samarqand” yo‘nalishini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi va kelgusida O‘zbekistonning boshqa sayyohlik markazlarini ham qamrab olish imkonini beradi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari