Mashhur asar taniqli tarjimon Muhammad al-Jibali tomonidan arab tiliga o'girilgan.
Kitob taqdimoti Abdulla Qodiriyning 130 yilligini nishonlash doirasida yozuvchi nabirasi Hondamir Qodiriy, O'zbekiston yozuvchilari uyushmasi a'zolari, mamlakatimiz OAV vakillari, yozuvchi va nufuzli jurnalistlar ishtirokida o'tkazildi. Shuningdek, unda asar tarjimonlari Ayn-Shams va Luksor universitetlari professori Muhammad al-Jibali, Misr-O'zbekiston do'stlik jamiyati raisi Magdi Za'bal, mahalliy ekspertlar va OAV vakillari qatnashdi.
Tadbirni O'zbekiston elchisi Mansurbek Qilichev ochib berdi. Elchi o'z nutqida o'zbek adabiyotining buyuk namoyandalari, ularning betakror asarlari haqida so'z yuritar ekan, Abdulla Qodiriy 20 asr o'zbek adabiyotida yorqin iz qoldirganini ta'kidladi.
Qayd etilganidek, sobiq ittifoq davrida o'zbek adiblarining ko'plab asarlari xorijiy tillarga tarjima qilingan. Lekin "O'tkan kunlar" romani rus tilidan boshqa biror tilga tarjima qilinmagan. Hatto asarning rus tilidagi tarjimasi ham tsenzuraga uchrab, qator o'zgartirishlarga yuz tutdi.
Shu bois, elchixona ko'magida oradan 100 yil o'tib ushbu roman arab dunyosi o'quvchilariga ilk marotaba "O'tkan kunlar: Turkistondagi achchiq sevgi qissasi" nomi ostida taqdim etildi.
"O'tkan kunlar" romanining arab tiliga tarjima qilinishi o'zbek madaniyati, mintaqa tarixi, o'zbekona odob-axloq kabi fazilatlarni Yaqin Sharq xalqlari orasida keng targ'ib etishda xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Asar tarjimoni Muhammad al-Jibali o'z ma'ruzasida o'zbek xalqi uchun qadrdon bo'lgan ushbu asarni arab tiliga tarjima qilganidan bag'oyatda mamnunligini bildirar ekan, ushbu yo'nalishdagi sa'y-harakatlarini davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Qayd etish kerakki, tarjimada asarning eski o'zbek yozuvidagi ilk nusxasidan hamda rus va ingliz tillaridagi tarjimalaridan foydalanildi.
Mamlakatimizning Misrdagi elchixonasi ma'lumotiga ko'ra, "O'tkan kunlar" romanining arab tiliga tarjima qilishda Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan vatandoshimiz Said Mahmud Kosoniy, doktor Murtazo Saydumarov, shayx Husaynxon Yahyo Abdumajidov, Misr-O'zbekiston do'stlik jamiyati raisi, professor Magdi Za'bal, tarjimon Feruza Galiyeva hamda o'zbek tili bo'yicha mutaxassislar Rahma Ibrahim, Habiba Mehmet Ali va boshqalarning yordamlari cheksiz bo'ldi.
Chop etilgan kitob muqovasida Abdulla Qodiriy avlodlari tavsiyasiga ko'ra, "O'tkan kunlar" romanining 1925 yildagi ilk nashrining suratidan foydalanildi. Kitob qattiq muqovada va sarg'ish rangli silliq qog'ozda chop etildi. Mintaqadagi eng yirik "Dor ul-Maorif" nashriyotida 1000 nusxada chop etilgan kitobni Misrdagi barcha yirik kutubxonalar va universitetlar, ta'lim va madaniyat muassasalari, davlat idoralari, Qohiradagi diplomatik korpus o'rtasida tarqatish rejalashtirilgan. Boshqa arab davlatlarida ham mazkur roman tarjimasini qayta chop etish nazarda tutilmoqda.
"O'tkan kunlar" romanini arab tilida mutolaa qilishni istagan yurtdoshlarimiz, Toshkentdagi Abdulla Qodiriy uy-muzeyiga yoki O'zbekistonning Misrdagi elchixonasiga murojaat qilishlari mumkin.
Ushbu kitob tez fursatlarda mamlakatimizdagi yirik kutubxonalar va universitetlarga ham taqdim etiladi, shuningdek, bepul onlayn platformalarga joylashtiriladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘chma seminar bugun respublikamizning Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida tashkil etildi. Qorao‘zak tumanidagi markaziy "Idris eshon" jome masjidida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin Razov boshchiligida soha xodimlari, mahalla raislari va ziyoratchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, sayyor tadbirda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami tushuntirildi.
Ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarining 5 ta masjidi va 19 ta mahallasiga biriktirildi. Ular o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan 101 ta muammoli xonadonga kirib, o‘sha yerda yashayotganlarning holidan xabar oldi, yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi va suhbatlashdi. Ularning muammolari o‘rganilib, fikr-mulohazalari tinglandi. Imom-xatiblar 10 ta toifaga mansub 101 ta oilaga ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, masjidlar atrofida obodonlashtirish va tozalash ishlarini olib borish, ish yuritish, jamoani boshqarish jihatlari ham o‘rganildi.
Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan qavmga, "Tinchlik baxti. Shukronalik. Ilm olish fazilati. Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish. Missionerlik harakatlarining salbiy oqibatlari" kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlari imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy, masjid boshqaruvidagi ishlariga ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Tashrif davomida qoziyot qozisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak tumanidagi "Idris eshon" masjidining yangidan qurilayotgan binosining qurilish ishlari bilan tanishdi.
B.ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi