O'tganlar xotirasi hamisha kelajak uchun yo'l ko'rsatguvchi chiroq bo'lib kelgan. Ularning hayot yo'llari bizga doimo saboq bo'ladi. Kimki shu yo'lni tutsa kelajak qadamlarini to'g'ri qo'yishi uchun eng to'g'ri omilni topgan bo'ladi. Moziyga ibrat nazari ila boqmagan kimsalar esa adashib, pirovardida oxirsiz so'qmoqlarda yo'llarini yo'qotib qo'yadilar.
Mustaqillikning avvallaridanoq buyuk ajdodlarimizning yorqin xotiralarini ommaviy tarzda nishonlash juda ham xayrli tadbir bo'ldi. Chunki Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bizlarga o'tganlarimizni qanday xotiralash haqida chiroyli irshod qilib: “O'lganlaringizning yaxshiliklarini eslanglar”, deganlar.
Hotira va qadr kunini munosib o'tkazish esa, taraqqiyotning jadallashib borayotganidan xotira va qadru-oqibatdan g'aflatga kirib ketayotgan insonlar uchun eslatma bo'lib, o'tganlarimiz haqlariga duo va tilovatlar ko'payishiga sabab bo'ldi.
Ilgarigi davrlarda odam kirsa vahima bosadigan qabristonlarimizda obodonchilik ishlari chiroyli yo'lga solindi.
Albatta, xotiralash va eslash shunchaki yodga olish emasligini ham unutmasligimiz kerak. Aks holda o'tganlarimiz bizning quruq dabdabalarimizga muhtoj emaslar. Bu borada o'tganlarimizning o'zlari bizga etarli saboq bo'ladilar.
Inchunun, Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi – “Men Payg'ambar sollallohu alayhi va sallamning xotinlaridan birortasiga Hadicha roziyallohu anhoga rashk qilganimchalik rashk qilmaganman. Holbuki, men uni hech ham ko'rmaganman. Lekin janob sollallohu alayhi va sallam bu ayol haqida ko'p zikr qilar edilar.
Gohida qo'y so'yib, uning a'zolaridan ba'zisini ajratib Hadichaning do'stlariga yuborardilar. Gohida men ul zotga: “Go'yoki dunyoda Hadichadan boshqasi bo'lmagandek-a!” desam, u zot sollallohu alayhi va sallam: “Ha, u bo'lgan edi, bo'lgan edi! Shu ayoldan farzandlarim bo'ldi!” der edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Shahobiddin PARPIYeV,
Asaka tumanidagi “Muhammadsolih” jome masjidi imom-xatibi.
Ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand yana xayrli tashabbuslar va samarali hamkorlik maydoniga aylandi. Shu yil 18 noyabr kuni buyuk muhaddis Imom Buxoriy majmuasida o‘tgan XIV «Global Waqf» xalqaro anjumani doirasida vaqf tizimini rivojlantirishga qaratilgan qator muhim uchrashuvlar va rasmiy kelishuvlar amalga oshirildi.
Muzokaralarning eng muhim natijasi sifatida «Vaqf» xayriya jamoat fondi, Malayziyaning Xalqaro Vaqf Faoliyati Kengashi (iWAQF) hamda Malayziya Xalqaro Islom Universiteti (IIUM) o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat vaqf sohasida ta’lim va ilmiy-amaliy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, akademik almashinuvni yo‘lga qo‘yish, maxsus o‘quv modullarini yaratish va malakali kadrlar tayyorlashga keng yo‘l ochadi.
Shu bilan birga, Zayniddin domla Eshonqulov Birlashgan Arab Amirliklarining Islom ishlari, vaqflar va zakot bo‘yicha Bosh vakolatli organi delegatsiyasi hamda Turkiya Diyonat vaqfi vakili Salmon Oqtosh bilan ikki tomonlama muloqotlar o‘tkazdi. Samimiy uchrashuvlarda vaqf mulklarini zamonaviy usullarda samarali boshqarish, xayriya faoliyatini takomillashtirish va kelgusidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan aniq fikr almashildi.
Xalqaro muloqotlar ahamiyatiga to‘xtalgan Malayziyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili Arhan Shoh Anvar ilgari Malayziya, Turkiya va Marokashda o‘tkazilgan ushbu konferensiya bu gal Samarqandda tashkil etilganidan mamnunligini bildirdi. U Prezident farmoni bilan yurtimizda islom moliyasi joriy etilayotgan davrda mazkur anjuman ikki hafta avval o‘tgan Samarqand islom moliyasi konferensiyasining mantiqiy davomi ekanini, xorijiy tajriba almashinuvi esa ummat ravnaqi va O‘zbekiston manfaatlariga xizmat qilishini e’tirof etdi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar esdalik sovg‘alari almashib, xorijiy delegatsiyalar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildilar hamda buyuk muhaddisning ilmiy-ma’naviy merosi va majmuadagi bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati