Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyun, 2025   |   28 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
24 Iyun, 2025, 28 Zulhijja, 1446
Maqolalar

Ro'zangiz qabul bo'lganining 13 alomati

15.04.2024   3075   1 min.
Ro'zangiz qabul bo'lganining 13 alomati

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alhamdulillah vassolatu vassalamu a'la Rasulillah va a'la aalihi va sohbihi ajma'iyn


Alloma Shinqitiy rahimahulloh aytadilar: “Bandaning qilgan yaxshi amalining qabul bo'lgani yoki bo'lmagani g'ayb ishi bo'lib, uni faqat Alloh taolo biladi. Ammo solih amallarning qabul bo'lganining quyidagi ba'zi alomatlari bor:

  1. Ibodatlarga yanada ko'proq rag'bat qilish.
     
  2. Ibodatlardan rohatlanish, ularni xushu'-xuzu' bilan ado etish.
     
  3. Ibodat asarining zohir bo'lishi. Masalan, namozning fahsh va man etilgan ishlardan qaytarishi.
     
  4. Ibodatlarni ado etishga muhabbatli bo'lish. Nafl namozlarni ko'paytirish.
     
  5. Gunoh-ma'siyatlardan uzoqlashish.
     
  6. Ibodatlar qabul bo'lmay qolishidan xavfda bo'lish. Ujb va kibrga berilmaslik.
     
  7. Solih amallarni ko'paytirish. Hasan Basriy rahmatullohi alayh: “Alloh bandadan amalini qabul etgan bo'lsa, uni toat-ibodatga, yana yaxshilik qilishga yo'llab qo'yadi”, deganlar.
     
  8. Shavvol oyidan 6 kun nafl ro'za tutish.
     
  9. Ibodatlarning oson qilib qo'yilishi. Toat-itoatda bardavom bo'lish.
     
  10. Ko'p duo qilish.
     
  11. Solihlarni yaxshi ko'rish.
     
  12. Istig'for aytishni, zikr qilishni hamda Qur'oni karim tilovatini ko'paytirish.
     
  13. Kechalari qoim bo'lish.

Davron NURMUHAMMAD

Ramazon
Boshqa maqolalar

Alloh sizning xatolaringizni kechishini istasangiz

23.06.2025   1421   3 min.
Alloh sizning xatolaringizni kechishini istasangiz

Afv – o‘ch olishga qodir bo‘la turib, toyilish va xatolardan o‘tib kechirib yuborish demakdir. Buning yana bir ma’nosi adovat va nafrat kabi illatlarni qalbdan ketkazish bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada: “Qiyomat kunida jarchi nido qilib: “Allohning zimmasida savobi borlar tursin va jannatga kirsin”, deyiladi, dedilar. Sahobalar: “Allohning zimmasida ajri borlar kimlar?” – deb so‘rashdi. Nabiy alayhissalom: “Odamlarni afv qilib yuboruvchilar” [1], deb javob berdilar.

Agarda siz ham Allohning zimmasida ajri borlar qatorida bo‘lishni istasangiz sizga yomonlik qilgan, sizning haqqingiz borasida xato qilgan kishining xato va kamchiliklarini kechirib yuboring. Axir Alloh taolo: «...Bas, kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir. Albatta, U zolim (tajovuzkor)larni sevmas»[2], deydi.

Sizga nisbatan xato qilgan kishilarga yumshoq munosabatda va sabrli bo‘lish, sizni ulushingizdan mahrum qilganlarga ham ziqnalik qilmaslik, siz bilan aloqani uzmoqchi bo‘lganlar bilan ham aloqani ushlab qolish, uzilganlarini tezlik bilan qayta yo‘lga qo‘yish – bularning bari qandayin axloq ekanini ko‘ringki, ular o‘z sohibini qiyomat kunida yuksak martaba va maqomlarga erishtiradi.

Rivoyatlarda kelishicha, bir a’robiyni tuhmat qilgani sababli sultonning huzuriga keltirishibdi. U yo‘l-yo‘lakay «Mana mening kitobimni o‘qinglar» degan oyati karimani tilovat qilib boribdi. Atrofdagilardan biri unga qarata: “Bu qiyomat kuni aytiladi, bugun emas”, debdi. A’robiy javob berib: “Xudo haqqi, bu kun qiyomat kunidan-da yomonroq. Chunki qiyomat kunida mening yomonliklarim bilan birga yaxshiliklarim ham ko‘rsatiladi va hisobga olinadi. Bugun mening yomonliklarimni e’tiborga olyapsizlar-u, yaxshiliklarimni inobatga olarmi­dingiz?!” – debdi.

Siz otasiz! Farzandingiz bir marotaba xatoga yo‘l qo‘ydimi, bunday vaziyatda uning barcha yaxshiliklarini unutib yubormang.

Mabodo do‘stingiz sizga nisbatan bir gal xato ish qilib qo‘ysa, siz u bilan birga yelkama-yelka turib o‘tkazgan yaxshi kunlaringiz va uning chiroyli do‘stligi va sadoqatini esdan chiqarmang.

Muhammad ibn Abu Bakr rahmatullohi alayh bunday dey­dilar: “Ey inson! Sen va Robbing o‘rtasida O‘zidan bosh­qasi bilmaydigan xato va kamchiliklaring bor. Alloh ularni kechirib yuborishini xohlaysan. Agar rostdan ham shu gunohlaring afv etilishi ishtiyoqida bo‘lsang, u holda U Zotning bandalaridan o‘tgan xatolarni kechir va afv et. Alloh sening xatolaringdan kechishini istasang, sen ham bandalarining xatolarini o‘tib yubor”.

 

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1]  Imom Tabaroniy hasan sanad bilan rivoyat qilgan.
[2]  Shuro surasi, 40-oyat.