Joriy yilning 11 oktyabr' kuni Qozog'istonning Astana shahrida Musulmon donishmandlari kengashining O'rta Osiyo filiali ochildi.
Ushbu filialning ochilishiga sabab o'tgan 2022 yilning 14–15-sentyabr' kunlari Astana shahrida bo'lib o'tgan “Jahon va an'anaviy dinlar etakchilarining VII-qurultoyi”da ishtirok etgan Al-Azhar shayxi Ahmad Toyyib janoblariga Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jumart To'qayev ushbu taklifni kiritgan edi.
Prezidentning taklifiga binoan bu yil ushbu kengashning O'rta Osiyo – musulmon donishmandlari kengashining ochilish marosimi Astana shahrida “Tinchlik va hamkorlik saroyida” bo'lib o'tdi. Mazkur kengashning qarorgohi ushbu saroyda joylashishi ta'kidlandi.
Ushbu marosimda Qozog'iston respubilikasi Senati raisi Ashimbayev Mavlan Sagatxan o'g'li, Al-Azhar universiteti qoshidagi Islom tadqiqotlar markazi direktori Naziyr Muhammad Ayad, Musulmon donishmandlari kengashi bosh kotibi Muhammad Abdussalom ishtirok etdi va nutq so'zlab, boshlangan ushbu xayrli ishga baraka tiladi.
Ma'lumot uchun, Musulmon donishmandlari kengashi xalqaro miqyosdagi mustaqil tashkilot bo'lib, unga 1435 hijriy sananing 21 Ramazon oyida, melodiy hisob bilan 2014 yil 19 iyulida asos solingan. Ushbu tashkilotning o'z oldiga qo'ygan yagona maqsadi musulmon jamiyatlarda tinchlik va barqarorlikni ta'minlashga ko'maklashishdan iboratdir. Ushbu kengash o'z atrofiga islom ummati ichidagi etuk ilmu hikmatga ega, adolat va mo'tadil qarashlari bilan tanilgan shaxsiyotlarni to'plagan.
Musulmon donishmandlari kengashining bosh qarorgohi Birlashgan Arab Amirliklarining poytaxti Abu Dabi shahrida bo'lib, u islom ummatini birlashtirish, uning parchalanishini oldini olish, insoniy qadriyatlar, islomning bag'rikenglik tamoyillariga tahdid solayotgan kuchlarga qarshi birlashishga chaqiruvchi uyushma sanaladi.
Musulmon donishmandlari kengashi raisi katta imom Al-Azhar shayxi Doktor Ahmad Muhammad Toyyib janoblari sanaladi. Musulmon donishmandlari kengashi bosh kotibi Muhammad Abdussalom.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.
Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.
Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.
Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati