Barcha orzu-havaslarimiz, intilishlarimiz, niyat va maqsadlarimizning ro'yobga chiqishi tinchlik-xotirjamlikka bog'liq. Tinchlik-xotirjamlik hukm surgan yurtda taraqqiyot, rivojlanish bo'ladi. Bolalar bemalol o'qishga, kattalar bamaylixotir ishga borib keladilar.
Lekin, afsuski, bugun dunyoning hamma joyida tinchlik hukmron deya olmaymiz. Hatto ba'zan chet el xabarlarini o'qishga yurak dosh bermaydi. “U erda qo'poruvchilik sodir bo'libdi”, “Falon-falon davlatlar xavf ostida” kabi noxush xabarlar kishini tashvishga soladi.
Yaqinda Moskva shahridagi “Krokus siti holl”da sodir bo'lgan mudhish voqea butun dunyoni larzaga keltirdi. Ommaviy axborot vositalari 150 ga begunoh odamning terrorchilik qurboniga aylanganini yozdi.
Islom ta'limoti buzg'unchilikni, odamlar qalbiga vahima, dushmanlik va fitna urug'larini sochishni qattiq va qat'iy qoralaydi. Alloh taolo oyati karimada: «Biror jonni o'ldirmagan yoki Yerda (buzg'unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarini qilmagan insonni o'ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o'ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o'limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir», deb marhamat qiladi (Moida surasi, 32-oyat).
Hadisi sharifda: “Ikki ne'mat borki, ko'pchilik insonlar uning qadriga etmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik”, deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).
Tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning buyuk ne'matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro'yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikdir. Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikni qadriga etib, shukrini ado etishlari balki, unga noshukrlik qilib putur etkazishdan ham saqlanishlari lozim.
Islom kishilarni tinchlik va barqarorlikka, o'zaro birlik va hamjihatlikka da'vat etadi. Biroq undan g'arazli maqsadlarni amalga oshirish yo'lida foydalanish hollari ham avj olib borayotganini afsus bilan qayd etish lozim.
Bu jarayonning eng xatarli jihati ba'zi toifalarning din niqobi ostida dinga siyosiy siyosiy tus berib, hokimiyatga intilish, dindan odamlar orasiga nifoq solish, qo'poruvchilik ishlarini amalga oshirish va g'arazli manfaatlarni ro'yobga chiqarishda foydalanishga urinishlarda namoyon bo'lmoqda.
Bugungi kunda terrorizm, diniy ekstremizm butun dunyoga xavf solayotgan, insoniyatning tinch va osuda yashashi uchun to'sqinlik qilayotgan jiddiy muammolardan biridir. Ayni paytda sayyoramizdagi hech bir mamlakat, hech bir xalq uning ofatlaridan himoyalanmagan, desak aslo mubolag'a bo'lmaydi.
Hozirda Afg'oniston, Suriya, Yaman, Pokiston, Falastin, Iroq va Afrikaning bir qancha mamlakatlarida sodir etilayotgan xunrezliklar, o'sha yurtlarda istiqomat qilayotgan insonlar, ayniqsa, murg'ak bolalarning boshiga tushayotgan g'am-anduhlar barcha-barchamizni jiddiy tashvishga solmoqda.
Ekstremizm har qanday boshqacha fikrlashni inkor etadi, o'zining mafkuraviy va diniy qarashlarini qo'pol ravishda majburlab qabul ettirishga harakat qiladi. Ekstremistlar o'z tarafdorlaridan ularning har bir buyruqlarini so'zsiz bajarishni, ularga ko'r-ko'rona ishonishni talab qiladilar.
Ochiqdan ochiq ekstremistik ruhdagi qarashlarning g'oyaviy va mafkuraviy jihatdan o'ta zararli va xavfli ekanligi shundaki, u diniy bag'rikenglikka zid holda turli dinga e'tiqod qiluvchi xalqlar o'rtasida murosasizlik va adovat urug'ni sepishga xizmat qiladi. Bir so'z bilan aytganda, bu kabi g'arazli kimsalar o'z manfaati yo'lida endigina hayotni taniyotgan yoshlarni to'g'ri yo'ldan adashtirib, ularning ma'naviyatiga zarba berishga harakat qiladilar.
Shunday ekan shiddat bilan rivojlanib borayotgan bugungi globallashuv jarayonida ertangi kunimizning egalari bo'lgan yoshlarimizning ma'naviy immuniteti har qachongidanda yuksakroq bo'lishini zamonning o'zi taqozo etmoqda. Dunyoning ayrim hududlarida sodir bo'layotgan xunrezliklar masalaning nechog'lik jiddiyligidan dalolatdir.
Shukrki, bugun yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo. Unib-o'sib kelayotgan yoshlarimizni mana shunday farovon kunlarimizning qadriga etishga, tinchlikni ko'z qorachig'iday asrab-avaylashga o'rgatishimiz zarur.
Mansur O'ROLOV,
Toshkent shahridagi “No'g'ayqo'rg'on” jome masjidi imom-xatibi
Iqtisodiyot va tinchlik instituti (Institute for Economics & Peace — IEP) tomonidan e’lon qilingan «Global Peace Index 2026» reytingida O‘zbekiston 163 davlat orasida 37-o‘rinni egalladi. Mamlakatning umumiy ko‘rsatkichi 1,726 ballni tashkil etdi, xabar bermoqda O‘zA.
E’tiborlisi, O‘zbekiston bir yil ichida reytingda sezilarli yuqorilagan. 2025 yilda mamlakat 67-o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, 2026 yilda 37-pog‘onaga ko‘tarildi. Bu bir yilda 30 pog‘ona yuqorilash degani.
O‘zbekiston nafaqat global reytingda yuqori o‘rinni egalladi, balki Markaziy Osiyo davlatlari orasida ham birinchi bo‘ldi. Reytingda Qozog‘iston 44-o‘rinni, Tojikiston 47-o‘rinni, Qirg‘iziston 61-o‘rinni, Turkmaniston esa 66-o‘rinni egallagan.
Shu tariqa, O‘zbekiston mintaqada tinchlik va barqarorlik darajasi bo‘yicha qo‘shni davlatlar orasida eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.
O‘zbekistonning “Global Peace Index 2026” reytingida 37-o‘rinni egallashi mamlakatning xalqaro turistik imiji uchun ham muhim ijobiy ko‘rsatkich hisoblanadi.
Samarqand va Buxoroning tarixiy merosi, Xivaning betakror muhiti, Toshkentning zamonaviy qiyofasi sayyohlarni jalb qilsa, mamlakatdagi tinchlik va xavfsizlik ularning O‘zbekistonni sayohat manzili sifatida tanlashini yanada rag‘batlantirishi mumkin.
67-o‘rindan 37-o‘ringa ko‘tarilish esa O‘zbekistonning xalqaro miqyosda tinch, xavfsiz va barqaror mamlakat sifatidagi imiji mustahkamlanayotganini ko‘rsatuvchi muhim natijalardan biri.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati