Bismillahir Rohmanir Rohiym
“Qur'on tilovat qilinganda Uni tinglanglar va jim turinglar, shoyad rahmatga erishsangiz”(A'rof surasi, 204-oyat).
Qur'on tilovati chog'ida boshqa narsalarga chalg'imaslik talab etiladi.
Bir kishi bu haqda bunday hikoya qiladi:
“Qur'on o'qiyotgan edim, qo'limda Mushaf bor edi. Telefonimga kelgan xabarlarni o'qish fikri xayolimga keldi. Men qiroatdan to'xtab, telefonimga kelgan xabarlarni birin-ketin o'qiy boshladim. Mushaf qo'limda turar edi. Habarlar orasida Molik ibn Dinor rahimahullohning quyidagi so'zlarini o'qib, o'zimdan uyalib ketdim: “Kim maxluqotlarning so'zidan voz kechib, Allohning So'ziga ulfat bo'lmasa, batahqiq, uning ilmi kam, qalbi ko'r bo'libdi va umrini zoe qilibdi”.
Doktor Ahmad Iso al-Ma'saroviy
Abdulloh ABDULMAJID tayyorladi
Yurtimizda har yili 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami sifatida keng nishonlanadi. Bu ayyom jamiyatimizda muallimlarga ko‘rsatilayotgan cheksiz hurmat-ehtiromning ramziy ifodasi bo‘lib, aslida, ustozni ulug‘lash ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan eng go‘zal qadriyatlardan biridir.
Muqaddas dinimizda ilm ahli va ustozlarning maqomi nihoyatda yuksak. Qur’oni karimning Mujodala surasi 11-oyatida ularning obro‘-e’tibori naqadar baland ekani shunday bayon qilinadi: «...Alloh sizlardan imon keltirganlarni va ilm berilganlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur».
Kasb bayrami munosabati bilan Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi va hududdagi jome masjidlar imom-xatiblari, shuningdek, Nukus shahridagi «Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri hamda mudarrislari ishtirokida xayrli tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida ko‘p yillar davomida diniy sohada samarali mehnat qilib, yoshlarga ilm-ma’rifat ulashgan va bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan faxriy ustozlarning holidan xabar olindi. Ulamolar va diniy soha xodimlari muhtaram ustozlarni bayram bilan samimiy muborakbod etdilar.
Alloh taolo dinimiz ravnaqiga beminnat xizmat qilgan aziz ustozlarimizga mustahkam sog‘lik, mazmunli umr va oilaviy xotirjamlik ato qilsin!
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati