Qatar Milliy kutubxonasida Marokashdan kelgan noyob qo'lyozma Qur'on nusxasi alohida ajralib turadi, u tabiiy ta'sirlardan asrash uchun shisha qutiga solingan.
G'arbiy Osiyo mintaqasidagi etakchi kutubxonalardan biri sifatida tanilgan Qatar Milliy kutubxonasining meros bo'limida Marokashdan ko'plab qo'lyozmalar, fotosuratlar va qo'lyozma tarix kitoblari, jumladan, shisha bilan qoplangan noyob Qur'on qo'lyozmasi saqlanadi, deb xabar beradi “IQNA” sayti "Reporter” matbuot nashriga tayanib.
Milodiy 1950 yilda yaratilgan bu nodir Mushafi sharif Shimoliy Afrika an'analarini nusxalashning ajoyib namunasi hamda tahzib va xattotlik san'atida o'ziga xosdir.
Ushbu Qur'on qo'lyozmasi Marokashda Muvahhidlar xalifaligi davrida yashagan so'fiy olim Shayx Abdussalom ibn Mashish (milodiy 163-1228) kutubxonasiga tegishli bo'lib, Marokashdagi Qur'onning nodir qo'lyozmalaridan biri sanaladi tahziblik tarixiy san'ati namunasidir.
Tahzib san'ati - bu san'atkorlar va dindor shaxslar tomonidan diniy, ilmiy, madaniy, tarixiy kitoblar, she'rlar to'plamlari va qo'lyozmalarning go'zal parchalarini bezashda foydalaniladigan noyob va chiroyli naqshlar to'plami sanaladi.
Shunday qilib, varaqlarning chekkalari va atrofi novdalar va egri chiziqlar, poya, gul va Hatay uslubidagi barglar naqshlari bilan bezatilgan.
Muqaddas Qur'oni karimning xattotlik va bezak nusxasi Marokashda mavjud bo'lib, u XIX asrning birinchi yarmida yozilgan. Ushbu Mushafi sharif yonida Qatar Milliy kutubxonasida 1213-milodiy yiliga oid Payg'ambarimiz salollohu alayhi vasallamning mo'mina ayollarining tarjimai hollari kitobining nodir nusxasi qo'yilgan.
Bu kutubxonaning yana bir qismida qomus va lug'atlar, falsafiy kitoblar, psixologiya va din, tsivilizatsiya tarixi, biografiyalar, jahon tarixi, antropologiya, ta'lim, musiqa, tasviriy san'at, rasmli hikoyalar va huquq kabi boshqa nodir kitoblar to'plamlari mavjud.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Masjidi Nabaviy Madina shahrida joylashgan bo‘lib, Islom tarixidagi eng muqaddas joylardan biridir. Masjid Muhammad sollallohu alayhi vasallam tomonidan hijratning birinchi yilida, 622 yili barpo etilgan va musulmonlar uchun Makkadagi Masjidul Harom va Quddusdagi Masjidul Aqsodan keyingi uchinchi muqaddas masjid hisoblanadi. Masjidi Nabaviydagi mehroblar masjidning tarixiy va ma’naviy ahamiyatini aks ettiradi.
Mehrob – masjidda namoz vaqtida imom turadigan va qiblani ko‘rsatuvchi joy. Masjidi Nabaviydagi kengaytirishlar va qayta qurish jarayonlarida mehroblar o‘zgarib borgan. Masjidning dastlabki ko‘rinishi sodda shaklda bo‘lib, mehrob ham biror bir narsa bilan belgilanmagan. Keyinchalik, Umaviylar, Abbosiylar, Usmoniylar va Saudiylar davrida mehroblar naqshinkor san’at namunalari bilan bezatildi.
1. Payg‘ambar mehrobi. Mehrobi Nabaviy Masjidi Nabaviydagi eng muhim va asosiy mehrobdir. Mehrob Ravzada, Payg‘ambar alayhissalomning qabrlari va minbarlari orasida joylashgan. Payg‘ambar alayhissalom davrlarida U zot namoz o‘qigan joyda biror belgi bo‘lmagan, 707-710 yilda ilk bor Umaviy xalifasi Valid ibn Abdulmalik tomonidan bu joyga birinchi mehrob o‘rnatilgan.
Masjidda hozirgi shakldagi mehrob 1482 yilda Mamluk sultoni Qaytbey tomonidan qurilgan bo‘lib, keyinchalik Usmonlilar va Saudiya podshohi Fahd davrlarida ta’mirlangan. Mehrob tilla bilan qoplangan xattotlik yozuvlari va go‘zal naqshlar bilan bezatilgan.
2. Usmoniy mehrobi. Mehrobi Usmoniy hozirda ko‘p foydalaniladigan asosiy mehrob bo‘lib, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu davrida 651 yilda masjid kengaytirilganidan qurilgan. Qibla devorining markazida joylashgan Usmon ibn Affon mehrobi o‘rnida dastlab belgi bo‘lgan.
3. Mehrobi tahajjud. Mehrob Payg‘ambar alayhissalom tahajjud namozini o‘qigan joyni bildiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tungi namozlarini Masjidi Nabaviyning ustunlaridan biri yonida o‘qir edilar. Keyinchalik bu ustun yonida mehrob qurildi, ammo so‘nggi yillardagi qayta ta’mirlash ishlarida olib tashlandi va uning o‘rniga Qur’oni karim mus'haflari uchun kitob javoni o‘rnatilgan.
4. Sulaymoniy mehrobi. Mehrobi Sulaymoniy Hanafiy mehrobi deb ham nomlanadi. Sulaymoniy mehrobi Ravzadan tashqarida, Payg‘ambar alayhissalom minbarlarining o‘ng tomonida joylashgan. Bu mehrob hanafiy mazhabidagilarning namozgohi bo‘lgan. 1532 yili Sulton Sulaymon I buyrug‘i bilan bunyod etildi.
5. Fotima mehrobi. Fotima rohiyallohu anho uylari yaqinida, tahajjud mehrobining janubida, Nabiy alayhissalom hujralari atrofida joylashgani, maqbara o‘ralgani bois mehrob ko‘rinmaydi.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.