Ezgulik so'qmoqlarida o'zingizdan iz qoldiring. Chunki buning oxiratda ajr-mukofoti bo'ladi. Allohning huzurida aslo zoye bo'lmaydi. Axir Alloh taolo bu haqda aytgan-ku: “Albatta, Biz, O'zimiz o'liklarni tiriltirurmiz va ular taqdim qilgan narsalarni va qoldirgan asarlarni yozurmiz”(Yosin surasi, 12-oyat).
Siz soyasida soyalanayotgan daraxtni sizdan oldin kimdir ekkan. Sizdan keyingilar soyalanishi uchun ko'chat o'tkazishni siz ham yodingizdan chiqarmang.
O'zingizdan mutlaqo iz qoldirmagan holda dunyodan ketmang. Negaki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Qaysiki musulmon ekin eksa, undan eyilgani u uchun sadaqa bo'ladi, o'g'irlangani ham sadaqa bo'ladi, yovvoyi hayvonlar egani ham sadaqa bo'ladi, qushlar egani ham unga sadaqa bo'lib yoziladi. Hatto kimdir uni shikastlaydigan bo'lsa ham ekkan odam uchun sadaqa bo'ladi”.
Bittagina o'simlikdan minglab tirik jonzotlar manfaatlanishini bilar ekansiz, endi o'ylab ko'ring, bog'bonlar, dehqonlar o'zlari bilmagan holda qancha savoblarga erishar eknalar!
Yerga hamma uchun foydali narsa ekkan odamga naqadar yaxshi!
Farzandlarining, ahli-oilasining qalbiga din muhabbatini ekkan odamga esa undan ham yaxshi! Undan baxtli, undan katta savobli odam yo'q dunyoda!
Endi mana shu erlarni saqlab qolish uchun uni qonlari, terlari bilan sug'organ, Alloh uchun tinimsiz sa'y-harakat qilganlarni-ku qo'yaverasiz. Ularni Allohning O'zi munosib mukofotlaydi!
Birovning kitobiga o'zingizdan qo'shimcha varaq qo'shmang, chunki o'rniga-o'rin topilganda sizdan behojat bo'lishadi.
Bugun bir daraxt eking, ertaga soyasida uxlaysiz. Zotan insonning qiymati tug'ilganidan to vafotiga qadar hayotga qo'shgan hissasiga qarab bilinadi.
Nomini zikr etish bilan qalblar yorishadigan o'liklar qayerda-yu, nomini esga olsang afti-angoring buziladigan tiriklar qayerda?!
Imom Shofeiy rohimahulloh aytadi: “Ba'zi odamlar vafot etishsa-da, yaxshiliklari o'lmadi! Yana ba'zi odamlar borki, xuddi o'lik kabi yashaydilar!”
Agar odamlarga foyda beradigan biror fikringiz bo'lsa, uni albatta taqdim eting yoki mahoratingiz bo'lsa yozma uslubdami, she'riy uslubdami bayon eting. Ehtimol kitob yozib o'zingizdan iz qoldirarsiz! Iqtidoringizni hijolatchilik yoki qo'rquv singari ayrim omillar sabab yuzaga chiqara olmayotgan bo'lsangiz, o'z nomingizni kelajakda yozilajak tarixdan o'chirayotgandek, bu ummatni bunyod etish uchun o'z g'ishingizni qo'yishdan baxillik qilayotgandek bo'lasiz. Shunday ekan mahoratingiz bor ishni albatta bajaring!
Doktor Hasson Shamsi Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand yana xayrli tashabbuslar va samarali hamkorlik maydoniga aylandi. Shu yil 18 noyabr kuni buyuk muhaddis Imom Buxoriy majmuasida o‘tgan XIV «Global Waqf» xalqaro anjumani doirasida vaqf tizimini rivojlantirishga qaratilgan qator muhim uchrashuvlar va rasmiy kelishuvlar amalga oshirildi.
Muzokaralarning eng muhim natijasi sifatida «Vaqf» xayriya jamoat fondi, Malayziyaning Xalqaro Vaqf Faoliyati Kengashi (iWAQF) hamda Malayziya Xalqaro Islom Universiteti (IIUM) o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat vaqf sohasida ta’lim va ilmiy-amaliy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, akademik almashinuvni yo‘lga qo‘yish, maxsus o‘quv modullarini yaratish va malakali kadrlar tayyorlashga keng yo‘l ochadi.
Shu bilan birga, Zayniddin domla Eshonqulov Birlashgan Arab Amirliklarining Islom ishlari, vaqflar va zakot bo‘yicha Bosh vakolatli organi delegatsiyasi hamda Turkiya Diyonat vaqfi vakili Salmon Oqtosh bilan ikki tomonlama muloqotlar o‘tkazdi. Samimiy uchrashuvlarda vaqf mulklarini zamonaviy usullarda samarali boshqarish, xayriya faoliyatini takomillashtirish va kelgusidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan aniq fikr almashildi.
Xalqaro muloqotlar ahamiyatiga to‘xtalgan Malayziyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili Arhan Shoh Anvar ilgari Malayziya, Turkiya va Marokashda o‘tkazilgan ushbu konferensiya bu gal Samarqandda tashkil etilganidan mamnunligini bildirdi. U Prezident farmoni bilan yurtimizda islom moliyasi joriy etilayotgan davrda mazkur anjuman ikki hafta avval o‘tgan Samarqand islom moliyasi konferensiyasining mantiqiy davomi ekanini, xorijiy tajriba almashinuvi esa ummat ravnaqi va O‘zbekiston manfaatlariga xizmat qilishini e’tirof etdi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar esdalik sovg‘alari almashib, xorijiy delegatsiyalar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildilar hamda buyuk muhaddisning ilmiy-ma’naviy merosi va majmuadagi bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati