وَلَمَّا جَآءَهُمۡ كِتَٰبٞ مِّنۡ عِندِ ٱللَّهِ مُصَدِّقٞ لِّمَا مَعَهُمۡ وَكَانُواْ مِن قَبۡلُ يَسۡتَفۡتِحُونَ عَلَى ٱلَّذِينَ كَفَرُواْ فَلَمَّا جَآءَهُم مَّا عَرَفُواْ كَفَرُواْ بِهِۦۚ فَلَعۡنَةُ ٱللَّهِ عَلَى ٱلۡكَٰفِرِينَ٨٩
Kofirlarga qarshi kurashda dushman g‘olib kelguday bo‘lsa, yordam kutgan yahudiylar: "Oxirgi zamon payg‘ambari tezroq kelsaydi" deb duo qilishar edi. U zot kelganlarida esa, o‘zlari inkor qilib, kofirlardan bo‘lishdi. Ibn Is'hoq Osim ibn Amr ibn Qatodaning ushbu rivoyatini keltiradi: "Bizlarning Islomga kirishimizga Alloh rahmati va hidoyati bilan birga sabab bo‘lgan omillardan yana biri shu ediki, biz johiliyat zamonida butlarga sig‘inuvchi johillardan edik. Ahli kitobdan bo‘lmish yahudiylar esa, biz bilmagan ilmlardan xabardor edi. O‘rtamizda tez-tez urushlar bo‘lib turardi. Agar urushda biz yengsak: "Shoshmay turinglar, yangi bir payg‘ambarning chiqish vaqti yaqinlashib qoldi, o‘sha payg‘ambar bilan sizlarni Od va Eram qavmlariday halok qilamiz", deyishardi. Bu so‘zlarni ulardan ko‘p bor eshitgandik. Alloh O‘z Payg‘ambarini yuborgach, biz uning da’vatini qabul qilib, yahudiylar tahdid qilayotgan payg‘ambar shu zot ekanlarini bildik va yahudiylardan oldin Payg‘ambarga imon keltirdik. Ammo yahudiylarning o‘zlari Payg‘ambarni inkor etib, kofirlardan bo‘lishdi. Yuqoridagi oyati karim aynan o‘shalar haqida nozil bo‘lgan".
Suddiy aytadi: "Johiliyat davrida arablar yahudiylarga ko‘p aziyat yetkazishar edi. Yahudiylar Tavrotda oxirzamon payg‘ambari sifatlarini, Alloh u kishini yuborishini va arablarga (mushriklarga) qarshi ular bilan jang qilishini bilishardi. Endi arablarga Muhammad solllallohu alayhi va sallam kelganlarida hasad tufayli kofir bo‘lishdi va: "Payg‘ambarlar Bani Isroildan bo‘lardi, bu esa Ismoil avlodidan chiqibdi (bunday bo‘lmasligi kerak edi)", deyishdi".
بِئۡسَمَا ٱشۡتَرَوۡاْ بِهِۦٓ أَنفُسَهُمۡ أَن يَكۡفُرُواْ بِمَآ أَنزَلَ ٱللَّهُ بَغۡيًا أَن يُنَزِّلَ ٱللَّهُ مِن فَضۡلِهِۦ عَلَىٰ مَن يَشَآءُ مِنۡ عِبَادِهِۦۖ فَبَآءُو بِغَضَبٍ عَلَىٰ غَضَبٖۚ وَلِلۡكَٰفِرِينَ عَذَابٞ مُّهِينٞ٩٠
Ahli kitoblar yana Haq payg‘ambar kelishini yaxshi bilishar, hatto bu haqda Tavrot va Injilda xabar berilganidan ham voqif edilar. Ammo dillaridagi gumon va hasad, kibr va gina xastaliklari tufayli Muhammad alayhissalomga ilohiy vahiylar tusha boshlaganini ko‘rib ham, u zotga ergashishmadi. Aksincha, har qadamda Allohning so‘nggi Payg‘ambari va u olib kelgan shariatga qarshi dushmanlik qila boshlashdi. Alloh taolo aytadi: "Albatta, Alloh nazdida (maqbul) din Islomdir. Ahli kitoblarga ma’lumot kelganidan keyin o‘zaro hasad yuzasidan ixtilof qilishga o‘tishdi. Kim Alloh oyatlarini inkor etsa, Alloh tez hisob-kitob qiluvchidir" (Oli Imron, 19). Ya’ni, Allohning itoati ostida jamlanishlari uchun Ahli kitoblarga Islom va Muhammad alayhissalomning haq Payg‘ambarliklari bildirildi. Bilganlaridan so‘ng ular endi o‘zaro ittifoqqa kelishlari lozim edi. Lekin ular haqdan xabardor bo‘laturib, bir-birlariga hasad tufayli ixtiloflarga borishdi, bir-birlariga so‘zlarini o‘tkazishga kirishib ketishdi. Natijada bir-birlarini inkor qilishgacha borishdi. Shu tufayli Alloh taoloning g‘azabiga giriftor bo‘lishdi.
Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi bosh ilmiy xodimi, dots.nt Azalshoh Hamroyev hammuallifligida «Buxoro: sharafli o‘tmishdan buyuk istiqbol sari» nomli salmoqli kitob-albom chop etildi.
Turkiyaning Istanbul shahridagi nufuzli «Mega basim» nashriyotida yuqori poligrafik sifatda chop etilgan ushbu 384 betlik asar o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlangan.
Kitob-albomda Islom sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lgan ko‘hna Buxoroi Sharifning uch ming yillik shonli tarixi, boy ma’naviy-madaniy merosi, shuningdek, buyuk allomalar yurtidagi muqaddas qadamjolarning o‘rni alohida e’tirof etilgan.
Shu bilan birga, nashrda Yangi O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan ijobiy o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlari va ijtimoiy taraqqiyot yuqori sifatli suratlar, aniq ma’lumotlar hamda ilmiy asoslangan matnlar orqali ochib berilgan.
Mazkur nashr nafaqat tarixiy va ma’rifiy merosni o‘rganishda qimmatli manba, balki yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va ma’naviy yuksalishning yorqin ko‘zgusi bo‘lib xizmat qiladi.
Yangi kitob-albom ma’rifatparvar xalqimiz va kitobxonlarga muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati