“Masjid al-Harom” va “Masjid an-Nabaviy” ishlari boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda ushbu ikki muqaddas masjidning imom-xatiblari va mashhur voizlari nomidan faoliyat yurituvchi akkauntlarga qarshi qat'iy ekanini bildirdi.
“IQNA” saytining “Al-Khaleej” ga tayanib xabar berishicha, “Masjid al-Harom” va “Masjid an-Nabaviy”ishlari boshqarmasi ushbu ikki muqaddas masjidning imomlari va mashhur notiqlari nomidan ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yurituvchi akkauntlarga qarshi kurashda qat'iy qaror qilganini ma'lum qildi.
“Masjid al-Harom” ishlari boshqarmasining diniy ishlar bo'yicha o'rinbosari Badr ash-Shayx, “Masjid al-Harom” va “Masjid an-Nabaviy” ning imomlari va muazzinlarining ijtimoiy tarmoqlarda hech qanday akkauntlari yo'qligi va ularning nomi ostidagi akkauntlarda qanday mavzular e'lon qilinganini tushuntirdi, ularning shayxlarga hech qanday aloqasi yo'qligini aytdi. Bu akkauntlar soxta bo'lib, ularning egalariga vakolatli organlar tomonidan qattiq choralar ko'riladi, dedi u.
Yakunda, shuningdek, barcha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga ushbu akkauntlarga obuna bo'lishdan tiyilib, muqaddas qadamjolar va boshqa tegishli masalalarga oid har qanday ma'lumotni faqat “Masjid al-Harom” va “Masjid an-Nabaviy” ishlari boshqarmasining rasmiy akkauntlari orqali olishlarini tavsiya qildi. Bu bayonot “Masjid al-Haromda faoliyat olib boruvchi imomlar va muazzinlar nomi ostidagi akkauntlarda yaqinda noaniq hadislar e'lon qilingani va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining keng qarshiligiga sabab bo'lganidan so'ng paydo bo'ldi.
“Masjid al-Harom” va “Masjid an-Nabaviy” idorasining so'nggi bayonotida: “Masjid imomlari va ikki muqaddas joy muazzinlarining ijtimoiy tarmoqlarda maxsus akkauntlari yo'q”, - deyilgan.
Saudiya Arabistonida Tvitter, Feysbuk va Instagram juda mashhur, biroq bu tarmoqlardagi saudiyalik foydalanuvchilarning faolligi mamlakat xavfsizlik organlari tomonidan qattiq nazorat qilinadi. Shuningdek, saudiyaliklar Tvitterning eng muhim aktsiyadorlaridan biri bo'lganligi sababli ular foydalanuvchi ma'lumotlariga, ayniqsa, uydirma nomlar ostida faoliyat yurituvchi foydalanuvchilarga keng foydalanish imkoniyatiga ega ekani xabar qilingan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 25 iyun kuni Indoneziya haj va umra asossiatsiyalarining doktor Muslim Iskandar boshchiligidagi vakillari O‘zbekiston musulmonlari idorasida bo‘lishdi. Mehmonlar bilan diniy idora raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov uchrashuv o‘tkazdi.
Sakkiz nafar delegatsiya a’zolari: Doktor Muslim Iskandar, Asip Bisma Supriatna, Zaid Muslim Iskandar, Mustain Xattob, Muhammad Atsir Abdulaziz, Jannatul Ma’vo, Muhammad Iqbol hamda Hilman Parifiy birma-bir o‘zlarini tanishtirib, “Umra +” loyihasini o‘rganish maqsadida 3400 ta turfirma nomidan vakil bo‘lib kelishganini bildirishdi.
Uchrashuv avvalida Homidjon domla mehmonlarni tashrif bilan qutlab, kelganlari uchun minnatdorlik bildirdi. So‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy, turizm va boshqa sohalarda bo‘layotgan yangilanishlar haqida aytib o‘tdi. Xususan, 2017 yilda tamal toshi qo‘yilgan Islom sivilaziyasi markazi, qayta bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi, Hazrati Imom dahasida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlariga to‘xtaldi.
O‘z navbatida delegatsiya rahbari Muslim Iskandar ularga bu taklifni bildirgan “Real Dreams” sayyohlik firmasidan minnatdor ekanliklarini aytib, O‘zbekiston haqida juda ham ijobiy taassurotlarda ekanini ta’kidladi. Birgina Toshkent shahridagi o‘rganishlari natijasida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasi istiqbolli ekani, hali Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadim va navqiron shaharlarni ham borib ko‘rishlarini, lekin hozirdanoq “Umra +” loyihasi juda istiqbolli ekaniga amin bo‘lganini bayon etdi.
Delegatsiya a’zosi, “Kasturi” birlashmasi rahbari Muhammad Atir 2017 yilda ham O‘zbekistonga kelganini, o‘sha payt bilan oradan o‘tgan qisqa vaqtdagi ulkan o‘zgarishlardan hayratda ekanini aytib, bu ishlar yurtning allamolariga, ilmiy-ma’rifiy merosga bo‘lgan e’tiboridan darak ekaniga urg‘u berib o‘tdi.
Shuningdek, delegatsiyaning boshqa a’zolari – Indoneziyaning “Amphuri”, “Hagatama”, “NRA Group Ltd.” “Jannatul Ma’wah”, “Himpuh” kabi minglab turfirmalarni birlashtirgan asossiatsiyalari rahbarlari ham musulmon sayyohlar e’tibori va oqimini O‘zbekistonga bemalol yo‘naltirish mumkinligini, bu xayrli ish ikki davlat uchun ham har tomonlama manfaat keltirishini ta’kidlashdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati