Cavol: Pok suvda, pok kiyimni yangi sovun bilan yuvsa, kiyim nopok bo'lib qolmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yangi sovun nopok hisoblanmaydi. Hatto ishlab chiqarish jarayonida nopok moddalar qo'shilgan taqdirda ham kimyoviy o'zgarish jarayonidagi o'zgarishlar tufayli ular boshqa narsaga, ya'ni sovunga aylanib qoladi va u shariat qoidasiga ko'ra halol hisoblanaveradi.
Dinimizda barcha narsalar, agar ularning nopokligi aniq bo'lmasa, pok hisoblanadi. Masalan, yangi kiyim sotib olingan kiyim nopok degan gumon bilan yuvilmaydi. Qachon unda najosat borligi aniq bo'lsagina, yuviladi. Fiqhiy manbalarimizda bu haqida mana bunday kelgan:
“...narsalardagi asl holat bu ularning pokligi bo'lib, najosat bo'lishi oriziy(keyin paydo) bo'ladigan narsadir. Shunga ko'ra narsalarning, to nopokligi ma'lum bo'lmagunicha asl holatiga (ya'ni pok ekaniga) hukm qilinaveradi”(“Muhiti Burhoniy” kitobi).
“Najosat bo'lgan yog' sovunga aylantirish bilan pok bo'ladi. Umumiy balvo (omma mubtalo bo'ladiganligi) tufayli shunga fatvo berilgan”(“Raddul muhtor” kitobi).
Shunga ko'ra siz aytgan holatlarda kiyim yoki suv nopok bo'lib qolmaydi. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
Bugun, 20 noyabr kuni Termiz shahrida o‘tkazilgan «Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati» mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari buyuk mutafakkir majmuasida bo‘ldilar.
Xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan muftiylar, taniqli ulamo va islomshunos olimlar hamda mahalliy soha vakillari muqaddas qadamjoda Qur’oni karim tilovat qilib, ulug‘ muhaddis va mutasavvif haqlariga duoi fotiha o‘qidilar. Butun dunyoda tinchlik-osoyishtalik barqaror bo‘lishi, yurtimiz yanada obodlashib, ajdodlarga munosib avlodlar yetishib chiqishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Mehmonlar mahobatli maqbara, serfayz hovli hamda majmuada amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Ular O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar va allomalar merosiga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromga yuqori baho berdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati