Alloh taolo inson zotini nima amalga buyurgan bo'lsa, hammasida inson uchun foydalar bor. Asosiy maqsad Allohning rizoligini topib, U Zotning rahmatiga etishishdir.
Masalan, tahorat olgan kishi pokiza bo'lgani bois kasallik yuqtiruvchi bakteriyalardan omon bo'ladi. Tanasini suv yuvib turgani bois qon aylanishi faollashadi. Namoz o'qish bo'g'inlarda tuz yig'ilishiga qarshilik qiladi, qon aylanishini yaxshilaydi. Zakot berish kishiga o'zining qilgan ishidan mamnunlik bag'ishlab kayfiyatini ko'taradi, yurak kasalliklaridan, xafaqonlikdan asraydi. Hajga borgan odam uzoq yo'lni yayov bosib o'tadi. Bir joyda o'tiravergan kishining ichiga yillar davomida shumlik, sershubhalik, badgumonlik va shularga o'xshash illatlar yig'ilib qoladi. Yo'l yurgan inson esa o'zi sezib-sezmay ana shu illatlardan xalos bo'lib, engil tortib qoladi.
Ro'zaning foydalari haqida tibbiyot mutaxassislari bunday deydi: immunitetni ko'taradi, semirishga monelik qiladi, buyrakda tosh yig'ilishidan saqlaydi, to'qimalarda to'planib qoladigan zaharli moddalardan tozalashga yordam beradi, shahvoniy maylni kamaytiradi, qon tomirlari torayishining oldini oladi, qon aylanishini faollashtiradi, qon bosimi ortishiga qarshilik qiladi, yurakning atrofini yog' qoplab qolishiga yo'l qo'ymaydi, bo'g'inlar shishi qaytishiga foyda beradi, ichak yallig'lanishiga, bavosil, zotiljam, bronxial astma, allergiya, ekzema, qand, saraton, tutqanoq, parishonxotirlik, o'pka va jigar kasalliklari, kamqonlikka qarshi kurashishda foyda beradi.
Bu foydaning bir jihati ignaterapiyaga ham o'xshaydi. Ignaterapiyaning mohiyati faol ishlab turgan hujayralarni igna sanchish bilan harakatdan to'xtatib qo'yib, yalqovlanib, o'lish arafasiga kelib qolgan hujayralarni ishlashga majbur qilish ekan. Ro'zada ham odam och yurgani bois tanasiga o'n bir oy davomida yig'ilib qolgan ortiqcha yog'lar erib ishlatilib ketar ekan-da, odamning jismi ortiqcha yuklardan qutulib engillashib qolar, o'sha yog'larning ostida o'limini kutib yotgan bechora hujayralar yana faol ishlab ketar ekan.
Ana bizga Rabbimizning buyuk marhamati!
Robiya JO'RAQULOVA tayyorladi.
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi