Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Noyabr, 2026   |   11 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:55
Quyosh
07:13
Peshin
12:14
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:18
Bismillah
21 Noyabr, 2026, 11 Jumadul soni, 1448

Misr matbuoti O'zbekiston haqida

15.04.2024   1069   6 min.
Misr matbuoti O'zbekiston haqida

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg'ona viloyat bo'limi va Misr jurnalistlari assotsiatsiyasi o'rtasida o'rnatilgan ijodiy hamkorlik tufayli o'zaro axborot ayirboshlash tajribasi yo'lga qo'yilgan.

Shunga ko'ra ayni kunlarda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar haqida Misrning etakchi OAVlarida ijodiy uyushma Farg'ona viloyat bo'limi tashabbusi bilan tayyorlangan maqolalar e'lon qilinmoqda. Ana shu kelishuv doirasida Misr Arab Respublikasining bir necha million o'quvchisi bo'lgan «Al-Dilomasy» axborot agentligi shu yilning 12 aprel' kuni «Al Azharning farg'onalik talabalari» sarlavhasi ostida O'zbekiston – Misr munosabatlari, mamlakatdagi din va e'tiqod erkinligi, diniy ta'lim va uning etakchi vakillari haqida batafsil ma'lumot beruvchi maqolani o'z o'quvchilariga havola etdi.

Muallifi Farg'ona viloyati bosh imom xatibi Ubaydulloh qori Abdullayev bo'lgan maqolada jumladan, shunday deyiladi:

«O'zbekiston va Misr o'rtasidagi do'stona hamkorlik ko'p asrlik boy tarixga ega. Movarounnahr va Misr diyorida yashab ijod qilgan ulug' bobokalonlarimizning noyob ilmiy-ma'rifiy merosi butun musulmon olami bebaho boyligi hisoblanadi.

So'nggi yillarda ham O'zbekiston va Misr o'rtasida ko'p tomonlama aloqalar jadal rivojlanmoqda. Bu borada ikki davlat rahbarlari – Prezident Shavkat Mirziyoev hamda Prezident Abdulfattoh as-Sisiy tomonidan olib borilayotgan hamkorlik strategiyasi muhim o'rin tutmoqda. O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Misrdagi qator oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot markazlari o'rtasidagi hamkorlik muntazamlik kasb etgani ham e'tiborlidir. Ayniqsa, Ta'lim, fan va madaniyat bo'yicha islom tashkiloti – ICESCO bilan do'stona munosabatlar rivojlanib bormoqda.

Mana shunday hamkorlikning uzviy davomi sifatida 2022 yil 6-10 iyun' kunlari Misrda o'tkazilgan «Diniy ekstremizm. Intellektual asos va uni engish strategiyasi» mavzusidagi xalqaro anjumanda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari ishtirok etdi. Nufuzli anjumanda shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari ham so'zga chiqib, bugungi davrda yurtimiz allomalari merosining amaliy ahamiyati, ahli sunna val jamoa aqidasini musulmonlar orasida sof holda targ'ib etish, yot g'oyalarga qarshi kurashda birlashish, xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirib, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularni yagona maqsad sari yo'naltirish zarurligi to'g'risida takliflar berdi. Bu anjuman ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi va ehtirom bilan qabul qilindi.

Bundan tashqari Misrdagi Dorul Ifto va O'zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi o'rtasida hamkorlik o'rnatish, diniy soha mutaxassislari malakasini oshirish, o'zaro tajriba almashish hamda dolzarb mavzularda zamonaviy fatvolar ishlab chiqish yuzasidan muhokamalar o'tkazilgan bo'lib, hozirda bu borada amaliy jarayonlar boshlab yuborilgan.

Ilm va hikmat gulshani bo'lgan bu yurtda ming yildan ziyod tarixga ega Azhari sharif dorulfununi musulmon dunyosiga yirik ulamolarni etishtirib berishi bilan ma'lumu mashhur. Ayni damda ham Al-Azhar musulmon olamidagi eng obro'li ta'lim dargohlaridan biridir.

Misrning faxri, islom olamining ilmiy markazlaridan biri – bir ming ikki yuz ellik yilga yaqin tarixga ega bo'lgan Al-Azhar majmuasi jahondagi ham diniy, ham dunyoviy yo'nalishlar borasidagi etakchi oliy ta'lim muassasa hisoblanadi.

