Cavol: Sheriklarim bilan jamoat bo'lib, bomdod namozini o'qiyotgan edik. Imom bo'lgan kishi zam surani o'qiyotib, suraning davomi esiga kelmay qoldi va bir oz jim turib qoldi. Keyin esiga kelib, davomini o'qidi. Bu holatda namozimiz buzilmadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim.
Bunday holatda imom suraning davomini o'qiguncha qancha vaqt o'tganiga qaraladi. Agar uch tasbih miqdoricha jim turib qolgan bo'lsa, sajdai sahv vojib bo'ladi. Ya'ni uch marta “Subhanalloh” deyish muddaticha. Undan kam muddat bo'lsa, sajdai sahv vojib bo'lmaydi. Bu haqda fiqhiy kitoblarimizda bunday deyiladi: “Hulosa gap shuki, sajdai sahvni vojib qiluvchi o'ylanib qolishning muddati borasida ixtilof bor. Biror rukn (farz) yoki vojib amalni bir rukn ado bo'lish miqdoricha o'z vaqtidan kechiktirib yuborilsa, sajdai sahv vojib bo'ladi. Fuqaholarimiz eng to'g'risi deb aytgan gap mana shudir”(“Raddul muhtor” kitobi).
Alloma Ibn Nujaym rahimahulloh “Bahrur roiq” kitobida sajdai sahvni vojib qiladigan sukutning miqdori bir rukn ado bo'lish muddatichadir deb quyidagi jumlani keltirganlar: “Va (qisqa rukn) uch tasbih aytish miqdorichadir”.
Aslida namoz o'qiyotgan kishi zam surasini o'qiyotganda davomi esiga kelmasa, qancha miqdorda o'qiganiga qarash kerak. Agar bir uzun oyat yoki qisqa uch oyat miqdoricha o'qigan bo'lsa, ruku qilsa bo'laveradi. Aks holda, davomidan boshqa oyat yoki surani o'qiydi. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
Bugun, 20 noyabr kuni Termiz shahrida o‘tkazilgan «Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati» mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari buyuk mutafakkir majmuasida bo‘ldilar.
Xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan muftiylar, taniqli ulamo va islomshunos olimlar hamda mahalliy soha vakillari muqaddas qadamjoda Qur’oni karim tilovat qilib, ulug‘ muhaddis va mutasavvif haqlariga duoi fotiha o‘qidilar. Butun dunyoda tinchlik-osoyishtalik barqaror bo‘lishi, yurtimiz yanada obodlashib, ajdodlarga munosib avlodlar yetishib chiqishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Mehmonlar mahobatli maqbara, serfayz hovli hamda majmuada amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Ular O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar va allomalar merosiga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromga yuqori baho berdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati