Bugungi Islom dinining asl mohiyatini yoshlarga va kelajak avlodga mukammal va sof darajada etkazish uchun davlat, ta'lim muassasalari, diniy idoralar va malakali mutaxassislar tomonidan etarlicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Lekin ba'zi guruhlarning islomiy tushunchalarni buzib talqin qilishi yoshlarni ayrim oqimlar ta'siriga tushib qolishiga sabab bo'lmoqda. Bunday muammolarning eng kattasi jihod bilan bog'liqdir.
Ushbu mavzudagi oyatlarni o'rganadigan bo'lsak, Oli Imron surasi 142-143 oyatlarida Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “...Yoki Alloh sizlarning ichingizdan kim (chindan) jihod qiluvchi va kim sabrli ekanini imtihon qilib ko'rmasdan jannatga kiraveramiz, deb o'yladingizmi? Ajalingiz etmay, o'limni (shahidlikni) orzu qilar edingiz. Mana, endi (Uhudda) uni ko'z o'ngizda ko'rib turibsiz”.
Ushbu oyat Rasululloh sollallohu alayhi va salam davrlarida mushriklarga qarshi kurashish uchun musulmonlarni ruhlantirish va ularga dushmanga qarshi kurashish uchun to'g'ri yo'l ko'rsatish uchun nozil qilingan. Shuningdek, Makka mushriklari va boshqa qabilalar va musulmonlar o'rtasidagi o'zaro bo'layotgan kelishmovchiliklar va urushlar sabab musulmonlar uchun mana shu janglarda qatnashish va Rasululloh sollallohu alayhi va salamni himoya qilish uchun jangga chiqishlari va Alloh yo'lida bu jangda ishtirok etishlari haqida mana shunday bir qancha oyatlar nozil qilingan. Niso surasi 95- oyatda esa Alloh taolo marhamat qilib:
“Beuzr bo'la turib (uyida) o'tiruvchi mo'minlar bilan Alloh yo'lida mollari va jonlari bilan jihod qiluvchilar teng bo'lmaydilar. Alloh mollari va jonlari bilan jihod qiluvchilarni (uyida) o'tiruvchilardan (ko'ra) ortiq darajali qildi. Hammasiga ham Alloh chiroyli (savob) va'da qildi. Alloh ulkan mukofot (taqsimi)da o'tiruvchilardan ko'ra mujohidlarni buyuk ajr bilan afzal etdi.”
Bu oyatda Makka mushriklaridan qattiq aziyat chekkan musulmonlarga, Madinaga kelib qaror topganlaridan keyin ulardan qasos olishga Alloh tomonidan ruxsat etiladi.
Jihod so'zi hamma vaqt ham jang va urush mazmunida emas, balki jiddu jaxd, sa'y-harakat, ijtihod, kurash ma'nolarida ham keladi.
Shuningdek, ba'zi yoshlar orasida noto'g'ri shakllanayotgan tushunchalardan yana biri bu millatchilik va boshqa din vakillarini mensimaslik holatlari kuzatilayotganidir. Ayniqsa, insonlarni shakl shamoyili, rangi ro'yi yoki qaysi davlatda yashashiga qarab kibr ila muomala qilish ham bugungi muommolardan biridir.
Albatta, aslida bunday tushunchalar Islomga zid.
Islom bu taraqqiy etgan va haq dindir. Islom insonlarga yaxshi muomalada bo'lishni va hammani teng ko'rishni va insonlar o'rtasidagi bunday tafovutlar va noto'g'ri tushunchalarni keskin qoralovchi dindir. Buni yoshlarga etkazish har birimizning burchimizdir.
Jahongir Abdupatalov,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
Sharq mamlakatlari iqtisodiyoti, siyosati va turizm fakul'teti
Halqaro turizm yo'nalishi 1-kurs talabasi
Ulamolar dinda ixtilof chiqarayotganlardan saqlanish uchun mazhab ahkomlarida mahkam turish, mutaassib g‘oyalarga berilmaslik zarurligini ta’kidlaydi va ixtilofchilarning jamiyatga buzg‘unchi ta’siridan saqlanishda quyidagilarni tavsiya qiladi:
– Ahli sunna val jamoa yo‘lidan yurish;
– Dinni o‘rganishda solih ajdodlar izidan borish;
– Tizimli va ishonchli manbalar asosida ilm o‘rganish;
– Ulamolarni hurmat qilish va ularga ergashish;
– Farzand tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish;
– Turli toifa, firqa va guruhlarning chaqiriqlariga uchmaslik;
– Kishilar o‘rtasida ahil-inoqlik va do‘stlikni mustahkamlash;
– Din, Vatan va xalq foydasi uchun xizmat qilish;
– Ixtiloflardan chetda bo‘lish.
Tarixdan ma’lumki, qaysi xalq yoki jamiyatda ixtilof va o‘zaro nizolar avj olsa, u yerlarda katta fitnalar urchib, o‘lkalar zaiflashgan, oxir-oqibat muqarrar tanazzulga yo‘l tutgan. Aksincha, oshkora va maxfiy fitna va ixtiloflarga qarshi ilm, adolat va birdamlik bilan qarshi turgan yurtlar barqaror rivojlanib, dunyo hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini egallagan.
Shu nuqtayi nazardan, musulmonlarimiz aqida, shariat va diniy amallarni bajarish masalalarida ulamolarimizga ergashishlari, jamoadan ajralmasligi, o‘zlarini buzg‘unchi toifalar ta’siriga tushib, diniy mavzularda nizo va tortishuv chiqarishdan tiyishlari, ixtilofli masalalarning yechimini jumhur ulamolarning Qur’on va sunnat, moturidiya aqidasi, to‘rt mo‘tabar fiqhiy mazhablar asosida yozilgan asarlardagi hujjat-dalillardan topishlari to‘g‘ri yechim hisoblanadi.
Mingbuloq tumani “Toptiq Aziz” jome masjidi
imom-xatibi Mirzohid Umirzoqov
Manba: @Softalimotlar