Cavol: Ramazon oyidan keyin tutiladigan olti kunlik ro'za haqida batafsil ma'lumot bercangiz. Oldindan rahmat.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Ramazon oyidan keyin hijriy-qamariy taqvimning o'ninchi oyi hisoblanadigan Shavvol keladi. Ushbu oy ham fazilatli va barakotli oylardandir. Ayniqsa bu oyda sog'lig'i va imkoni bor kishilar nafl ro'za tutsalar, ko'plab ajru-savobga ega bo'lishlari va'da qilingan. Jumladan Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim Ramazon ro'zasini tutib, ortidan shavvol oyidan olti kun ro'za tutsa, yil bo'yi ro'za tutgandek bo'ladi”(Imom Muslim, Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).
Demak, ushbu hadisi sharifga amal qilib, shavvolning olti kunida ro'za tutgan kishi umr davomida ro'za tutganlik savobini qozonar ekan. Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o'n barobar (ko'paytirib yozilur)...”(An'om surasi, 160-oyat).
Bu olti kunlik ro'zani Ramazon hayitining ertasidan boshlab tutish mumkin. Shuningdek shavvol oyi davomida tutsa ham bo'ladi. Bu haqda “Zohiriyya” va “Hulosa” nomli fatvo kitoblarimizda Shavvol oyidagi olti kunlik ro'zani ketma-ket tutilishi shart emasligi, balki oy davomida tutib ham ado etish mumkinligi aytib o'tilgan.
Shavvolning olti kunida ro'za tutishning yana foydalaridan biri shuki, u Ramazon ro'zasidagi yo'l qo'yilgan kamchilik-nuqsonlarga kafforat bo'ladi. Zero beayb – Parvardigori olam! Banda kamchilik va xatolardan xoli emas. Bu – xuddi farz namozlar ortidan o'qilgan sunnat namozi kabidir. Ushbu sunnatlar farzda bilib-bilmay yo'l qo'yilgan kamchiliklarni bartaraf qiladi. Qiyomat kuni bandaning nafl ibodatlari uning farz-vojib amallarda yo'l qo'ygan nuqsonlarini to'ldiradi.
Qolaversa, shavvolning olti kunida ro'za tutish o'z mohiyati bilan musulmon kishining ro'zadan zerikmaganiga, balki unga rag'bati kuchli ekaniga dalolat qiladi. Zero, bu oydagi ro'zaning hikmati haqida Alloma Ibn Rajab rahimahulloh bunday degan: “Ramazon oyidan keyin ro'za tutib yurishga odatlanish – Ramazon oyi ro'zasining qabul bo'lgani belgisidir. Chunki Alloh taolo bandasining biror amalini qabul qilsa, undan keyin uni (boshqa) solih, xayrli ishlarga boshlaydi, davomli qiladi”. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda tinchlik, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan,13 avgust kuni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, otinoyilar, «Haj–2026» ziyoratidan qaytgan hoji otalar va hoji onalar hamda mahalla faollari ishtirokida Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari R.Sobitov ishtirok etdi. Tadbir doirasida «Mustaqillik shukuhi» shiori ostida Urganch shahridagi boquvchisini yo‘qotgan, yetim, nochor va kam ta’minlangan oilalardan 100 nafariga VAQF jamoat fondi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu xayrli amal orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak va samimiy mehr-e’tibor ulashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi matbuot xizmati