وَلَقَدۡ ءَاتَيۡنَا مُوسَى ٱلۡكِتَٰبَ وَقَفَّيۡنَا مِنۢ بَعۡدِهِۦ بِٱلرُّسُلِۖ وَءَاتَيۡنَا عِيسَى ٱبۡنَ مَرۡيَمَ ٱلۡبَيِّنَٰتِ وَأَيَّدۡنَٰهُ بِرُوحِ ٱلۡقُدُسِۗ أَفَكُلَّمَا جَآءَكُمۡ رَسُولُۢ بِمَا لَا تَهۡوَىٰٓ أَنفُسُكُمُ ٱسۡتَكۡبَرۡتُمۡ فَفَرِيقٗا كَذَّبۡتُمۡ وَفَرِيقٗا تَقۡتُلُونَ٨٧
Odam farzandi bir xil tug‘ilsa, unda nega turli millat, turli qavm, turli dinda bo‘lib qolgan? Bu to‘g‘rida Allohning O‘zi shunday marhamat qiladi: "Ey insonlar, darhaqiqat Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishinglar (do‘st-birodar bo‘lishinglar) uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila-elatlar qilib qo‘ydik" (Hujurot, 13). Yana bir oyati karimada esa: "Odamlar bir millat edilar. So‘ng (oralarida kelishmovchiliklar paydo bo‘lgach) Alloh (mo‘minlarga) xushxabar eltguvchi va (kofirlarni jahannam azobidan) qo‘rqituvchi payg‘ambarlarni yubordi" (Baqara, 213), deb xabar beriladi. Insoniyat yaratilganidan buyon Alloh O‘z payg‘ambarlari orqali nozil qilgan muqaddas vahiyi bilan kishilik jamiyatini tartibga solib, boshqarib kelyapti. Insonlardan ayrimlari ana shu da’vatga qo‘shilishdi. Ba’zilari esa uni inkor qilishdi. Mushriklarning butun bir jamiyati ichidan faqat ozgina kishi elchilarga ergashgan. Muborak da’vat yetib borgan xalqlarning asosiy ko‘pchiligi vahiylardan yuz o‘girdi. Buning ustiga bu xalqlar Alloh taologa osiylik bilangina kifoyalanib qolmay, o‘zlariga yuborilgan payg‘ambarlarni, ularga imon keltirgan safdoshlarini qattiq xo‘rlashdi, ular ustidan kulishdi. Allohning elchilarini har gal yolg‘onchilikda, johillikda, jodugarlikda, aqlsizlikda, manfaatparastlik va xudbinlikda, qo‘yingki barcha gunoh-xatolarda ayblashdi, hatto ayrimlarini qatl ham qilishdi. Muqaddas Ruh, deganda Jabroil alayhissalom yoki Ismi A’zam tushuniladi, Iso alayhissalom buning barakotidan o‘liklarni tiriltirar edi.
وَقَالُواْ قُلُوبُنَا غُلۡفُۢۚ بَل لَّعَنَهُمُ ٱللَّهُ بِكُفۡرِهِمۡ فَقَلِيلٗا مَّا يُؤۡمِنُونَ٨٨
Bundan tashqari, osiylar payg‘ambarlarning har biri o‘z xalqiga faqat da’vat qilgani va Allohga bo‘ysunishga chorlagani, ular pul ham, amal ham, boshqa dunyoviy lazzatlar talab qilmagani va ular o‘z xalqini majburlovchi bo‘lmaganiga qaramay, xalqning peshvolari ko‘p hollarda payg‘ambarlar hayotiga daxl qilishdi. Vaholanki, elchilar, ya’ni nabiylar va rasullarning butun faoliyati qavmini haqiqiy imonga qaytishga va boshqacha hayotni boshlashga da’vat qilishdan iborat edi. Johil kimsalar payg‘ambarlar keltirgan vahiylarni eshitishni ham istamas, "sen keltirgan xabarlarga qalblarimiz yopiq" deya ularni mazax ham qilishgan edi. Aslida Alloh taolo ularni kufr botqog‘iga botirib qo‘ygan, qalblarini muhrlab, ko‘zlarini ko‘rmaydigan, quloqlarini eshitmaydigan qilib qo‘ygan. Ular kufrlari, imonsizliklari uchun Alloh taoloning ham, farishtalarning ham, insu jinlarning ham la’natiga giriftor bo‘lishgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligida shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirni viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Uchrashuvda davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoni bilan bir guruh diniy soha xodimlari «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlangani yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va tarixiy voqea ekani alohida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» ezgu shiori ostida vohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, yoshlarni Vatanga sadoqat va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyat sarhisob qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida imom-xatiblarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:
Ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar olish;
Oilalar totuvligini mustahkamlash va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash;
Masjidlar, qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda tozalik tadbirlarida faollik ko‘rsatish.
Yig‘ilish yakunida diniy soha xodimlarining kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati