Saudiya Arabistoni Podshohligi Makka shahridagi “Masjidul Harom”ning yuqori qavatida keksalar va ehtiyojmand ziyoratchilarga xizmat ko'rsatadigan “aqlli” golf mashinasi ishga tushirildi. “Saudi Gazette”ning Ikki Muqaddas masjid ishlari bo'yicha bosh boshqarmasiga tayanib xabar berishicha, golf aravasidan tavof qilish (Muqaddas Ka'ba atrofida aylanib o'tish) mumkin.
Departamentning ta'kidlashicha, ehtiyojmand ziyoratchilar golf aravalari joylashgan joyga “Ajad” eskalatorlari va “Qirol Abdulaziz” darvozasidagi liftlar orqali borishlari mumkin. Golf mashinasi ish vaqti 12 soat ya'ni har kuni 16:00 dan 4:00 gacha.
Qayd etilishicha, xizmat faqat tavof qilish uchun ko'rsatiladi va uning narxi bir kishi uchun qo'shilgan qiymat solig'i bilan 25 saudiya riyolini tashkil etadi. Hozirda ziyoratchilar tavof qilishi uchun 50 ta golf mashinalari mavjud, ularning har biri 10 yo'lovchiga mo'ljallangan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#xabar #haj2025
Bugun kechqurun 15 ming o‘zbekistonlik ziyoratchilar Makkai mukarramadagi mehmonxonalardan haj ibodatining asosiy amallarini bajarish uchun Mino vodiysiga yo‘l oladilar.
Aytish joizki, bugungi kungacha O‘zbekiston ishchi guruhi vakillari tomonidan ziyoratchilarimiz ulug‘ ibodatni bekamu ko‘st ado etishlari uchun Mino, Arofat va Muzdalifa vodiylarida barcha shart-sharoitlar to‘liq tayyor holatga keltirilgan.
Ayni maqsadda ishchi guruhi va shifokorlarning ma’lum a’zolari mazkur muborak vodiylarda bir muddat oldin borib, ziyoratchilarimizni kutib olishga shay bo‘lib turibdilar.
Xususan, bu yil, O‘zbekiston tomonining talabiga muvofiq, Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘ralgan, sovutish tizimi o‘rnatilgan, gilam va to‘shaklar solingan. Bu hozirgi yoz kunlarida ziyoratchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Shuningdek, barcha sharoitlarga ega tibbiyot markazlari, 3 mahal issiq ovqat va 24 soat davomida choy va salqin ichimliklar bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yiladi. Arafotda Muzdalifada foydalanish uchun hojilarga maxsus to‘shak va soyabonlar tarqatish rejalashtirilgan.
Ayni paytgacha soha rahbarlari tomonidan ishchi guruhi a’zolari, ellikboshilar va shifokorlar jamoasiga haj jarayonlarini namunali boshqarish, belgilangan tartiblarga rioya etish va shar’iy masalalar haqida batafsil tushuntirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati