Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Noyabr, 2025   |   30 Jumadul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:55
Quyosh
07:18
Peshin
12:14
Asr
15:18
Shom
17:03
Xufton
18:20
Bismillah
21 Noyabr, 2025, 30 Jumadul avval, 1447

2. BAQARA (sigir) SURASI, 80–82 OYATLAR

19.08.2020   9712   4 min.
2. BAQARA (sigir) SURASI, 80–82 OYATLAR

 وَقَالُواْ لَن تَمَسَّنَا ٱلنَّارُ إِلَّآ أَيَّامٗا مَّعۡدُودَةٗۚ قُلۡ أَتَّخَذۡتُمۡ عِندَ ٱللَّهِ عَهۡدٗا فَلَن يُخۡلِفَ ٱللَّهُ عَهۡدَهُۥٓۖ أَمۡ تَقُولُونَ عَلَى ٱللَّهِ مَا لَا تَعۡلَمُونَ٨٠

  1. (Yahudiylar): "Bizni jahannam o‘ti bir necha kungina tegadi, xolos", deyishadi. (Ey Muhammad): "Alloh ahdini buzmaydi, deb Allohdan ahd olganmisizlar yoki bilmagan narsalaringizni Alloh nomidan so‘zlayapsizlarmi?!" deng.

Islomning ilk davridagi yahudiylar: "Bizlar bir necha kungina do‘zaxda azoblanamiz, keyin Alloh bizlarni jazolamaydi" deb safsata sotishardi. Alloh O‘z Payg‘ambariga tushirgan vahiyi orqali ularning bu yolg‘on iddaolarini rad etyapti. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo shunday deydi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida yahudiylar: "Bu dunyoning muddati yetti ming yildir, Alloh insonlarni do‘zaxda dunyo kunlarining har ming yiliga oxirat kunining bir kuni bilan azoblaydi, demak, yetti kungina jazolaydi, so‘ng to‘xtatiladi", deyishar edi. Shunda Alloh yuqoridagi oyatni nozil qildi" (Ikrima va Said ibn Juvayrdan Ibn Is'hoq rivoyati). Zahhokning rivoyatida esa Ibn Abbosning bunday degani keltiriladi: "Ahli kitoblar do‘zaxning ikki tarafi orasi qirq (yil, kun, oyligi aniq bo‘lmagan) masofa ekanini topishdi va: "Biz do‘zaxda Tavrotda topganimizcha (ya’ni, qirq yil yo kun yo oy) azoblanamiz", deyishdi" (Naysoburiy. "Asbabun-nuzul", 18-bet).

بَلَىٰۚ مَن كَسَبَ سَيِّئَةٗ وَأَحَٰطَتۡ بِهِۦ خَطِيٓ‍َٔتُهُۥ فَأُوْلَٰٓئِكَ أَصۡحَٰبُ ٱلنَّارِۖ هُمۡ فِيهَا خَٰلِدُونَ٨١

  1. Yo‘q! Kim yomonlik qilgan bo‘lsa va yomonligi uni o‘rab olgan bo‘lsa, ana o‘shalar do‘zaxiylardir va unda abadiy qolishadi.

Ammo qiyomat kelganida odil Parvardigor kim jannatiy, kim do‘zaxiy ekanini yaxshi bilgani uchun hamma narsani adolat bilan hal etadi. O‘z manfaatlari yo‘lida yolg‘on to‘qib, Alloh taoloning oyatlariga kufr keltirgan nodon kimsalar qilgan yomonliklari uchun do‘zaxga tashlanishadi. Ming azobda yurib saqargacha (do‘zaxning eng tuban joyigacha) borishadi. U yerda zaharli zaqqum daraxti bor. Belgilangan kuni o‘sha joyga yetadilar. Shunda do‘zax posbonlari ularga: "Ey Allohning dushmanlari, sizlar do‘zaxda faqat belgilangan ma’lum kunlar azoblanamiz, deb o‘ylagan edinglar, mana endi sanoqlar kesildi, abadiylik qoldi", deyishadi.

وَٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ وَعَمِلُواْ ٱلصَّٰلِحَٰتِ أُوْلَٰٓئِكَ أَصۡحَٰبُ ٱلۡجَنَّةِۖ هُمۡ فِيهَا خَٰلِدُونَ٨٢

  1. Imon keltirib, yaxshi amallarni qiluvchilar jannatiylardir va unda abadiy qolishadi.

Dunyo hayotida imon bilan, solih amallarni qilib o‘tgan kishilar uxroviy tijoratda juda katta foyda ko‘rishadi. Alloh taolo bunday saodatmand kishilarni jannat bilan mukofotlaydi va ular jannatning ko‘rkam bog‘larida, behisob ne’matlar ichra abadiy rohat-farog‘atda yashashadi. Rivoyat etilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir kuni sahobalarga: "Bani Isroilda bir kishi bor edi, u juda ko‘p xayrli ishlarni qilardi. O‘sha kishi qiyomat kuni sizlarning ichingizda hashr (qayta tirilish) qilinadi", dedilar. Shunda sahobalar: "Ey Allohning Rasuli, u kishi nima yaxshi ish qilardi?" deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday javob qildilar: "Unga otasidan juda ko‘p mol-dunyo meros qolgandi. Boylikning bir qismiga bir bog‘ sotib olib, uni faqirlarga vaqf (abadiy foydalanishga berish) qildi: "Parvardigorim huzuriga borganda bu mening bog‘im bo‘ladi", dedi. Yana bir qancha oltin ayirib, uni faqir va nochor kishilarga tarqatdi: "Bu bilan Alloh taolodan joriya va qullar sotib olaman", dedi. Yana bir qancha qullarni ozod qildi: "Bular ham Alloh huzurida mening xizmatchilarim bo‘ladi", dedi. Bir kuni esa ko‘zi ojiz odamni ko‘rib qoldi. Qarasa, qoqilib-yiqilib ketyapti. Unga bir ulov sotib olib berdi va: "Bu esa Alloh taolo huzurida mening ulovim bo‘ladi", dedi. Payg‘ambar alayhissalom bu hikoyani aytib bo‘lganlaridan keyin: "Jonim izmida bo‘lgan Alloh taologa qasamki, bu ulov uning uchun egarlangan va jilovlangan holda hozir turganini ko‘ryapman, bu kishi unga minadi va Mahshargohga shunday holda keladi", dedilar.

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar

Rostgo‘ylik jannatga boshlaydi

21.11.2025   283   1 min.
Rostgo‘ylik jannatga boshlaydi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

حدثنا ابن عفان العامري نا ابن نمير عن الأعمش عن شقيق قال: قال عبد الله قال رسول الله صلى الله عليه وسلم عليكم بالصدق فإن الصدق يهدي إلى البر والبر يهدي إلى الجنة وإن الرجل ليصدق حتى يكتب عند الله صديقا وإياكم والكذب فإن الكذب يهدي إلى الفجور والفجور يهدي إلى النار وإن الرجل ليكذب حتى يكتب عند الله كذابا.
 

Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam bunday dedilar: “Rostgo‘ylikni lozim tuting. Chunki rostgo‘ylik ezgulikka boshlaydi, ezgulik esa jannatga boshlaydi. Kishi faqat rost gapiraversa, Allohning huzurida rostgo‘y deb yoziladi. Yolg‘ondan saqlaning. Chunki yolg‘on fisq-fujurga boshlaydi, fisq-fujur esa do‘zaxga boshlaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida kazzob deb yozilib qoladi”.

 

Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi