Abdulloh ibn Ja'far sahobalar kabi Nabaviy tarbiyani olishga musharraf bo'ldi. U ko'p xayr-ehson qiladigan, halim va xushfe'l kishi ekanligi haqida ko'plab naql va rivoyatlar bor. Aytishlaricha, uni “Juvdul bahr” (“Saxovat dengizi”) yoki “Qutbus saxo” (“Saxiylar saxiysi”) deyishgan.
Husayn ibn Ali roziyallohu anhumo ham saxovat bobida taniqli bo'lishiga qaramay: “Abdulloh ibn Ja'far bizni saxovatga o'rgatdi”, deya uni maqtardi. Abdullohning qo'li ochiqligi va jo'mardligi zarbulmasalga aylanib, ba'zan uni malomat ham qilishgan. Uning o'zi bu haqda: “Alloh meni bir odatga o'rgatgan va men odamlarni bir odatga o'rgatganman. Agar bu odatimni tark qilsam, menga ham mol-dunyo kelmay qolishidan qo'rqaman”, degan ekan. Ya'ni Alloh taolo Payg'ambari sollallohu alayhi va sallamning duolarini ijobat etib, Abdulloh ibn Ja'farga barakali mol-dunyo berdi. U esa shuni muhtojlarga berib, ularni o'ziga o'rgatib qo'ygan edi.
Ko'pincha Abdulloh ibn Ja'far Muoviya ibn Abu Sufyonning oldiga borar, u esa Abdullohni izzat-ikrom qilardi. Hazrat Muoviyaning bu ishi xotini Foxita binti Qarazaga uncha yoqmasdi. Ayol Abdulloh ibn Ja'far roziyallohu anhumo haqida ba'zi nojoiz gaplarni ham aytib yuborardi. Bir kecha Abdulloh ibn Ja'far ularnikida mehmon bo'ldi. Tun oxirlab qolganida hazrat Muoviya Abdulloh ibn Ja'farning qiroatini eshitib uyg'ondi. So'ngra xotini Foxitani ham uyg'otib, “Mana buni eshitib qo'y”, deb unga tanbeh berdi.
Abdulloh ibn Ja'far Muoviya ibn Abu Sufyonning bu hurmatidan o'g'illaridan biriga Muoviyaning ismini qo'ydi. Bir kuni o'sha Muoviya ibn Abdullohdan: “Otangning karami qanday edi?” deb so'rashadi. U: “Otamning moli odamlardan boshqa joyda bo'lmagan. Nochorlar uning molida sherik edi. Otam kim yordam so'rasa, uni quruq qo'ymagan. Moli kamayib ketsa ham, aslo tashvish qilmas, o'zi muhtoj holga tushsa ham, yig'ib-to'plashni o'ylamasdi”, deb javob berdi.
Abdulloh xalifa Muoviya oldiga kelganida har yili unga million dirham hadya berardi. Shunga qaramay, Abdulloh xayriyani ko'p qilganidan odamlardan yana besh yuz ming dirham qarz bo'lardi. Ko'pincha uning oldiga qarzini so'rab kelganlarga: “Muoviyaning oldiga borib kelgunimcha sabr qilib turinglar”, deb tinchlantirardi. Bir kuni Muoviya uning bemahal kelganini ko'rib: “Nega kelding, ey Abu Ja'far?” dedi hayron bo'lib. Abdulloh ibn Ja'far esa nima bo'lganini aytdi. Muoviya roziyallohu anhu: “Qarzing qancha, ey Abu Ja'far?” deb so'radi. “Besh yuz ming dirhamga etdi, ey amiral mo'minin”, dedi. Unga so'ragan pulini berib, million dirham odatdagidek o'z vaqtida etib boradi, deb qo'shib qo'ydi. Hazrat Muoviyaning bu saxovati va hilmi ahli bayt vakillarini qanchalik hurmat-ehtirom qilishidan dalolatdir.
Hazrat Muoviya o'g'li Yazidga: “Madinai munavvarada bir do'stim bor, uni hurmat qil va unga yaxshilik qil”, dedi. O'g'li u kimligini qiziqib so'radi. Hazrat Muoviya: “U Abdulloh ibn Ja'far ibn Abu Tolib, Madina shahrining saxiylar amiri”, dedi. Hazrat Muoviyaning vafotidan keyin Abdulloh ibn Ja'far Yazidning oldiga kelganda u otasi berganidan ham ko'proq hadya berardi. Ibn Ja'far unga: “Ota-onam senga fido bo'lsin”, dedi. Yazid yana bir million dirham qo'shib berib: “Allohga qasamki, bundan keyin hech kimga ota-onamni fido bo'lsin, demayman”, dedi. Abdulloh ibn Ja'far Yazidning huzuridan chiqayotib unga yana ikki million berishni buyurdi.
Bir kuni Yazid o'z hojibidan: “Bu tuyalar nega eshik oldida turibdi?” deb so'radi. Hojib: “Ey amirul mo'minin, bu to'rt yuz tuyada turli mollar kelgan”, dedi. Yazid: “Bu tuyalarni ustidagi mollari bilan Abu Ja'farga berib yuboringlar”, dedi. Muoviya ham, uning o'g'li Yazid ham Abdulloh ibn Ja'far bu mollardan o'ziga olmay, muhtojlarga tarqatib yuborishini yaxshi bilgan.
Abdulloh ibn Ja'far roziyallohu anhu Nabaviy hadislarni yod olib, boshqalarga etkazgan kishilardan biridir. Imom Navaviy rahimahulloh: “Abdulloh ibn Ja'far Rasululloh alayhissalomdan jami 25 ta hadis rivoyat qilgan”, deb keltiradi. Uning rivoyatidagi hadislar “Sunan”, “Mustadrak” va undan boshqa hadis kitoblarida naql qilingan. Abu Ya'loning “Musnad”ida u rivoyat qilgan 18 ta hadis va Imom Ahmad “Musnad”ida 22 ta hadis mavjud.
“Sunan” va “Musnad” kitoblarida Abdulloh ibn Ja'fardan marhumga taom tayyorlash haqidagi hadis rivoyat qilingan: «Jangda qatlga uchrab Ja'farning o'limi xabari kelgach, Rasululloh alayhissalom: “Ja'far oilasiga taom tayyorlanglar, ularni mashg'ul qiladigan ish keldi”, dedilar». Namoz va sajdai sahv mavzusi bilan bog'liq Abdulloh ibn Ja'fardan rivoyatda Rasululloh alayhissalom: “Kim namozda shakka tushsa, salom berganidan keyin ikki marta sajda qilsin”, dedilar (Imom Ahmad, Abu Ya'lo va Abu Dovud rivoyati).
Alloh taolo Abdulloh ibn Ja'farga o'ndan oshiq farzand ato etdi. U farzandlariga anbiyolar va sahobalarning ismlarini qo'ygan.
Abdulloh ibn Ja'far hijriy 80 yili Madinai munavvarada 80 yoshida vafot etdi. Janozasida Madina va uning atrofida yashaydigan tumonat odam yig'ildi.
O'shanda shahar amiri Abon ibn Usmon edi. U Abdulloh ibn Ja'farni yuvish va kafanlashga ham bosh bo'lib, janozasini ham o'zi o'qidi. U tobutni “Baqi'” qabristoniga etib borguncha birovga bermadi. Ko'zlari yoshlarga to'lib turarkan: “Allohga qasamki, sen yaxshi eding. Yomonliging yo'q edi. Allohga qasamki, sen sharif, zarif va asil eding”, der edi.
Abdikarim ABDULLAYeV,
Qumqo'rg'on tumani “Ho'ja Mir Said”
jome masjidi imom-xatibi
Bugun, 20 noyabr kuni Termiz shahrida o‘tkazilgan «Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati» mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari buyuk mutafakkir majmuasida bo‘ldilar.
Xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan muftiylar, taniqli ulamo va islomshunos olimlar hamda mahalliy soha vakillari muqaddas qadamjoda Qur’oni karim tilovat qilib, ulug‘ muhaddis va mutasavvif haqlariga duoi fotiha o‘qidilar. Butun dunyoda tinchlik-osoyishtalik barqaror bo‘lishi, yurtimiz yanada obodlashib, ajdodlarga munosib avlodlar yetishib chiqishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Mehmonlar mahobatli maqbara, serfayz hovli hamda majmuada amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Ular O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar va allomalar merosiga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromga yuqori baho berdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati