II Jahon urushi 1939 yilning 1 sentyabridan 1945 yilning 2 sentyabriga qadar davom etdi. Urushda umumiy aholi soni 1,7 milliardni tashkil etgan 57ta mamlakat qatnashdi.
1941 yil II Jahon urushi boshlangach Sovet Ittifoqi hududida din va dindorlarga bo'lgan munosabat o'zgardi.
Bungacha 1917-18 yildan buyon bosqichma-bosqich din va dindorlarga nisbatan zulm va qatag'on siyosati yurgizildi.
Masalan, 1917-20 yillarda «Hujum» kompaniyasi, «Hudosizlar harakatlari» diniy muassasalar, masjid, madrasalarni vayronaga aylantirdi. 1923 yili «Turkiston sharoitida aksildiniy tashviqot olib borish» rezolyutsiyasi qabul qilindi. 1925-32 yillarda Toshkentda ochilgan «Fan va din» jurnalida din, e'tiqod qoralandi.
1937-39 yildagi qatag'onda O'zbekistonda 43 000 kishi qamaldi, 6 920 nafari otib tashlandi.
II Jahon urushida fashist Germaniyasi Sovet Ittifoqidagi ateistik siyosatni qoralab turli millat va din vakillari orasida tarqoqlikni keltirishni ko'zladi.
V.Kolarts «Sovet Ittifoqida din» kitobida 1941 yil 22 iyundagi voqealar sho'rolarni dinga qarshi olib borayotgan targ'ibotlarni to'xtatishga majbur bo'ldi, deb yozadi.
Urushning avvalgi oylaridagi katta yo'qotishlar hukumatning musulmonlarga nisbatan uzluksiz davom etgan ta'qiblarni barham berishga majbur bo'ldi va dindorlarning hukumatni qo'llashini ko'zladi.
Vaziyatni yaxshi anglagan Eshon Boboxon boshchiligidagi qardosh respublika ulamolari 1943 yil 12 iyulda SSSR Oliy Soveti Prezidiumiga O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy nazoratini ochish taklifi bilan rasmiy xat yo'llaydi va shu yilning 31 iyulida 55-qaror bilan diniy idora ochishga ruxsat olishadi.
1943 yildan buyon ishlab kelayotgan O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari Diniy nazorati 1992 yildan Markaziy Osiyo respublikalarining har birida qayta tashkil etilib, yurtimizdagisi O'zbekiston musulmonlari idorasi deya yuritila boshladi.
Muftiy Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon raisligidagi O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy nazorati tashabbusi bilan musulmonlar tomonidan II Jahon urushida Qizil Armiyasi uchun 1 280 000 so'm pul, 117 000 so'mlik obligatsiya qog'ozlari, 63 tonna bug'doy, 90 bosh qoramol yig'ib berilgan va ushbu mablag'lardan 790 000 so'mi tank kolonnasini barpo etishga ajratilgan. Pul mablag'ining qolgan 490 000 so'mlik fondi front va front ortidagi oilalarning ta'minoti uchun tashkil qilingan.
Bu ma'lumot O'zbekiston Markaziy Davlat arxivida saqlanayotgan Muftiy Eshon Boboxonning 1944 yilda I.V.Stalinga yo'llagan rasmiy xatida o'z aksini topgan.
O'zbekiston mudofaaning moddiy ehtiyojini ta'minlashda oldingi saflarda turib, nimaiki zarur bo'lsa, barchasini ayamay sarfladi. Chunonchi, urush yillarida aholi tomonidan mudofaa jamg'armasiga 649,9 million so'm naqd pul, 4 milliard 226 million so'm zayom puli, 52,9 kilo oltin va kumush topshirildi.
II Jahon urushida dunyo bo'yicha 60 millionga yaqin odam halok bo'lgan bo'lsa, O'zbekistonning 6,5 millionlik aholisidan 1,5 millioni urushga jalb etilgan. 500 mingga yaqin vatandoshlarimiz urushdan qaytib kelmagan.
Bu urush insoniyat boshiga ulkan falokatlar olib kelgani shubhasiz. Ammo, hikmat bilan fikr qilsak, har bir qiyinchilik va mashaqqat ortidan keyin xayr va engillik kelishi ayni haqiqat. Odamlar yomon ko'rgan narsada, uning tag zamirida yaxshilik bo'lishi ham mumkin.
{ إِنَّ مَعَ ٱلۡعُسۡرِ يُسۡرٗا }
[سُورَةُ الشَّرۡحِ: ٦]
"Albatta har bir og'irlik-mashaqqat bilan birga bir engillik ham bordir" - Sharh, 6.
Halokatli urush ko'plab musibatlar, yo'qotishlar va talofatlar bergan bo'lsa-da, taqdir taqazosi bilan musulmonlarga berilgan engillik odamlarning dardlariga Alloh tomonidan malham bo'ldi desak mubolag'a bo'lmaydi. Chunki, dinu diyonat masalasi xalqimiz uchun eng aziz qadriyatdir.
To'lqin Azimov, Toshkent islom instituti "Ijtimoiy fanlar" kafedrasi katta o'qituvchisi
Manbalar:
"Qur'oni karim va o'zbek tilidagi ma'nolari tarjimasi";
"O'zbekiston ulamolari" kitobi;
"O'zbekiston adabiyoti va san'ati" gazetasi, 2003 yil 25-soni.
#xabar #mahorat #imom
Bugun, 16 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan 80 nafardan ziyod voiz imom domlalar uchun Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida “Zamonaviy axborot makonida diniy-ma’rifiy soha mutaxassislarining media-targ‘ibot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb jihatlari” mavzusida 72 soatlik malaka oshirish o‘quvi boshlandi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida bo‘lib o‘tgan o‘quv kursining ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov, mazkur institut direktori Husniddin Ahmedov va tinglovchilar ishtirok etdi.
Tadbirda Homidjon domla bugungi murakkab davr barcha soha vakillari qatorida imom domlalardan ham o‘z bilim va malakalarini doimiy oshirib borish, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash yo‘lida jiddu jahd qilishni talab etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, notiqlar mazkur kursning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Ikki hafta davom etadigan mazkur o‘quvda bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mavzularda dars mashg‘ulatlari olib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati