Yomonlikdan qaytarish
Dinimiz ta'limotlariga ko'ra, kishilar o'zaro do'stlik va totuvlikka buyuriladi. Odamlarning bir-birlariga nisbatan gina-kudurat saqlashi, dushmanlik qilishi va g'iybat-bo'hton uyushtirishi qattiq qoralanadi.
Alloh taolo Hujurot surasi 12-oyatida bandalarini bunday ogohlantiradi: “Ey iymon keltirganlar! Ko'p gumonlardan chetda bo'linglar, chunki ba'zi gumonlar gunohdir. Josuslik qilmanglar. Ba'zilaringiz ba'zilaringizni g'iybat qilmasin. Sizlardan birortangiz o'lgan birodarining go'shtini eyishni yaxshi ko'radimi? Ha, yomon ko'rasizlar. Allohdan qo'rqinglar! Albatta, Alloh tavbani ko'plab qabul qiluvchidir, rahmlidir”.
Demak, biror kishi haqida badgumonda bo'lish, u to'g'rida har xil shubhaga borish yaxshi emas. Balki u chindan ham yaxshi insondir. Agar shunday bo'lib chiqsa, gumonlanuvchi o'ziga gunoh orttirgan bo'ladi. Shu boisdan ham “Ko'p gumonlardan chetda bo'linglar...” deyilmoqda.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom: “Zinhor va zinhor badgumon bo'lmanglar, chunki badgumonlik so'zning eng yolg'onidir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Afsuski, yon-atrofimizdagi, har kuni ko'rib-bilib yurgan, birga ishlaydigan, o'qiydigan birodarimizdan ham gumonlanamiz. Ko'nglimizga har xil shubhalar oralaydi. Yoki bo'lmasa, uchinchi bir odamning gapiga kirib, u haqdagi fikrimizni o'zgartiramiz. Illo, bularning barchasining zamirida yolg'on, josuslik bor. Shuning uchun ham kishi bunday illatlardan uzoqroq bo'lishi kerak ekan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan kishilar: “Yo Allohning Rasuli, g'iybat nima?”, deb so'rashdi. Rasuli Akram alayhissolatu vassalom: “Birodaringni o'ziga yoqmagan narsa bilan eslashing”, dedilar. Shunda: “Birodarimda men aytgan narsa bo'lsa-chi, bunga nima deysiz?” deyishdi. Nabiy alayhissalom: “Agar aytganing unda bo'lsa, g'iybat qilgan bo'lasan, ammo bo'lmasa, bo'hton qilgan bo'lasan”, deb javob qildi (Imom Abu Dovud rivoyati).
Birovni g'iybat qilish – og'ir gunoh. Bu haqda oyati karimada ham aniq misol keltirilgan. Shu ma'noda kishi hech kimni g'iybat qilmasligi, aks holda buning uchun Alloh taoloning huzurida javobgarlik borligini unutmasligi lozim.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamga Safiyaning sifatlari mana bular, deb sanadim. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Dengiz suviga qo'shsa, uni ham buzadigan so'z aytding”, dedilar (Abu Dovud rivoyati).
Ya'ni, g'iybat shu qadar nopok narsaki, uni hatto dengizga solsa, uning hidini ham ta'mini ham buzadi. Shuning uchun musulmon kishi o'zini g'iybatdan tiyishi bilan birga o'zgalarni ham bu illatdan qaytarishi joizdir. Bu esa unga ko'plab ajr-savoblar yozilishiga noil bo'ladi.
Hulosa o'rnida aytishimiz lozimki, g'iybat og'ir gunohdir. Shu bilan birga u ikki insonning munosabatlariga rahna soladi. Ikkisini bir-biriga yov qilib, yuzko'rmas bo'lib ketishiga sabab bo'ladi.
Shahobiddin PARPIYeV,
Asaka tumanidagi “Muhammadsolih” masjidi imom-xatibi.
Bugun, 20 noyabr kuni Termiz shahrida o‘tkazilgan «Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati» mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari buyuk mutafakkir majmuasida bo‘ldilar.
Xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan muftiylar, taniqli ulamo va islomshunos olimlar hamda mahalliy soha vakillari muqaddas qadamjoda Qur’oni karim tilovat qilib, ulug‘ muhaddis va mutasavvif haqlariga duoi fotiha o‘qidilar. Butun dunyoda tinchlik-osoyishtalik barqaror bo‘lishi, yurtimiz yanada obodlashib, ajdodlarga munosib avlodlar yetishib chiqishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Mehmonlar mahobatli maqbara, serfayz hovli hamda majmuada amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Ular O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar va allomalar merosiga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromga yuqori baho berdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati