Islom dinida axloqiy tarbiya diniy tarbiyaning ajralmas qismi, desak, mubolag'a qilmaymiz. Zero, din yaxshi deb xisoblagan va da'vat etgan narsalar ezgulik, yomon deb xisoblagan va man' etgan narsalar yovuzlikdir. Shuningdek, din buyurgan, hayotda va muomalada kasb etishga targ'ib etgan axloq va faziylatlar Islom jamiyatida qadriyat, chiroyli xulq va ma'naviy fazilatlar hisoblanadi.
Axloqiy dunyo o'z tabiatiga ko'ra diniydir. Axloqi va muomalasi go'zal bo'lmagan musulmonning dini ham mukammal hisoblanmaydi.
Qadimdan axloq ilmi ulamolari “Odamdagi axloqlar uning yaratilishida qo'shib yaratilgan bo'ladimi yoki kishi axloqni keyin o'rganadimi?” degan savolga javob berishda ixtilof qilishgan.
Ulardan ba'zilari: «Yaxshi va yomon axloq inson yaratilgan chog'ida qo'shib yaratiladi, axloqni keyin kasb qilib bo'lmaydi», deganlar.
Boshqa bir guruh ulamolar: «Inson tug'ilganda hech qanday fazilat yoki razilatsiz tug'iladi, unda qanday xislat bo'lsa, tug'ilganidan keyin paydo bo'ladi», deganlar.
Axloq ilmi ulamolari esa: “Ota-onasida mavjud bo'lgan ba'zi axloqlar xamirturushi insonga onasining qornidalik paytidayoq o'tadi. Alloh bandani xalq qilish chog'ida axloq qobiliyatini ham qo'shib yaratadi. Inson o'sishi jarayonida tarbiya, muhit va odatlanish oqibatida u yoki bu axloqni o'zida rivojlantiradi yoki yo'qotib yuboradi”, deydilar.
Shuning uchun ham, Islomda xulqli sayqallashga alohida e'tibor beriladi. Bu ish har bir musulmon uchun lozim va lobud ishlardan biri darajasiga ko'tariladi.
Tarbiyaning asosi ko'p jihatdan bilimga va yaxshilarga yondashishda va ularning ibratli hayot tarzi asosida yuzaga kelgan boy tajribaga hamda purma'no so'zlarini qay darajada bilishga borib taqalar ekan. Shu o'rinda, bobomning yoshligimda aytgan go'zal o'gitlarini misol tariqasida keltirmoqchiman: “Bolam, allomalarimiz qoldirgan hikmatli so'z va matallarni qanchalik yod olib borsang, qalbingga shunchalik naqshlanib boraveradi. Natijada, sening tilingdan ham shunday go'zal so'zlar yog'ila boshlaydi”. Farzandlarimiz ham rivoyat, hikoyat va ibratli so'zlarga juda muhtoj.
Uchqo'rg'on tuman "Nurmuxammad buva" jome masjidi imom noibi
Toshpo'latov Abdurashid
Savol: Men begona joyda mehmonxonaga joylashdim. Shoshilib, e’tiborsizlik bilan namozni qiblaga teskari tarafga qarab o‘qib qo‘yibman. O‘qib bo‘lganimdan keyin tushundim, shu namozimni hukmi qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu holatda, siz namozingizni qaytadan o‘qishingiz lozim bo‘ladi. Chunki qibla qaysi tarafdaligini bilmagan odam, shu yerlik qiblani biladigan (musulmon, aqli raso, oshkor gunohlardan tiyilgan) kishidan so‘rab, namoz o‘qishi lozim. Agar shu holatda qiblani biladigan kishi topilmasa, kechasi odamlarning eshigini taqillatib yurmaydi. Balki bor imkoniyatini ishga solib, qiblani topishga harakat qiladi. Qalbi bilan bir tomonni qibla, deb qasd qilib namozini o‘qiydi. Garchi qiblani to‘g‘ri topolmagan bo‘lsa ham, uning namozi durust bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi