Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Noyabr, 2026   |   11 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:55
Quyosh
07:13
Peshin
12:14
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:18
Bismillah
21 Noyabr, 2026, 11 Jumadul soni, 1448

Halq va din g'ami

01.05.2024   1782   7 min.
Halq va din g'ami

Alisher Navoiyning 1465­–1469 yillari Samarqand madrasasida tahsil olishi ilmiy va ijodiy salohiyatining yanada yuksalishiga katta xizmat qildi. Bu ilm dargohida u Hoja Jaloliddin Fazlulloh Abulaysning ta'lim-tar­biyasidan bahramand bo'ldi.

Quvvai hofizasi kuchliligi tufayli Qur'oni karimni va Fariduddin Attor­ning “Mantiqut tayr” dostonini yod oldi. Shu boisdan Navoiy hazratlari ijodiga Qur'oni karim, tafsirlar va hadisi shariflar ta'siri borligini inkor etib bo'lmaydi. Buni o'zi ham tasdiqlaydi: “...Ko'prak avqotim Kalomulloh ishtig'oli va aning tafosiri qiylu qoli bila o'tar erdi, to ahodis daryosig'a g'avs qilur erdim va andin garonmoya (qimmatbaho) gav­harlar ilikka kivurur erdim”.

Davlatshoh Samarqandiy Alisher Na­voiyga “Mir Nizomid-din”, ya'ni “Dinning nizomi” deb yuksak baho bergan. Alisher Navoiy bilan bir davrda yashagan zamondoshlari uni “Nizomiddin Mir Alisher” deb ulug'laganlar.

O'tgan asrning boshlarida sho'ro mafkurasi xalqimizni Islom dini va ma'rifatidan mahrum qilib, ma'naviyatimizga katta zarar etkazdi. Afsusli jihati shundaki, ayni mafkura hukm surgan zamonda Hazrat Navoiyning hayot yo'li va adabiy merosini diniy­ tasavvufiy tamoyillardan ajratgan holda o'rganish va tahlil etish noto'g'ri va chalkash yondashuvlarni keltirib chiqardi.

Hazrat Navoiy ijodiga baho berishda dastlab Qur'oni karim, hadisi shariflar, tasavvuf, balog'at va fasohat ilmlaridan etarli darajada xabardor bo'lish kerak. Aksincha, har qanday tadqiqotchi juda jo'n va yuzaki xulosalar chiqarishi aniq.

Alisher Navoiy naqshbandiya tariqati ta'limoti va ko'rsatmalarini o'z ijodiy faoliyatida badiiy ifoda va timsollar orqali ko'rsatib berganini alohida ta'kidlab o'tish lozim. Manbalarda Alisher Navoiy ustozi va piri Nuriddin Abdurahmon Jomiyning tavsiyalariga amal qilgani aytilgan.

Islom dini ahkomlarini yaxshi bilganini deyarli barcha asarlari, ayniqsa, “Arba'in” (“Qirq hadis”), “Vaqfiya” , “Naz­mul javohir”, “Sirojul­ muslimin” yaqqol tasdiqlaydi. Alisher Navoiy mo'min banda va shoir sifatida Allohning tavhidi va shariat ahkomlaridan aslo og'ishmagan.

Hondamir bir o'rinda bu zotni nihoyat­da taqvodor, dinimiz ahkomlariga sid­qidildan va ixlos bilan amal qilib yashaganini ta'kidlaydi. Tarixchi Vosi­fiy bu benazir zot oila qurishga im­koni va layoqati bo'lishiga qaramay, zuhd va taqvo yuzasidan oila qurmagani, butun umrini din va xalq xizmatiga bag'ishlaganini aytadi. Zero, mutafakkir shoir “Nazmul javohir” asarida bunday deydi:

Iymon topqon kishiga haq rahmatidin,

G'am yo'q shayton vavasau zahmatidin.

Iymon mador o'ldi ko'ngul quvvatidin,

Ko'ngul aro quvvat o'ldi din sihhatidin.

Chindan ham hazrat Alisher Navoiy bir umr el-­yurt va millat qayg'usi bilan yashadi, shu yo'lda mol­-mulkini ayamadi, o'z nafsi va manfaatidan xalqning manfaatini ustun qo'ydi. U Husayn Boyqaro saroyida muhrdorlik va bosh vazirlik mansablarida xizmat qildi. Shu rasmiy amallarini bajarishda el-­yurtning obod va farovon bo'lishini o'ylab ish tutdi, muhtoj va faqirlarga xayru ehsonlar ulashdi. Nochor talabalar va uy-­joyi yo'q ilm ahlini uy-­joylar bilan ta'minladi. Alisher Navoiy davlat ishlarida faol ishtirok etish barobarida o'z mansabi va vazifasini suiiste'mol qiluvchi shaxslarni qattiq tanqid qildi va ularning kirdikorlarini fosh etib to'g'ri ish yuritishi va adolatdan og'ishmaslikka chaqirdi:

Adl aylaki, ul xalq hayoti bo'lmish,

Hush ul kishikim, adl sifoti bo'lmish.

Ham mulk bila adl jihoti bo'lmish,

Ham adl bila mulk saboti bo'lmish.

Shoir jamiyatda adolat bayrog'i baland ko'tarilsa, uning har bir fuqarosi o'z ishini adolat bilan amalga oshirsa, mamlakat taraqqiyot yo'liga kirishini ta'kidlamoqda.

“Mahbubul qulub” asarida ijtimoiy tabaqalarning o'rni va xizmatini bayon etib, hatto shoh Husayn Boyqaro xatoga yo'l qo'yganini ko'rganda juda nozik­ta'blik va istihola bilan eslatib o'tadi. Ayniqsa, bu asarda vazirlar, qozi, muftiy va shayxulislom kabi ijtimoiy tabaqa mas'ullarining o'z mansabidan foydalanib poraxo'rlik, gunoh ishlardan tap tortmasligi, xalqning haqidan qo'rqmasligi va bu bilan o'zlariga ham, xaloyiqqa ham katta ziyon etkazishla­rini tanqid qiladi.

Hondamirning qayd qilishicha, Alisher Navoiy o'z mablag'lari hisobidan Hirotda va mamlakatning boshqa shaharlarida bir necha madrasa, 40 ta rabot, 17 ta masjid, 10 ta xonaqoh, 9 ta hammom, 9 ta ko'prik, 20 ga yaqin hovuz qurdirgan yoki ta'mirlash ishlarini amalga oshirgan. Ular orasida Hirotdagi “Ixlosiya”, “Nizomiya” mad­rasalari, “Halosiya” xonaqohi, “Shifoiya” shifoxonasi, qorilarga mo'ljallangan “Dorul-huffoz” binosi, Marvdagi “Hus­raviya” madrasasi, Mashhaddagi “Dorul-­huffoz” xayriya binosi va boshqa noyob me'moriy yodgorliklar bor.

Alisher Navoiyni faqat shoir deb ulug'lashimiz to'g'ri emas. U xalqparvar, ilmparvar va yurtparvar shaxs bo'lganini aslo esdan chiqarmaslik kerak. U olimu fuzalolar, shoiru adiblarni o'z huzuri­ga chorlab, muntazam ilmiy-­ma'rifiy suhbatlar va bahs-­munozaralar tashkil etgan. Bu esa mamlakatda ilm ahli­ga ehtiromni oshirib, ilmga qiziqishni yanada kuchaytiradi. Alisher Navoiy ko'plab olimlar, shoir va adiblarga ho­miylik qilib, katta ijodiy ishlarni amalga oshirishlariga yaqindan yordam bergan. 

Bobomurod ERALI

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xalqaro anjuman ishtirokchilari Hakim Termiziy maqbarasini ziyorat qildilar

20.11.2026   14020   1 min.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari Hakim Termiziy maqbarasini ziyorat qildilar

Bugun, 20 noyabr kuni Termiz shahrida o‘tkazilgan «Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati» mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari buyuk mutafakkir majmuasida bo‘ldilar.

Xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan muftiylar, taniqli ulamo va islomshunos olimlar hamda mahalliy soha vakillari muqaddas qadamjoda Qur’oni karim tilovat qilib, ulug‘ muhaddis va mutasavvif haqlariga duoi fotiha o‘qidilar. Butun dunyoda tinchlik-osoyishtalik barqaror bo‘lishi, yurtimiz yanada obodlashib, ajdodlarga munosib avlodlar yetishib chiqishini so‘rab xayrli duolar qilindi.

Mehmonlar mahobatli maqbara, serfayz hovli hamda majmuada amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar.

Ular O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar va allomalar merosiga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromga yuqori baho berdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari