Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam «Kim Islomda go'zal sunnat paydo qilsa va undan keyin o'sha sunnatga amal qilinsa, unga o'shanga amal qilganlar ajriga o'xshash ajr, ularning ajridan biror narsa noqis qilinmagan holda yozilib turadi. Kim Islomda bir yomon sunnat paydo qilsa va undan keyin o'sha sunnatga amal qilinsa, unga ham o'sha amal qilganlar gunohiga o'xshash gunoh, ularning gunohlaridan biror narsa noqis qilinmagan holda yozilib turadi » dedilar.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning ushbu hadislaridan Islomda sunnat paydo qilish mumkinligini, o'sha paydo bo'ladigan sunnat yaxshimi yoki yomon bo'lishi mumkinligini bilib olmoqdamiz.
Bu narsaga biroz ehtiyot bo'lib yondoshmoq lozim. Ko'pgina kishilar ushbu nozik masalada noto'g'ri tushunchalarga borib qolishlari ham mumkin. Doimo Islom dini mukammal din, unda hayotdagi har bir masalaning echimini topishimiz turgan gap, deymiz. Endi esa, Islomda yaxshi yoki yomon yangilik paydo qilish mumkin, demoqdamiz. Yomon yangilik tushunarli, dinga xilof ish yomon yangilik bo'ladi. Buni hamma qoralaydi. Ammo yaxshi yangilikni qandoq tushunishimiz mumkin? Agar u mumkin bo'lsa, demak, Islomda kamchilik bormi? Yoki yomon ham, yaxshi ham yangilik bo'lishi mumkin emasmi?
Ba'zi bir kishilar oxirgi savolga Islomda yomon ham, yaxshi ham yangilik bo'lishi mumkin emas, deb javob beradilar. Ular o'zlarining bu fikrlariga Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «har bir bid'at zalolatdir, har bir zalolat do'zaxdadir», degan hadislarini dalil qilib kelitradilar.
«Bid'at» degani esa, «yangi paydo bo'lgan narsa» ma'nosini anglatadi. Hozirgi paytda bizning aholimiz orasida ta'ziyalardagi 20, 40 marosimlari yoki ziyoratlardagi noto'g'ri ishlar va hokazo ishlar bid'atdir. Chunki bu ishlar shariat chegarsidan tashqaridagi ishlar. Noto'g'ri e'tiqoddagi kishilar esa hamma narsa Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlarida qandoq bo'lsa, shunday bo'lishi kerak, deydilar.
Ahli sunna va jamoa mazhabining ulamolari esa ushbu biz o'rgnayotgan hadisi sharif « har bir bid'at zalolatdir» hadisini tafsir qilib kelayotganini aytadilar. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Har bir bid'at zalolatdir» degan hadislarida yomon bid'atni ko'zda tutganlar. Uni ushbu hadisdan tushunib olamiz deydilar. Dastlab Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Har bir bid'at zalolatdir, har bir zalolat do'zaxdadir», deb umumiy ravishda aytdilar. Keyin esa, yangi paydo bo'ladigan narsalar yaxshi yoki yomon bo'lishi mumkinligini ushbu biz yuqorida aytgan hadisi sharifda bayon qilidlar. Demak, «har bir bid'at zalolatdir », hadisida yomon bid'at ko'zda tutilgan.
Endi Islomda yaxshi yangilik paydo qilish mumkin bo'lsa, Islom mukammal din, degan gapimizga to'g'ri keladi, degan savolga o'taylik.
Islom ruhini tushunmaydigan ba'zi kishilar uchun bu kamchilik, nuqson bo'lib tuyulishi mumkin. Lekin aslida esa, bu Islomning barkamolligidandir. Qur'on va sunnatda shariatning ruhi, asosiy qoidalar to'la-to'kis bayon etilgandir. Masalan: Qur'oni karimda faqat harom narsalar zikr etilgan yoki hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam harom narsalarni aytib o'tganlar. Bu chegara – ya'ni qolgani halol degani. Ya'ni qolgan halol narsalar sanab o'tilmadi. Chunki insonga aql berilgan o'zi anglab, o'lchab amal qilaveradi.
Nazirjon Qo'chqarov,
Namangan tumani "Umarboy xoji" jome masjid imom-xatibi
Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.
Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.
Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.
Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar.
Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”.
Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.
Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi
Bahodir Mirfayziyev
Manba: @Softalimotlar