Tarixga nazar soladigan bo'lsak dastlab, mazkur universitet Fotimiylar davrida Al-Azhar masjidi qoshidagi madrasa sifatida tashkil etilgan. Qohira shahri geografik jihatdan Osiyo va Afrika mintaqasining chorrahasida joylashganligi bois Al-Azharga ko'plab xorijiy mamlakatlar talabalari ham ilm talabida tashrif buyurgan.

Asrlar davomida turli sinovlarni boshdan kechirgan mazkur dargoh XIX asrning oxirga kelib, o'quv tizimida zamon talablariga muvofiq takomillashtirish ishlari amalga oshirilishi natijasida Al-Azhar universitet maqomini olgan.»

Shundan so'ng maqolada Al-Azhar universitetida tahsil olib O'zbekistonda jumladan, Farg'onada faoliyat yuritayotgan islom xizmatidagilar haqida ma'lumot berilgan:

«Yurtimizning ko'plab ulamo va ahli ilmlarining ham Al-Azhar universitetida tahsil olib, dinimiz yo'lida xizmat qilayotgani e'tiborga molikdir. O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy boshqarmasini 1982-1989 yillarda boshqargan Shamsuddinxon Boboxonov ham mazkur dargohda tahsil olgan. Qolaversa, farg'onalik Abdusattor Nurmatov – Marg'ilon shahar «Poshshoxo'ja Eshonbuva» masjidi imom-xatibi, O'zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi mutaxassisi Abduvohid Ahmadaliyev hamda avvalda «Sarmazor» masjidi imom-noibi vazifasida xizmat qilgan, hozirda esa turizm agentligida faoliyat olib borayotgan Hayrulloh Karimovlar ham aynan mazkur dargohda ta'lim va malaka hosil qilib, xalqimizga xizmat qilmoqdalar.

Al-Azhar universiteti bugungi kunda Islom va arab dunyosidagi eng katta ta'lim dargohi bo'lib, u Misr Arab Respublikasining o'ziga xos brendiga aylangan»

Bundan ilgariroq e'lon qilingan «Al – Diplomasy» axborot agentligining «O'zbekiston 2024 yilda ichki yalpi mahsulot hajmining 100 mlrd. dollarga etkazmoqchi» sarlavhali maqolasida Prezident Shavkat Mirziyoevning mamlakatdagi iqtisodiy islohotlari natijalari tahlil qilingan edi. Keyinroq, O'zbekiston hukumatining ekologik ahvolini yaxshilashga qaratilgan sa'y-harakatlari mavzusidagi maqola berilgan edi.

O'zbekiston va Misr jurnalistik tashkilotlari o'rtasidagi axborot almashuv ijodiy hamkorligi tobora mustahkamlanib bormoqda. Shu yil 22-23 aprel' kunlari O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg'ona viloyat bo'limining delegatsiyasi Qohira shahrida misrlik hamkasblari bilan yangi loyihalarni muhokama qilib, mamlakatning nufuzli bosma nashri – «Jumhuriyat» gazetasi tahririyatida esa «Farg'ona haqiqati» gazetasi bilan ijodiy hamkorlik o'rnatish masalasida memorandum imzolashni rejalashtirgan.

Muhammadjon Obidov, O'zA

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xalqaro anjuman ishtirokchilari Hakim Termiziy maqbarasini ziyorat qildilar

20.11.2026   25534   1 min.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari Hakim Termiziy maqbarasini ziyorat qildilar

Bugun, 20 noyabr kuni Termiz shahrida o‘tkazilgan «Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati» mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari buyuk mutafakkir majmuasida bo‘ldilar.

Xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan muftiylar, taniqli ulamo va islomshunos olimlar hamda mahalliy soha vakillari muqaddas qadamjoda Qur’oni karim tilovat qilib, ulug‘ muhaddis va mutasavvif haqlariga duoi fotiha o‘qidilar. Butun dunyoda tinchlik-osoyishtalik barqaror bo‘lishi, yurtimiz yanada obodlashib, ajdodlarga munosib avlodlar yetishib chiqishini so‘rab xayrli duolar qilindi.

Mehmonlar mahobatli maqbara, serfayz hovli hamda majmuada amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar.

Ular O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar va allomalar merosiga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromga yuqori baho berdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari