Yurtimizda tinchlik, farovonlik va millatlararo o'zaro totuvlik hukm surmoqda. Bu bebaho ne'matlarning qadriga etish barchamizning burchimizdir. Bu tinchlik, taraqqiyot va farovonlik o'z-o'zidan bo'layotgani yo'q, albatta. Bu, avvalambor, Alloh taoloning bizga ravo ko'rgan cheksiz inoyati bo'lsa, ikkinchidan, hukumatimiz tomonidan vijdon erkinligi va diniy bag'rikenglikni ta'minlashda olib borilayotgan oqilona isloxatlar natijasidir.
Bugungi kunda yosh avlod ongida shukronalik xissini kuchaytirish, sof diniy ta'limotlarni yoshlarga etkazish, ularni xalqparvarlik, vatanparvarlik, milliy va diniy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash muhim ahamiyatga egadir.
Ayni paytda, ayrim yoshlarda dunyoviy va diniy bilimlarning sayozligi, ularda sof diniy tushunchalarning asl mazmunini bilmaslik ham diniy ekstremistik g'oyalarning tarqalishiga sabab bo'lishi mumkin.
Ular hech qanday asossiz musulmon diyorlarni “kufr diyori” deb e'lon qilib, u erdagilarni “hijrat” qilishga undash orqali turli nizo va fitna o'choqlariga jalb qilish, qo'lga qurol olib tinch aholi vakillari va boshqa din vakillarini qirish orqali mintaqada urush olovini yoqish, jihod tushunchasini noto'g'ri talqin qilish orqali yoshlarni qotilliklar qilishga chorlash bilan shug'ullanadilar.
Muqaddas Islom dinini niqob qilib olganlar ekstremistik va terroristik harakatlar qilayotganlar hech qanday asossiz musulmon diyorlarni “kufr diyori” deb e'lon qilib, u erdagilarni “hijrat” qilishga undash orqali turli nizo va fitna o'choqlariga jalb qilish, qo'lga qurol olib tinch aholi vakillari va boshqa din vakillarini qirish orqali mintaqada urush olovini yoqish, jihod tushunchasini noto'g'ri talqin qilish orqali yoshlarni qotilliklar qilishga chorlash bilan shug'ullanadilar.
Qur'oni karimda begunoh odamlarning joniga qasd qilish qoralanadi. Jumladan, “Niso” surasining 93-oyatida bunday marhamat qilinadi: “Kimda-kim qasddan bir mo'minni o'ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh g'azab qilgay, la'natlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qo'ygay”.
Hadislarda ham bu borada ko'plab xabarlar kelgan. Jumladan, Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taoloning nazdida bir musulmon kishining nohaq qatl etilishidan ko'ra, yorug' dunyoning barbod bo'lib ketishi engilroqdir”, dedilar”.
Yuqoridagi mulohaza va dalillar, diniy-ekstremizm va terrorizmning nafaqat umume'tirof etilgan zamonaviy qonunlar, balki islom dini asoslariga ham zid ekanini ko'rsatadi.
Shunday ekan, diniy-ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda barchamiz o'z mas'uliyatimizni his etishimiz, ogoh bo'lishimiz, vatanimizning kelajagi uchun javobgar ekanimizni unutmasligimiz lozim.
Saydulloh G'aniyev,
Uychi tuman "Islom Nuri" jome
masjid-imom xatibi
Bir kuni Fath ibn Xoqon xalifa Mutavakkilning huzuriga kirdi. Xalifa jim o‘tarar va bir narsa haqida chuqur o‘ylardi. Fath bu jimlikni buzib: “Nimalar haqida o‘ylayapsiz, ey mo‘minlar amiri?” – deya so‘radi. Xalifa: “Men yer yuzida turmushi eng farovon kishi kim ekan?” deb o‘ylayotgan edim”, dedi. Fath bo‘lsa: “Dunyoda eng faravon hayot kechirayotgan kishi siz-da! Allohga qasamki, u – sizsiz!” – dedi. Xalifa: “Yo‘q! Men emas. Keng hovlisi, soliha ayoli, qobil farzandlari va yetarli rizqi bo‘lgan kishi – hayoti eng faravon odamdir”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham: “To‘rt narsa baxtning belgisidir: soliha ayol, keng turar-joy, solih qo‘shni, yaxshi ulov. To‘rt narsa esa badbaxtlik belgisidir – yomon xotin, yomon qo‘shni, chatoq ulov, tor xonadon”, deganlar.
Ba’zilar baxtni mashhurlikda, molu davlatga ega bo‘lishda deb biladilar. Bu dunyoda Allohning muxlis bandalarigina his qiladigan saodat ta’mini totish baxtiga musharraf bo‘lmagan holda yashab o‘tadilar.
Oriflardan biri: “Podshohlar bizda qandayin baxt borligini bilganlarida edi, unga yetishish uchun bizga qarshi qilich ko‘tarib jang qilishardi”, deydi.
G‘alaba bilan saodat orasida katta farq bor. G‘alaba bu – o‘zingiz istab turganning ustidan zafar qozonish bo‘lsa, nening ustidan g‘olib bo‘lsangiz, u sizning xohishingizga mansub bo‘lmog‘i chin saodatdir.
Oskar Uayld[1]ning shunday gapi bor: “Baxt faqatgina unga bir nechta kishilar bilan birga yetishsang haqiqiy bo‘ladi. Og‘riq, azob ham faqatgina bir o‘zingning boshingga tushsa alamli bo‘ladi. Saodat – boshqa kishilarni baxtli qilishdir”.
Olmon fizigi Maks Plank: “Saodatni muhofaza qilish uchun uni boshqalar bilan bo‘lishishing kerak”, degan.
G‘arb mutafakkirlaridan yana biri: “Tajribamdan o‘tgan narsa shuki, eng buyuk baxt – yaxshilikni yashirincha qilganimdan keyin kutilmaganda bu yaxshiligim odamlar qulog‘iga yetib borishini ko‘rishim”, degan edi.
Ingliz yozuvchisi Uilyam Somerset Moem[2]: “Biz ulg‘ayib borarkanmiz saodat – olishda deb o‘ylardik, keyinchalik bildikki, baxt – berishda ekan”, deydi.
Baxt – boshqalarga tortiq qilish va yaxshi ishlarni amalga oshirishda mujassam. Baxt birovdan narsa olish va o‘zganing qo‘liga qarashda emas.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] To‘liq ismi: Oskar Fingal O’Flaerti Uills Uayld. 1854 yilda Dublin shahrida tug‘ilgan. Shoir, dramaturg, ssenarist. 1900 yil 30 noyabrda 46 yoshida Parijda vafot etgan.
[2] 1874 yil 25 yanvarda Fransiyada tug‘ilgan. 1965 yil16 dekabrda Nitssa shahrida vafot etgan. 1897 yilda chop etilgan “Lambetlik Liza” romani bilan mashhur bo‘lgan.