Shu yil 5 may kuni Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi va Buxoro viloyati axborot-kutubxona markazi hamkorligida “Xattotlik san’ati: an’ana va mahorat” mavzusidagi xalqaro seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad – xattotlik san’atining tarixiy va ma’naviy ahamiyatini keng targ‘ib etish, qo‘lyozma merosni o‘rganish, shuningdek, zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida ushbu yo‘nalishni rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
Seminar-trening doirasida qator nufuzli mahalliy va xalqaro olimlar, xususan, pokistonlik professor Orif Navshohiy hamda “Muslim Institute” tashkiloti raisi Sulton Ahmad Ali ishtirok etib, islom sivilizatsiyasida xattotlikning o‘rni va noyob manbalarni tadqiq etish usullari haqida ma’ruza qildi.
Shuningdek, tadbirda mahalliy olim va mutaxassislardan Abdug‘affor Razzoqov, Komiljon Rahimov hamda xattotlar Davlat Safarov va Umidjon Muqimovlar san’atning tarixiy ildizlari va amaliy ahamiyati yuzasidan fikr almashdi.
Yuqori ilmiy-amaliy ruhda o‘tgan tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, xattotlik san’atiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati